Oila tayanchi, millat tarbiyachisi
Globallashuv davrida insoniyat ma’naviy tanazzulni boshdan kechirmoqda, oila instituti inqirozga uchramoqda. Qurilayotgan har yuz oiladan o‘ntasining buzilayotgani, bu o‘rinda ko‘p hollarda ayollarning jabrdiyda bo‘lib qolayotgani og‘riqli nuqtalardandir. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova bergan ma’lumotlarga ko‘ra, amaliyotda bir mahalladan turmushga chiqqan 27 qizning 70 foizi ajrashib ketayotgan holat ham uchragan.
Bu kabi muammolarni hal etish, jamiyatda ayolni e’zozlash, unga oila tayanchi, millat tarbiyachisi sifatida ehtirom ko‘rsatish, oilalarni mustahkamlashga ayni kunda davlat miqyosida e’tibor qaratilmoqda. Shu yil 2-sentabrda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, 2018-yil 3-iyuldagi “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va boshqa bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar mana shu maqsadga qaratilgan.
Oila — jamiyat hayotining ko‘zgusi
— Gender masalasi tarixi Markaziy Osiyo hududida ancha oldingi davrlarga borib taqaladi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Baxtiyor Bobojonov. — Hatto O‘rxun-Enasoy bitiklarida ham “xotun”, “xonim” tarzida ayollarning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini ko‘rsatuvchi jumlalar keltirilgan. Ayollar ulug‘langan. Otinoyi, bibi kabi ziyoli ayollarning jamiyatdagi o‘rni alohida bo‘lgan. Bugungi kunda ham ayolning o‘rnini oila qo‘rg‘onidan tortib, deputat kursisigacha ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni ham gender, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Ayollarni oiladan ayro tasavvur eta olmaymiz. Oiladagi muhit jamiyat hayotining ko‘zgusi hisoblanadi hamda kuchli, barqaror va farovon davlat qurishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilada ayollarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, yarashtirish komissiyalarining faoliyatini, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, oilaviy an’analarni saqlab qolish, shuningdek, ayollarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish muhim vazifa hisoblanadi. Ayniqsa, gender tengligi masalasida O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida quyi o‘rinda turishi masalaning dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Ajrimlarga nima sabab bo‘lmoqda?
Ayollar, oila, gender masalasidagi asosiy muammo ajrashishlar dinamikasining o‘sib borishi bo‘lib, unga iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, ma’naviy-axloqiy omillar ta’sir o‘tkazmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizdagi oilaviy ajrimlarning asosiy sabablari oiladagi mavjud moddiy ahvolning qoniqarli emasligi va maishiy masalalar yuzasidan kelib chiqadigan turli janjallar (26 foiz), noqulay shaxsiy munosabat, ya’ni xarakterning to‘g‘ri kelmasligi (19,3 foiz), ichkilikbozlik tufayli tan jarohati yetkazish (16 foiz), xiyonat (10 foiz), qarindoshlar va ota-onalar bilan o‘zaro munosabatlardagi noxush holatlar (10 foiz) hisoblanadi.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining 2018-yili o‘tkazgan so‘rovnoma natijalari bo‘yicha esa 34,5 foiz holatlarda oilalarning barbod bo‘lishiga yoshlarning oilaviy hayotga tayyor emasligi sabab bo‘lgan. “Oila” markazi o‘tkazgan so‘rov natijasida esa farzand yo‘qligi, er-xotindan birining kasalligi kabi sabablar ham aniqlangan. Hatto to‘y udumlari, marosimlarini o‘tkazish bilan bog‘liq kelishmovchiliklar yosh oilalarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistikasi ajrashish natijasida ayollar reproduktiv funksiyasining buzilishi, reproduktiv yoshdagi yoshlarning butun kasalliklari va mehnatga layoqatsizligining 30 foizi asosida ajrashish, oiladagi muammolar, ularning psixologik ta’siri yotishini ko‘rsatadi. Ajrashgan erkaklar esa ichkilikbozlik, kashandalikka ruju qo‘yadi.
Respublika onkologiya ilmiy markazi ma’lumotiga ko‘ra, ajrashish koeffitsiyenti yuqori bo‘lgan hududlarda ayollarda ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanishning yuqori darajasini kuzatish mumkin.
Oilaviy mediatsiya — yangi tushuncha
Oilalarni mustahkamlash va ayollarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, nizo va kelishmovchiliklarga barham berishda yangi usul — mediatsiya joriy etildi. Xo‘sh, mediatsiya qanday usul? Uning yarashtirish komissiyasi, sud ishidan nima farqi bor?
