G‘aroyib jonzotlar
Tabiatdagi har bir zarra — eng mayda o‘simlikdan tortib, yirik hayvonlargacha bir-birini takrorlamaydi. Ayniqsa, mavjudotlar soni shu qadar ko‘pki, ularning aksariyati haqida hatto eshitmaganmiz ham. Baliqlar, sutemizuvchilar, qushlar, qo‘yingki, barcha jonzotlar orasida bizga noma’lum bo‘lgan g‘aroyib va kishini hayratga soluvchi ko‘plab turlar mavjud.
Eng g‘ayrioddiy qushlar
Yer sharida qushlarning o‘n mingdan ortiq turi mavjud. Ularning aksariyati g‘alati ko‘rinishi bilan odamlarni o‘ziga jalb qiladi. Masalan, yakkashox qushlar oilasiga mansub shoxdor abissin qarg‘asi o‘zining noodatiy tumshug‘i bilan ajralib turadi. U Afrika hududidagi savanna va yarimsahrolarda yashaydi. O‘rdaksimonlar oilasiga mansub ko‘zoynakli gaga esa Shimoliy Muz okeani qirg‘oqlarida istiqomat qiladi. Narlarining patlari yorqin, makiyonlariniki esa jigarrang, biroq ikkisi ham noodatiy tumshuqqa ega.
Yangi Gvineya va unga yaqin bo‘lgan hududlarda uchraydigan boshida dubulg‘asi bor dubulg‘asimon kazuarning bo‘yi 1,7 metrga teng, oyoqlari baquvvat, biroq ucha olmaydi. Mavrak qushning nari ko‘kragida g‘aroyib qopcha mavjud. Uning yordamida qush ko‘payish vaqtida baland ovoz chiqaradi. Mazkur qushlar oilasi Shimoliy Amerika hududlarida istiqomat qiladi. Yangi Gvineya orolida nafis patlarga ega tojdor kaptarlar bor. Ularning bo‘yi 60 — 70 santimetrni tashkil etadi. Bu qushlar o‘simliklar mevasi va urug‘lari bilan oziqlanadi.
Qizilpo‘pakdor turako qushi rangdor patlari bilan boshqa qanotlilardan ajralib turadi. Uning patlaridagi qizil rang shu qadar quyuqki, bir donasi suvga tushgudek bo‘lsa, pat dog‘larida mis elementining yuqoriligi hisobiga suv bir zumda qizil rangga bo‘yaladi.
O‘zining ko‘k rangdagi oyoqlari bilan ajralib turuvchi ko‘k oyoqli olushalar Galapagos orollari va Tinch okeanining Amerika qit’asi yaqinidagi qirg‘oqlarida yashaydi. Jussasi kichik bu qushchani moviy panjalaridan osongina payqash mumkin. Yana bir g‘aroyib jihati, ko‘pincha urg‘ochi olushalar o‘z juftini moviy oyoqlarida tushadigan raqslari bilan maftun etadi.
Eng g‘aroyib sutemizuvchilar
Avstraliya va unga yaqin Yangi Gvineya orollarida yashovchi kirpisimon jonivor — yexidna noodatiylik borasida uncha-buncha jonzotni ortda qoldiradi. Yoqimsiz ko‘rinishdagi bu hayvon sutemizuvchi bo‘lishiga qaramay, tuxumdan ochib chiqadi. Tabiatan yexidnaning og‘zi juda kichkina bo‘lgani bois unga biror nima sololmaydi. Ammo uzun tili yordamida o‘ljasini bir zumda yamlamay yutadi. Jonivor yirik gavdasiga qaramay, uzoq masofaga ham juda yaxshi suzadi. O‘tkir nigohlari esa hatto tun qorong‘usida ham xavfni sezish va yoriqlar orasiga yashirinishiga yordam beradi. Bordi-yu, yaqin orada berkinishga joy topilmasa, old oyoqlariga kuch berib, darhol yerda chuqur qazishga tushadi.
