Namanganda “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazildi
Namanganda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamda viloyat hokimligi hamkorligi “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazildi. Unda poytaxtdan tashrif buyurgan, shuningdek, viloyatda yashab ijod qilayotgan madaniyat va sanʼat namoyondalari, el suygan taniqli aktrisa va aktyorlar, shoir va yozuvchilar, xalq taʼlimi xodimlari, talaba-yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati matbuot xizmati.
Festival doirasida joylarda aholining keng qatlamlari, avvalo, yoshlarda Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy urf-odat, anʼana va qadriyatlarning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga yoʻnaltirilgan uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi. Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, anjuman va davra suhbatlari, adabiy-badiiy kechalar uyushtirildi.
Viloyat markazidagi “Oydin plaza” mehmonxonasi konferensiyalar zalida “Maʼnaviyat festivali” va uning doirasidagi tadbirlar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Uning yakunida “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining Namangan viloyatidagi aʼzolariga xizmat guvohnomasi va koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Shundan soʻng ishtirokchilar Toʻraqoʻrgʻon shahridagi madaniyat markaziga keldilar. Bu yerda boshlangan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan ona tilim” deb nomlangan adabiy-maʼrifiy tadbir ijodkorlarning ajoyib sheʼrlari bilan diltortar mushoira kechasiga aylandi.
Isʼhoqxon Toʻra Ibrat majmuasiga sayohat maʼrifatparvar yurtdoshimizning haykali poyiga gul qoʻyish marosimi bilan boshlandi. Majmuadagi xorijiy tillarni oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati bilan tanishuv, xususan, mazkur dargohda tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarning izlanish va intilishlari mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Festival dasturiga muvofiq, ishtirokchilar “Axsikent” tarixiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyuradilar. Koʻhna shahar xarobalari yonida joylashgan muzey binosida “Buyuk tarixdan buyuk kelajak sari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Ikki kun davom etgan anjumanda, shuningdek, Namangan shahridagi 11-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi faollar zalida “Bobom, buvim va men” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy, targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Unda viloyatdagi eng namunali oilalar vakillari, nuroniylar, ijodkorlar, maʼnaviyat targʻibotchilari hamda yoshlar vakillari ishtirok etdi.