Iste’dod tarbiyalanadigan maskan
Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi xiyobon bugun Jizzax shahrining ko‘rkiga aylangan. Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyot fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatning xiyobon yonida bunyod etilgani ham bejiz emas.
Maktab-internat hovlisiga qadam qo‘yishingiz bilan manzarali daraxtlar, anvoyi gullar ko‘nglingizga o‘zgacha huzur, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. “Ziyo chashmasi” deb nomlangan mo‘jazgina xiyobon Sharq milliy hunarmandlik an’analari asosida bezatilgan. Yog‘och o‘rindiqlarda o‘quvchilar kitob o‘qib, bahslashadi. Bu yerdagi sokinlik ijodga havasmand yoshlarga ilhom bag‘ishlaydi.
Maktab-internatda o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun qulay sharoit yaratilgan. 100 o‘rinli yotoqxona va shu o‘rindagi faollar zali, 70 o‘rinli oshxona o‘quvchilar ixtiyorida. Ona tili va adabiyot, rus, ingliz tili, informatika, texnologiya, jismoniy tarbiya darslari ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi. Dars o‘tiladigan xonalar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ko‘rgazmali qurollar, tarqatma materiallar bilan ta’minlangan. Darsdan keyin to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Hozir muassasada drama, sport, karving to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘g‘il-qizlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sun’iy qoplamali futbol maydonchasi mavjud.
— Men bu yil imtihon asosida 5-sinfga o‘qishga qabul qilindim, — deydi Zomin tumanidan kelgan Maftuna Shoylazimova. — Barcha fanlar, ayniqsa, ona tili va adabiyot fani chuqurlashtirilib, qiziqarli va mazmunli o‘tilmoqda. Darsdan bo‘sh vaqtlari jadval asosida to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Turli madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, adabiy kechalar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar bizlarga manzur bo‘lyapti.
— Maktab-internatimizda 180 nafar o‘quvchi tahsil olyapti, — deydi direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Abror Aktaboyev. — O‘g‘il-qizlarga 25 nafar malakali pedagog saboq beradi. Ta’lim-tarbiya ishlarini takomillashtirishga viloyat hokimligi yaqindan yordam bermoqda. Ma’naviyat xonasi va boshlang‘ich sinflarga 39 mln so‘mlik jihozlar sovg‘a qilindi. Shuningdek, ijodkor o‘quvchilar — Mohichehra Abdurasulovaning “Shirin orzular”, Gulsanam Bahriddinovaning “Lolaqizg‘aldoq”, “Qadr gulim”, Iroda Xolbekovaning “Bahorni qumsab” kitoblari nashr etildi. Rag‘batlantirish maqsadida ularning har biriga 4 mln so‘mdan mukofot berildi. Bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlik iqtidorli o‘quvchilarimizni fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirishga chorlamoqda.
— Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni biz uchun dasturilamal bo‘ldi, — deydi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktab-internat direktori Dilafro‘z Hamdamova. — Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirish agentlikning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. Bu zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. O‘quvchilarga ijod sirlarini o‘rgatish borasida izlanish, ijodkorlik talab etiladi. Jamoamizdagi har bir pedagog shu mas’uliyatga yarasha o‘z ish rejasiga ega. Bir so‘z bilan aytganda, yaratilgan sharoitga mos natija ko‘rsatish payti keldi.
Maktab-internatda badiiy ijod bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Ularning she’rlari jamlanib, “Ikki qalb izdoshlari” nomli to‘plam tayyorlandi. Jizzax viloyat hokimligi ijodkor o‘quvchilarning ushbu to‘plamini nashr ettirishga homiylik qilmoqda. 8-sinf o‘quvchisi Iroda Xolbekova turli ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etmoqda. Yaqinda Jizzax shahrida o‘tkazilgan “Yilning eng iste’dodli yosh shoiri” respublika ko‘rik-tanlovida 2-o‘rinni egalladi. Uning maktabdoshi Umida Mavlonova Yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, “Bag‘rikeng O‘zbekiston” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
Iqtidorli o‘quvchilarning ijod namunalarini o‘rganish, tahlil qilish, nashr etishda ijodkorlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi maktab-internat bilan doimiy aloqada. O‘zbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Anvar Obidjon va boshqa yozuvchi-shoirlar ishtirokida o‘quvchilar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari, mahorat darslari o‘tilmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan maktab-internat kutubxonasiga mingdan ziyod badiiy asarlar sovg‘a qilindi.
Abdusattor SODIQOV,
“Ma’rifat” muxbiri