Hindiston, Xitoy, Tailand va Indoneziya hududlarida yashovchi Malayziya ayig‘i yoki biruang ham sutemizuvchilar oilasiga kiradi. Ayiqlarning eng kamyob turi hisoblanuvchi bu hayvon tabiatan kuchli va baquvvat. Tumshug‘i keng va kalta, qo‘l-oyoqlari esa katta panjalariga nomutanosib tarzda baland. Boshqa turdagi ayiqlardan yirik qayrilgan tirnoqlari va favqulodda uzun tili bilan ajralib turadi. Asli qora rangli malayziya ayig‘ining tumshuq qismi sariq-ko‘kish tusda. Ko‘krak qismi oq taqasimon dog‘lar bilan qoplangan. Jonivor tungi hayot tarzini o‘tkazib, kunduzi uyquga ketadi yoki uyasiga yaqin joyda quyosh nurida toblanadi.
Itlar orasida ham g‘aroyib turlar uchrab turadi. Komondor laqabli vengr ovcharkasi shular jumlasidan. Tanasi qalin jun bilan qoplangan, uzunligi bir metrgacha boradigan bu it bir qarashda to‘rt oyoqli gigant shvabrani eslatadi. Shnur kabi o‘rash mumkin bo‘lgan oq uzun yunglari komondorni anchayin salobatli ko‘rsatadi. Ammo bu qalin va chigal yunglarni tarashning sira imkoni yo‘q.
Yer ostida yashaydigan yulduzburun krot haqida eshitganmisiz? Jonivorning nomi g‘aroyib-u, ammo ko‘rinishi juda yoqimsiz. Ushbu hashoratxo‘r hayvon sutemizuvchilar oilasiga mansub. Uni faqat AQShning shimoli-sharqiy hamda Kanadaning janubi-sharqiy qismlarida uchratish mumkin. Tashqi ko‘rinishi boshqa turdagi krotlardan keskin farq qiladi. Faqat undagina yulduzchani eslatuvchi tumshuq bor. Bu tumshuq 22 ta yumshoq harakatlanuvchi etdan iborat. Jonivor o‘ziga ovqat qidira boshlaganida tumshug‘idagi etlarning o‘rta va yuqori qismidan boshqa barchasi harakatlanadi. Yegulikni yutayotganda esa etlar birgalikda ichkariga tortiladi.
Momiqqina, oppoq yungli Angor quyonining ko‘rinishi ham kishida o‘zgacha taassurot qoldiradi. Kemiruvchi uzunligi 80 santimetrgacha boradigan qimmatbaho yungi bilan ajralib turadi. U kishini tinchlantirish xususiyatiga ega. Shuningdek, ushbu quyon yungidan ko‘plab foydali narsalar — matodan tortib choyshablargacha tayyorlashda foydalaniladi. Bitta quyondan yiliga 0,5 kilogramgacha yung olish mumkin. Angor quyonlari orasida urg‘ochilari ko‘p uchraydi. Kemiruvchining uzunligi 61 sm, og‘irligi 5 kg.gacha boradi. Uning paxmoq yunglari haftada bir marotaba tarab turilmasa, qo‘rqinchli ko‘rina boshlaydi.
Pandalar ko‘pchilikning yoqimtoy jonivori hisoblanadi. Xitoy, Butan, shimoli-sharqiy Hindiston, shimoliy Birma va Nepalda yashovchi rangdor panda ham tezda kishilar e’tiborini tortadi. Yenotlar oilasiga kiruvchi bu hayvonni dengiz sathidan 2000 — 4000 metr balandlikdagi bambukli o‘rmonlarda uchratish mumkin. Unga rangdor panda nomi berilishi bejiz emas. Boisi uning tanasida turli ranglarni uchratish mumkin. Jonivor yungining yuqori qismi malla, pastki qismi qora yoki qizg‘ish-jigarrang tusda bo‘lsa, orqasidagi tuklari sariq, dumi malla, panjalari qora, boshi oqish, tumshug‘i va quloqlari esa oq rangda. Bu turdagi pandalar tunda faol bo‘lib, kunduzi kovak ichiga kirib olib uxlashni xush ko‘radi.
