Muallim, o‘quvchingiz nima o‘qiyapti?
Ilk bor qo‘limga tushgan jurnal “Gulxan” edi. Adashmasam 5-sinfda o‘qir edim. Odobnoma darsida o‘qituvchimiz odob haqida she’r yodlab kelishni vazifa qilib berdi. Kim birinchi yodlab kelsa, “5” qo‘yishini aytdi. Butun sinf kitob, jurnal izlay ketdik. Maktabimiz kutubxonachisi “Gulxan” jurnalida odob haqidagi she’rga ko‘zi tushganini aytdi. Sanoqligina jurnalni talashib-tortishib o‘qidik. Ertasi kuni “5” baho oldik. Shundan keyin jurnal sevimli nashrimizga aylandi. Ustozimiz unda berib boriladigan “Bobolarda bir so‘z bor”, “Qizoyim”, “Tumor” ruknidagi ertak, rivoyat va maqolalarni odobnoma darslarida o‘qib berardi. She’rlarni esa birgalikda tahlil qilib, fikrlarimizni “Gulxan”ga yozardik.
Men ham “Maktabimizda qorbobo” nomli kichik ertagimni yuborgan edim. Tahririyatdan javob xati olganimda judayam xursand bo‘lganman. Butun sinfga ustozimiz xatni o‘qib bergan. U kishining “Harakat qilaver, sendan yozuvchi chiqadi”, deya maqtashlari ijod qilishimga sabab bo‘lgan.
Sevimli jurnalimizning har bir sonini intiqlik bilan kutardik. Pochtachi amakini ko‘rishimiz bilan yugurib borib jurnal so‘rardik. Qanday shirin va beg‘ubor davrlar edi!
Bugun, nazarimda, bolalar nashrlariga e’tibor kamdek. “Bolalar jurnal o‘qimay qo‘ydi” emas, ota-onalar, ustozlar o‘zlari o‘qib katta bo‘lgan jurnallarni unutib qo‘ygandek. Shu o‘rinda kattalardan biroz ginamiz bor. Nega farzandingizning ust-boshi, yeb-ichishi, maroqli hordiq chiqarishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratasiz-u, ma’naviyatini boyitish, bilim-saviyasini oshirishga kelganda e’tiborsizlik qilasiz? O‘qituvchilarimizga yaqin hamroh, ba’zan ularga bolalar bilan qanday ishlash, yangicha g‘oyalar, fikrlar borasida ham bolalar jurnallari katta yordam beradi. Agar ota-onalar va ustozlarimiz o‘quvchilarga qanday nashrlarni o‘qish kerakligi haqida to‘g‘ri ma’lumot berolsalar, bolalarning bilimi ancha boyigan bo‘lar edi. Yaqinda “Gulxan” jurnali qo‘limga tushib qoldi. 8 ming nusxada chop etilayotgan ekan. Rosa xafa bo‘ldim. Axir bu jurnal yaqin yillarda 100 mingdan ortiq nusxada chiqardi-ku!? U ne-ne tabarruk ustozlarning tetapoya qilishiga yordam bergan. Ota-onalari bilan borib, tahririyat xonalarida saboq olgan havaskorlarning ko‘pi bugun adabiyotimizdagi katta qalamkashlarga aylandi. Nega shunday qiziqarli jurnal o‘z o‘quvchisini yo‘qotyapti?
Bolalar jurnalida yangi, hali siyohi qurimagan hikoya, qissa, ertaklar berib boriladi. Kitob do‘konlaridan ba’zan yengil-yelpi mazmun-mohiyatiga ham e’tibor bermay sotib olayotgan kitoblaringiz, nazaringizda e’tiborsizdek tuyulgan jurnalchalik ham bolalarga ma’naviy ozuqa berolmaydi.
