Til bayramini nishonlaydigan xalqlar
Ular orasida sun’iy tilda so‘zlashuvchi millatlar ham bor
1952-yil 21-fevralda Bangladesh poytaxti Dakka shahrida yuzlab fuqarolar bengal tiliga rasman davlat tili maqomi berilishini talab qilib, namoyishga chiqdi. Mamlakat tilini rasmiylashtirish va o‘z ona tiliga hurmat ko‘rsatilishini istaganlarning aksariyati yoshlar bo‘lib, keskin tus olgan namoyish chog‘ida bir necha nafari politsiya xodimlari tomonidan otib o‘ldirildi...
1999-yili UNESCO Bosh konferensiyasida o‘sha mudhish namoyishda o‘z ona tili uchun kurashib, jon bergan yoshlar xotirasiga 21-fevral Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilindi va mazkur sana ko‘plab davlatlarda keng nishonlana boshladi. Mazkur sana munosabati bilan har yili turli tadbirlar, tillar va lingvistik xilma-xillikni asrashga qaratilgan keng miqyosdagi aksiyalar o‘tkazib kelinmoqda.
Tarix ona tili hurligi va ravnaqi uchun olib borilgan ko‘plab kurashlarga guvoh bo‘lgan. Bugungi til va madaniyatlar qorishuvi yuzaga kelgan davrda ham xalqlar o‘z ona tilini saqlab qolish uchun tom ma’noda kurashmoqda. Ayni paytda dunyoda 7 mingga yaqin til mavjud, ammo ularning 43 foizi yo‘qolib ketish arafasida. Ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda har ikki haftada bitta til yo‘qolib, o‘zi bilan birga butun boshli madaniy va intellektual merosni ham olib ketadi. Chunki jahonda bor-yo‘g‘i bir necha yuzta tilgina davlatlar doirasi va ta’lim tizimida sezilarli rol o‘ynaydi, yuzga yaqin til raqamli texnologiyada keng qo‘llanadi. Boshqa ko‘plab tillar esa turli sabablarga ko‘ra o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘laveradi.
Lug‘atlarda yozilishicha, ona tili — bu har bir elat, xalq, millatning o‘z tilidir. U millatning millat sifatida shakllanishi va tan olinishida muhim o‘rin tutadi. Uning lug‘at tarkibi asosan shu tilda so‘zlovchi xalqning turmushi, madaniyati va an’analarini ifodalaydigan so‘z va tushunchalardan iborat bo‘ladi. Ammo ona tili taraqqiyoti har bir elat, xalq, millatning ijtimoiy rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq. Demak, millat rivojlansa, uning tili ham rivojlanadi. Agar u tanazzulga yuz tutsa, o‘sha xalq so‘zlashadigan til ham o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi. Afsuski, bugun jahonda o‘z xalqi bilan birga rivojlanishdan to‘xtab qolgan tillar talaygina. Ularning ko‘pi haqida insonlar hatto eshitmagan. Shu sababli hozir dunyoning 40 foiz aholisi o‘ziga tushunarli bo‘lgan tilda ta’lim olish imkoniyatiga ega emas.
Bugun Yer shari aholisi 7 mingga yaqin tilda so‘zlashadi. Biroq ularning bir necha o‘ntasigina u yoki bu mamlakatda rasmiy maqomga ega bo‘lib, jahon ahamiyatiga molik tillar qatorida turadi. Xususan, yirik va nufuzli xalqaro tashkilot — BMT dunyo aholisining katta qismi so‘zlashadigan 6 til — ingliz, arab, rus, fransuz, xitoy hamda ispan tillarida rasman faoliyat olib boradi.
Tillarning jahonda keng tarqalishi unda o‘z ona tili sifatida so‘zlashadigan kishilar sonining ko‘pligiga bog‘liq. So‘nggi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda eng keng tarqalgan tillar reytingining 1-o‘rnida xitoy tili turar ekan. U Xitoy, Tayvan va Singapurda rasman davlat tili bo‘lib, jahonda 1,3 mlrd kishi shu tilda so‘zlashadi. Kuchli o‘ntalikning keyingi o‘rinlarida ingliz (560 mln kishi), ispan (329 mln kishi), arab (221 mln kishi), hind (182 mln kishi), bengal (181 mln kishi), portugal (178 mln kishi), rus (144 mln kishi), yapon (122 mln kishi) hamda nemis (90,3 mln kishi) tillari turadi.
Bugun ko‘pgina xalqlarda davlat tili rasman qabul qilingan kunni alohida shodiyona sifatida nishonlash an’ana tusiga kirgan. Bayram kunlari millatlar o‘z ona tili, alifbosi va xalq og‘zaki ijodiga bo‘lgan hurmati, muhabbatini namoyon etadi.
Dunyodagi eng ko‘p sonli Xitoy xalqi ham o‘zining “Xitoy tili kuni”ni 2010-yildan buyon nishonlab keladi. Bayram mamlakatda xitoy yozuvi asoschisi San Sze xotirasiga atab har yili 20-aprelda o‘tkaziladi. Rivoyatlarga ko‘ra, Sze afsonaviy imperator Xuan Di saroyida istoriograf sifatida faoliyat olib borgan va u ishlab chiqqan piktogrammalar jamlanmasi asosida keyinchalik iyerogliflar yaratilgan. Bugun xitoy iyerogliflari dunyodagi eng murakkab yozuv hisoblanadi. Uning bor boyligini ko‘rsatish uchun 80 mingga yaqin iyeroglifdan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Ammo xitoyliklar kundalik hayotda ramzlarning bor-yo‘g‘i 3–5 mingidan foydalanadi.