Sayyoramizda Dangasa nomli hayvon bor, desak ajablanmang. Chindan, janubiy va markaziy Amerikada shunday sutemizuvchi yashaydi. U deyarli hamma vaqt daraxtda o‘tiradi — sutkada 15 soatni uxlash bilan o‘tkazadi. Fiziologiyasi quvvatni tejashga moslashgan bo‘lib, uning qorni to‘yishi uchun bir dona barg yetarli. Tishlari to‘liq bo‘lmasa-da, tabiat uni uzun bo‘yin bilan siylagan. Shu bois daraxt shoxlaridagi barglarni osonlik bilan, ortiqcha harakatsiz uzib yeydi. Dangasa deyarli joyidan qimirlamaydi, faqat bir haftada bir marta biror ehtiyoji uchungina daraxtdan pastga tushishi mumkin. Bu turdagi hayvonlar kamdan kam hollardagina to‘da bo‘lib bir yerga to‘planadi.
Amazonka daryosi atroflaridagi yomg‘irli o‘rmonlarda yashovchi Imperator tamarin maymuni boshqa turdagi maymunlardan qattiq dumi, yelkasigacha tushadigan oq uzun quloqlari bilan ajralib turadi. Ular guruh bo‘lib daraxtlarda yashaydi. Bu turdagi maymunlar orasida qat’iy qoidalar mavjud. Oilada har bir a’zoning o‘z o‘rni bo‘lib, kichiklar kattalarga bo‘ysunadi. Urg‘ochilarining eng kattasi eng baland martabaga ega. Ular bolalar parvarishi bilan shug‘ullanmaydi. Yosh maymunlar asosiy vaqtini jamoadagi boshqa urg‘ochi maymunlar bilan o‘tkazadi.
Janubiy Amerikadagi qalin o‘rmonlarda maymunlarning yana bir g‘aroyib turi — oq yuzli saklar yashaydi. Ular yengil harakatlari, tanasidagi to‘q yungi hamda sariq rangni yaxshi eslab qolish qobiliyati bilan ajralib turadi. Bu jonivorlar Janubiy Amerikadagi boshqa maymunlardan farqli, uzun va yungli dumlaridan daraxt shoxlariga tirmashib chiqishda emas, balki shoxma-shox sakrayotganda muvozanatni saqlashda foydalanadi.
O‘txo‘r, bir tuyoqli tapir hayvoni Janubiy va Markaziy Amerika, Janubi-sharqiy Osiyodagi issiq hududlarda yashovchi qisqa xartumli sutemizuvchilar qatoriga kiradi. Yangi tug‘ilgan tapir bolasining ko‘rinishi chumolixo‘r hayvon bilan yovvoyi to‘ng‘iz chatishmasini eslatadi. Katta bo‘lganidan keyin ham ko‘rinishidan chumolixo‘r va pandaning birikishidan hosil bo‘lgandek taassurot uyg‘otadi. Bu jonivorning orqa oyoqlari uch, old oyoqlari esa to‘rt barmoqli bo‘ladi. Barmoqlaridagi kichik tuyoqchasi uning loyli va yumshoq yerlarda ham osongina yurishiga yordam beradi. Tapirlar ulg‘aygani sari tanasidagi yo‘l-yo‘l chiziq va xollari yo‘qolib boradi. Ular tabiatan insonlardan qo‘rqadi va ikki oyoqlilarni ko‘rishi bilan ortiga qaramay qochadi.