— Oilada nizo, kelishmovchilik yuzaga kelganda har bir taraf faqat o‘zining manfaatini hisobga oladi, faqat o‘zi g‘olib bo‘lishni xohlaydi, — deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Gulnora Eshonxonova. — Shunday holatda xolis uchinchi taraf aralashuvisiz muammoni hal etish — imkonsiz. Mediatsiya lotincha “mediatio” o‘rtadagi vositachilik degan so‘zdan olingan bo‘lib, betaraf va xolis uchinchi tomon (mediator) yordamida nizoni hal etish usulidir. Mediatsiya AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Yaponiya, Hindiston, Rossiya va boshqa ko‘p davlatlarda turli nizolarni hal etishda qo‘llaniladi. Mediatsiya — bu huquqiy jarayon. Unda tomonlar nizoni sudga murojaat etmay yoki ish sudda bo‘lsa, sud qaror qabul qilgunga qadar hal etishadi. Mediatsiyani barcha holatda qo‘llab bo‘lmaydi. Masalan, ayol jismoniy zo‘ravonlikka uchraganda uni qo‘llash maqsadga muvofiq emas. Jismoniy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsni majburan yarashtirish o‘z joniga qasd qilish, qotillik kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yana shuni yodda tutish kerakki, mediatsiya psixologik yoki yuridik yordam berish yoki tarbiya vositasi emas. Mediatsiya shaxsning o‘zgarishiga kafolat bermaydi, ammo ta’sir etishi mumkin. Mazkur usul ixtiyoriylik, tomonlarning teng huquqliligi, mediatorning mustaqil va xolis(betaraf)ligi, maxfiylik prinsiplari asosida ishlaydi.
Sud jarayoni bir tarafning roziligisiz boshlansa, mediatsiya ikki tarafning roziligi bilan amalga oshiriladi. Sudyani tanlash mumkin emas, mediatorni taraflar tanlaydi. Sud qonunga asoslanib qaror qiladi. Mediatsiyada tomonlar o‘z manfaatidan kelib chiqib, bir qarorga kelishadi. Sud qarorni majburiy ijroga yo‘naltiradi, mediator taraflarning o‘zlari bir qarorga kelishiga ko‘maklashadi.
Oilaviy mediatsiyani qo‘llash natijasida oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar, oilaviy muhit yaxshilanadi, hatto er-xotin ajrashgan taqdirda ham ularning farzand tarbiyasidagi huquq-majburiyatlari to‘g‘ri bajariladi.
Mustahkam oila birgalikda barpo etiladi!
Bugungi ta’lim-tarbiya jarayonining asosiy muammosi shaklga ko‘proq urg‘u berilib, mazmun chetda qolayotgani, siyosiy, ijtimoiy, huquqiy jarayonlardagi barcha yangiliklar ta’lim-tarbiya jarayonida birday aks etmayotgani, yoshlarni oilaga tayyorlashga yetarli e’tibor berilmayotgani, bu jarayonda biryoqlamalikka yo‘l qo‘yilayotganidir. Ko‘p kuzatamiz, ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda negadir doim yoshlarni oilaga tayyorlash deganda qizlar tarbiyasi to‘g‘risida gap ketadi. Ularni saranjom-sarishta, uy ishlariga uquvli, xushmuomala, sabrli, shukrli etib tarbiyalash yangi quriladigan oilalarning mustahkamligi kafolati sifatida qaraladi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Oila birdamligida ayolning o‘rni katta. Biroq oila bir kishidan iborat emas, u ikki insonning ittifoqi. Shunday ekan, oilaga qo‘rg‘on yigitlarni tarbiyalash ham muhimdir. Axir, ayolni e’zozlaydigan erkakni tarbiyalash oila birdamligining asosi emasmi?!
Oilaga ayol kishi mas’ul deb hisoblaydigan, farzand tarbiyasidek mashaqqatli ishda unga yelkadosh bo‘lmaydigan erkak otalik mas’uliyatini ham his eta olmaydi. “Oila” markazi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, o‘smir-yoshlarning “erkak-ayol” munosabatlari haqidagi tasavvuri noto‘g‘ri yoki mutlaqo shakllanmagan. 58 foiz yigitlarning fikricha, ayol kishi bilan muloqot cheklangan taqdirdagina oiladagi nizolar nisbatan kam ro‘y beradi. Ya’ni, dastlab er xotini bilan sovuqroq, qosh-qovog‘ini osiltirib muomala qilishi rejalashtiriladi. Ularda (50 foiz ishtirokchilarda), shuningdek, rafiqasini hurmat qilib, uning barcha istaklarini ro‘yobga chiqaraverish natijasida, erkaklik fazilatlariga futur yetkazadi, degan tushuncha ham bor.
Eng yomoni, ko‘plab yigitlar barcha moddiy muammolarni badavlat oiladan bo‘lgan qizga uylanish orqali osongina hal etish mumkin, deb hisoblaydi. Bu kabi boqimandalik, qaramlik kayfiyatidagi yigitlar oilaga tayyor emas. Ular otalik va erlik mas’uliyatini o‘z zimmasiga ololmaydi. Bu esa kelgusida ajrashishlar soni yanada o‘sishi, bolalarning otasiz noto‘liq oilalalarda ulg‘ayishiga sabab bo‘ladi.
Sanobar JUMANOVA,
“Ma’rifat” muxbiri