Eng qadimiy tillardan bo‘lgan xitoy tili hozir Xitoy Xalq Respublikasi, Tayvan va Singapurda rasman davlat tili sifatida qabul qilingan bo‘lsa-da, boshqa davlatlarda ham bu tilda muloqot qilishadi. AQShning ayrim shtatlari, xususan, Nyu-Yorkda barcha rasmiy hujjatlarni xitoy tiliga tarjima qilish talabi mavjud.
BMT taqvimida 6 rasmiy til uchun alohida bayram sanalari belgilangan. Shubhasiz, ular orasida ingliz tili ham bor. Har yili buyuk ingliz yozuvchisi, jahonning nomdor dramaturgi Uilyam Shekspir tug‘ilgan kun — 23-aprelda “Ingliz tili kuni” nishonlanadi. Hozir xalqaro tillar qatorida turuvchi ingliz tilida bir necha o‘nlab mamlakatlar aholisi erkin so‘zlashadi. U nafaqat inglizlar, balki AQSh, Irlandiya, Kanada, Malta, Avstraliya va Yangi Zelandiya aholisining ham rasmiy tili hisoblanadi. Hatto Osiyo va Afrikaning ayrim davlatlarida ham ingliz tili rasmiy til sifatida qo‘llaniladi.
Ammo barcha hududlarda ham odamlar sof ingliz tilida so‘zlashmaydi. Turli davrlarda London shevasi boshqa mamlakatlarga ko‘plab o‘zgarishlar bilan yetib borgani bois, hozir sof ingliz tilida so‘zlashuvchilar — anglofonlar ozchilikni tashkil etadi. Shu tufayli inglizlarning ko‘pi bu tilda so‘zlashadigan amerikalik yoki avstraliyaliklarni tushunishga qiynaladi.
Shu kuni jahonda yana bir til bayrami — “Ispan tili kuni” ham keng nishonlanadi. Bu sana 23-aprelda vafot etgan mashhur ispan yozuvchisi Migel de Servantes Saavedra (1547—1616) xotirasi kunida tantana qilinadi.
Hozir ushbu tilda Ispaniya, AQSh, Meksika, Lotin va Janubiy Amerika mamlakatlari hamda Afrikaning ayrim davlatlarida yashovchi 450—500 million kishi erkin so‘zlashadi. Shuningdek, ispan tili BMT, Yevropa Ittifoqi, Afrika Ittifoqi va Amerika davlatlari tashkilotining rasmiy tili hamdir. Bundan tashqari, dunyoda jozibali ispan tili va madaniyatini mustaqil o‘rganish istagidagilar ko‘plab topiladi.
Aslida sayyoramizdagi har bir mamlakat uchun o‘z ona tili qadrli ekani shubhasiz. Hatto dunyodagi birinchi sun’iy til — “Esperanto kuni”ni tantana qiladiganlar ham bor. Etnologiya sayti ma’lumotlariga ko‘ra, bu tilda atigi 2 million kishi so‘zlashadi va ular har yili 26-iyunda o‘z ona tili — “Esperanto kuni”ni nishonlaydi.
Aytishlaricha, bu tilga hozirgi Polshadagi kichik Belostok shaharchasida tug‘ilgan ko‘z shifokori Lyudvig Markovich Zamengof asos solgan. XIX asrda Rossiya imperiyasiga qarashli bo‘lgan bu hududda Lyudvig rus, belarus, polyak, nemis va boshqa millatga mansub insonlar bilan qo‘shni bo‘lib yashagan. Uning turli millat vakillari bilan muloqot qilishga ehtiyoji sayyoramizdagi istalgan inson tushuna olishi mumkin bo‘lgan tilni yaratishiga sabab bo‘ldi. Uning bu boradagi birinchi ishlari Esperanto taxallusi bilan chop etildi. Keyinroq u yaratgan til shu nom bilan atala boshladi.
1887-yili Lyudvig ushbu tildagi birinchi kitobni chop ettirdi. Yil so‘ngiga qadar kitob rus, polyak, nemis va fransuz tillariga tarjima qilindi. Shunga qaramay, hozirgacha esperanto tiliga hech bir davlatda rasmiy maqom berilmagan. Ammo UNESCO 1985-yili ushbu tilga xalqaro tashkilotlar e’tiborini qaratib, uni maktablarda o‘qitish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Shuningdek, har yili biror tarjimonlarsiz esperanto tilida yuzlab xalqaro konferensiya va uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
1989-yili ko‘plab mamlakatlar tarixida unutilmas voqea sodir bo‘ldi. O‘sha yili sobiq ittifoq tarkibiga kiruvchi aksariyat davlatlar o‘z ona tiliga davlat tili maqomi berilishiga erishdi. Ulardan biri Qirg‘iziston bo‘lib, mamlakat aholisi 1989-yildan buyon har yili 23-sentabrni qirg‘iz tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlab kelmoqda. Shu yili o‘zbek xalqining ham azaliy orzusi ushaldi. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu sana yurtimizda har yili katta shodiyona bilan nishonlanadi.
Xalqimizning faxri, g‘ururi bo‘lgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 30 yil to‘ldi. O‘tgan vaqt davomida mamlakatimizda o‘zbek adabiy tilini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Natijada o‘zbek tili davlat tili, davlat ramzi, milliy madaniyat va ma’naviyatni ifodalovchi hamda uni kelgusi avlodga yetkazuvchi muhim muloqot vositasi darajasiga ko‘tarildi. Bugun jahon miqyosida o‘zbek tilining nufuzi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuv va muzokaralarda tilimizning keng qo‘llanilayotgani, xorijdagi ko‘plab universitetlar, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni o‘rganishga qiziquvchilar soni ortib borayotgani tilimizning hech bir tildan kam emasligini ko‘rsatadi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.