Noodatiy baliqlar
Akvarium baliqlari orasida eng mashhur va g‘aroyibi baliq — kloun bo‘lib, ularning urg‘ochisi o‘z jinsini o‘zgartirish xususiyatiga ega. Bunday baliqlar to‘dasida hukmronlik juda kuchli bo‘lib, to‘dani tanlab olingan juftlik boshqaradi. Oilaning qolgan a’zolari esa ularga bo‘ysunadi. Bordi-yu, urg‘ochi yo‘lboshchi vafot etsa, uning sherigi o‘z jinsini o‘zgartiradi va urg‘ochi rahbarga aylanadi.
Baliq-timsoh yoki ilmiy tilda aytganda olachipor yassibosh balig‘ining tashqi ko‘rinishi yashil yirtqich — timsohning o‘zginasi. Uning o‘zi ham suv ostidagi yashil yirtqich hisoblanadi. Ko‘pincha tusini o‘zgartirish xususiyatidan foydalanadi. Kunning yorug‘ligiga qarab rangini kulrang yoki yashilga o‘zgartiradi.
Okean tubida yashovchi qilichtish balig‘i qo‘rqinchli ko‘rinishi bilan “odamxo‘r baliq” nomini ham olgan. Uning uzun qilichtishlari uchun miyasining ikki tomonida qinlar mavjud. Ular xuddi mixga o‘xshaydi va o‘z qurboniga oddiy tishlardan bir necha marta tezroq sanchiladi. Qizig‘i, katta va yosh baliqlar bir-biridan keskin farq qiladi. Ularda tadqiqot o‘tkazgan olimlar oradan 15 yil o‘tibgina yosh va katta baliq bir turga mansubligini tushunib yetgan.
Dengizlarning 400 metr chuqurlik va o‘rtacha kengliklarida yashovchi jag‘siz jonivor — miksin ham g‘aroyibligi bilan ajralib turadi. Noodatiy ko‘rinishdagi ushbu jonivorning ikkinchi nomi — baliq-jodugar. Uning hayotini ta’minlashda sho‘r suv muhim o‘rin tutadi. Agar suv tarkibidagi tuz miqdori 29 foizgacha tushib ketsa, miksinlar ovqatlanishni to‘xtatadi. Bordi-yu, 25 foiz va undan tushib ketsa, baliq yashay olmay jon beradi. Aslida, miksinlar suvdagi erimagan tuz bilan oziqlanadi. Uning tanasi shilimshiq yopishqoq modda ishlab chiqaradi va shu xususiyati tufayli baliq-jodugar hech bir qiyinchiliksiz o‘lik baliqlar tanasini yutib yuboradi. Shilimshiq baliqni suv osti dunyosida kasallanish va jarohatlardan qo‘riqlagani bois u hatto o‘laksalardan ham hazar qilmaydi. Shunga qaramay, ayrim mamlakatlarda miksinlar taom sifatida iste’mol qilinadi.
Yaproqli dengiz ajdahosi ham baliq turining nomi. U Janubiy Avstraliyaning rasmiy ramzi va belgisi hisoblanadi. O‘zi esa Avstraliyaning janubiy va g‘arbiy dengizlarida yashovchi dengiz otlariga qarindosh. Baliqning bargga o‘xshash tanasi va boshi uning sayozlikda yashirinishiga xizmat qiladi. Suvo‘tlarga o‘xshash bu g‘aroyib baliq o‘z ko‘rinishi bilan yirtqichlarni chalg‘itadi. Ular barg ko‘rinishidagi baliqqa hatto hujum qilishga ham urinmaydi. Dengiz ajdahosi suvda bo‘yin qismida joylashgan va deyarli ko‘rinmaydigan ko‘krak suzgichlari yordamida suzadi. Baliqning dum qismida ham rangsiz orqa suzgichlari bor.
Yuqoridagi jonzotlar qanchalik g‘ayritabiiy bo‘lmasin, har biri o‘ziga xosligi bilan kishilarni hayratga soladi. Zero, ular Olloh barcha tirik mavjudotni takrorlanmas qilib yaratganining yorqin misolidir.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.