Yaqinda bir nashrda quyidagi faktni o‘qib qoldim. O‘tgan asrning 80-yillari G‘arb davlatlarida keng jamoatchilik orasida bolalar va o‘smirlarning mutolaa inqirozi masalasi qizg‘in muhokamaga aylangan ekan. Bunga sabab mutolaaga nihoyatda kam vaqt ajratilishi bo‘lgan. Jumladan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish borasida Germaniyada televideniye va ommaviy axborot vositalari (hozir internet ham) yetakchi o‘ringa chiqib, kitob o‘qish ikkinchi darajaga tushib qolgani, har uchinchi o‘smir funksional savodsizga aylangani aniqlangan. Fransiyada ikki talabadan biri “Uch mushketyor”ning muallifi kimligini aytib berolmagan. Angliyada esa yoshlarning ulg‘aygani sari kitob o‘qish darajasi pasayib borishi kuzatilgan…
Bu shunchaki faktlar emas, balki ayni haqiqat. Mutolaa madaniyatining pastligi, kitob o‘qishga qiziqishning yo‘qolishi millat ma’naviyatining tanazzuliga olib boradi. Yoshligida 20—30 sahifalik jurnal o‘qishga hafsala qilmagan o‘quvchi ertaga kattaroq hajmli kitobni o‘qishga ham erinadi. Bilim zaxirasi esa haminqadar ma’lumotlar bilan to‘lib, oqibatda o‘z sohasi bo‘yicha malakali mutaxassis bo‘lib yetisholmaydi. Oliy ta’limda ham o‘qishga e’tibor sust, talaba xo‘jako‘rsinga o‘qib diplom oladi-da, ziyonini davlat ko‘radi. Birgina misol: 1980-yillari AQShda funksional savodsizlik oqibatida davlat 237 milliard dollar zarar ko‘rgan. Bu kabi salbiy holatlar yuz bermasligi uchun nima qilmoq kerak degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Nazarimda, buning uchun o‘quvchi-yoshlarda boshlang‘ich sinflardan mutolaa madaniyatini rivojlantirib borish eng to‘g‘ri yo‘ldir.
“Assalom, O‘zbekiston” ko‘rsatuvida ustoz jurnalist Mirodil Abdurahmonovning “Gulxan” jurnaliga obuna 1 millionga yetmas ekan, bolalar ma’naviyati haqida gapirishga haqqimiz yo‘q” degan fikrini eshitib ta’sirlandim. Haq gap. Barcha yoshdagi bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bu jurnaldan ko‘p ibratli, o‘rnak olsa arziydigan, o‘quvchini komillikka yetaklovchi bilimlar olsa bo‘ladi. Uni chop ettirish ortidagi mehnat-chi? Ko‘z nuri, qalb qo‘ri bilan bolalar uchun mehnat qilayotgan ustozlarimiz, jurnal sahifalarida she’rimi, hikoya yoki ertagi chiqsa o‘zini xuddi shoir yoki yozuvchidek his qiladigan o‘quvchilarning quvonchi-chi? Bularni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi.
Ko‘pincha o‘quvchilar “Nega nashrlar bizga kechikib yetib keladi?” deyishadi. O‘rinli savol. Poytaxtdan minglab kilometr uzoqda yashovchi uka-singillarimiz o‘z nashrlarini orziqib kutadi. Afsuski, jurnallarning manzilga vaqtida yetkazilmasligi bolalarning tengdoshlari hayotida sodir bo‘layotgan yangiliklar, yutuqlar, shoir-yozuvchilarning taassurotlaridan kechikibroq xabar topishiga sabab bo‘lmoqda. Nima qilmoq kerak? Jurnallarni vaqtida o‘qish va kuzatib borish uchun, birinchi navbatda, tuman yoki shaharlarda ishlayotgan, davlatga qarashli pochta aloqa bo‘limlari orqali obuna bo‘lgan ma’qulroq. Shunda sevimli jurnalingizni o‘z vaqtida olasiz.
Islom ASILBEKOV, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi