Millat “ko‘zgusi”dan ayrilmasin
Yodimda: bolaligimda bobom ishdan qaytganida xurjunida ro‘zg‘orga kerakli narsalar bilan birga kamida ikki dona gazeta ham bo‘lardi. Xurjunni buvimga tutqazardi-da, gazetalarni olib, xonasiga kirib ketardi. Ko‘zoynagini burnining ustiga qo‘ndirgancha, ularni tinmay varaqlar, dasturxon boshida esa o‘qiganlarini biz bilan bo‘lishardi. Buvim birorta gapga e’tiroz bildirgudek bo‘lsa, u darg‘azab bo‘lib, “Gazetchilar yozdimi, demak, bo‘ladi, ular xalqni aldamaydi”, derdi qat’iy ohangda. Keyin hammamiz xursand bo‘lardik. Bobomning yangi gazeta olib kelishini, bizga har gal muhim va qiziqarli xabarlar aytib berishini kutardik.
Men bir o‘qituvchi sifatida bugun “obuna majburiy emas”, degan tushunchani o‘ziga “qurol” qilib, gazeta mutolaasidan uzoqlashib borayotgan, ijtimoiy tarmoqlardagi yarmi rost, yarmi yolg‘on ma’lumotlar bilan cheklanib, o‘zi ham shu virtual olam qobig‘iga “o‘ralib” qolayotgan ba’zi hamkasblarimga, yurtdoshlarimga hayron qolaman. To‘g‘ri, o‘zimiz istamagan, sohamizga umuman aloqasi bo‘lmagan ba’zi nashrlar uchun majburan pul to‘lagan vaqtlarimiz ham bo‘ldi. Biroq so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilgan odilona siyosat tufayli qaysi nashrlarni o‘qishimiz, obuna bo‘lishimiz o‘z ixtiyorimizga qo‘yib berildi. Buning yaxshi tomoni oliy ma’lumotli shaxs sifatida oladigan ma’lumotimizni tanlash huquqiga ega bo‘ldik. Haqiqatan ham, biz hamma nashrni o‘qishga majbur emasmiz. Bunga vaqtimiz ham, jismoniy quvvatimiz ham yetmaydi. Ayniqsa, iqtisodimizni o‘zimiz uchun keraksiz deb bilgan chiqimlardan tejashga erishdik.
Masalaning yana bir jihati: “obuna majburiy emas” degan g‘oyani ko‘pchilik “endi umuman gazeta o‘qishimiz shart emas” qabilida ongiga singdirdi. Xo‘sh, bu haqiqatga qanchalik yaqin? Gazeta o‘qimay turib, ertangi kunimizni qanday tasavvur qilamiz? Biz o‘quvchilarga targ‘ibot qilayotgan kitobxonlikka yo‘l, aslida, matbuot mutolaasidan boshlanmaydimi? Eng sevib o‘qiydigan asarlarimiz mualliflarining tarjimayi holi bilan tanishsak, ularni, avvalo, gazeta tanitgan va tarbiyalaganini bilib olamiz. Demak, inson dunyoqarashining boyishi va faoliyatdagi har bir unumdorlikda matbuotning o‘rni muhim.
Mamlakatimiz hayotiga oid muhim nashrlar borki, ularni o‘qimay, yangiliklardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lmay turib, faoliyatimizda kutilgan samaradorlikka erisholmaymiz. Yon-atrofimizdagi zamonamiz qahramonlari, ular olib borayotgan ishlar, yurtimiz hayotida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar tahlili, qaysi sohalarga qanday imkoniyatlar berilayotgani, xotin-qizlar va yoshlarning siyosiy jarayonlardagi rolini bilmay turib, o‘quvchilarga bu haqda to‘liq ma’lumot berolmaymiz. Ularni o‘zimizni sohadan boshqa muhim o‘zgarishlar bilan qiziqtirolmaymiz. Ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarning rost-u ig‘voligini, kerakli-keraksizini aniqlashga ortiqcha vaqt sarflashimizga to‘g‘ri keladi.
Tan olaylik, biror gazetada kichik xabarimiz yoki farzandimizning jajji ijodiy ishi yoritilsa, qanchalik xursand bo‘lamiz. Hamkasblarimiz, yaqinlarimiz oldida maqtangimiz, ko‘z-ko‘z qilgimiz keladi. Ish tajribamizni ommalashtirish, faolligimizni namoyon etish uchun ham matbuot biz uchun eng yaxshi va qulay minbarligini bilamiz. Gazeta sahifalarida ism-familiyamiz chiqishini istar ekanmiz, unda biz uchun ajratiladigan minbar muhim ekan, nega unga obuna bo‘lishga kelganda bo‘yin tovlaymiz? Biz xohlamasak, yana kimdir buni muhim deb bilmasa, matbuotning — millat ko‘zgusining taqdiri nima kechadi? Bu nafaqat soha xodimlari, balki keng jamoatchilik, barcha soha vakillari oldida turgan muhim vazifadir. Aslida, internet trafigi uchun sarflayotgan mablag‘imizning ma’lum qismini obunaga yo‘naltirsak, yil davomida gazeta o‘qish imkoniga ega bo‘lamiz. Obunani majburiyat emas, fuqarolik burchimiz deb bilaylik. Shunda dasturxon boshida nevaralarimiz, farzandlarimizga tinimsiz “yonib ketibdi”, “avariya bo‘libdi”, “urib o‘ldiribdi”, “otib tashlabdi”, “o‘g‘rilabdi” kabi xabarlarni gapirib, vahimaga solmasdan, ularni yurtimizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlardan xabardor qilamiz, ona Vatanimiz bilan faxrlanishga, buyuk ishlarga qo‘l urishga, “zamon qahramoni” bo‘lishga chorlagan bo‘lamiz.
Ra’no HAMROYEVA, Navoiy shahridagi 16-IDUM o‘qituvchisi