O‘quvchini qanday qilib kitobxonga aylantiramiz?
Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy “Kitob — beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbayi”, deya mutolaaning inson hayotida tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratgan. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini kitobxonlikka o‘rgatishda muhtaram muallimlarimiz nimalarga e’tibor qaratishlari kerak?
Bugun shiddat bilan rivojlanayotgan davrda intellektual salohiyatli, bilimli, kitobxon avlodni tarbiyalash pedagoglar oldidagi asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Bu ishlarni amalga oshirishda biz tayanadigan asosiy manba bu — KITOB.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir chiqishida yoshlar ta’lim-tarbiyasi xususida alohida to‘xtaladi. Davlatimiz rahbarining “Ayni paytda, axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’ribor qaratish lozim bo‘ladi. Buning uchun, avvalo, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berishimiz muhim ahamiyat kasb etadi” degan fikrlari biz, pedagoglar uchun yoshlarni mutolaaga o‘rgatishda muhim dasturilamaldir.
Kitob hamma davrlarda insoniyatning eng ulkan kashfiyoti bo‘lib, ajdodlar tajribasini jamlash va hayotga tatbiq etishga ko‘maklashadi. Qabilalar, odamlar, davlatlar yo‘qolib ketavergan, ammo ulardan kitob qolgan. Bola kitob orqali atrof-olamning rang-barangligini ko‘radi va o‘zini qiziqtirayotgan turli savollarga javob topadi.
Adabiyotshunos olim, professor Safo Matchon “Kitobxonlik o‘qilgan kitoblar soni bilan belgilanmaydi, balki u tushunib o‘qish, ya’ni maqsadli o‘qishdir. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kitobxonning yozuvchi aytmoqchi bo‘lgan fikrini nechog‘lik uqishi, ya’ni asar “tili”ga tushunishi kitobxonlik madaniyati, talanti darajasini ko‘rsatadi. Shu tufayli adabiyotimiz talantli yozuvchilar bilan birga talantli kitobxonlarga ham hamisha ehtiyoj sezadi”, deb aytgan.
Kitobxonlik talanti tug‘ma emas, balki tarbiya vositasida kamol topadi. Kitobxonlik haqida gap ketganda, olmon mutafakkiri Gyotening quyidagi fikrini keltirish joiz: “Kitobxonlikka o‘rganish uchun qanchalik ko‘p vaqt sarf qilinishini odamlar tasavvur qilmaydilar, buning uchun men hayotimning 80 yilini bag‘ishladim, lekin hali ham o‘rgandim, deb aytolmayman”.
Bolalar kitobxonligini shakllantirishda maktab hamda ota-ona zimmasiga nihoyatda mas’uliyatli vazifa yuklanadi. Buning uchun ota-onaning o‘zi ham yuksak didga ega, ma’rifatli va ma’naviyatli bo‘lishi kerak.
Bola o‘qishni bilgan taqdirdagina, kitob uning ma’naviy hayotida muhim rol o‘ynaydi. Buning uchun dastlabki turtki oilada beriladi: birinchi bor o‘qib berilgan kitob bolani kitobxonlik sari boshlasa, ota-onaning qo‘lida kitobni ko‘rishi uning doimiy qiziqishiga sabab bo‘ladi. Kitob bilan ana shu birinchi tanishuv bolaning keyingi hayotida muhim ahamiyatga ega.
Gulbahor ESHOVA, G‘ijduvon tumanidagi 12-maktab o‘qituvchisi