Kitobxonlarni jalb qilish uchun yangicha yondashuv
Internet to‘xtovsiz, shiddat bilan rivojlanayotgan davrda yoshlarni kitob o‘qish va kutubxonaga qanday jalb qilish kerak? Ularga kutubxona uxlash uchun mo‘ljallangan joy emasligini qanday tushuntirish mumkin?
Avvalo, yoshlarning kitob o‘qishini istar ekanmiz, ularni mutolaa zerikarli mashg‘ulot emas, qiziq jarayon ekaniga ishontirishimiz kerak. O‘qiyotgan asarlarining har yangi sahifasi ularga yangicha hissiyot va ma’lumot berishini ta’minlashimiz zarur. Buning uchun esa maktab davrining ilk sinflaridanoq o‘quvchilarga faqat va faqat bir xil mavzuga qaratilgan, takrorlanuvchi, pand-nasihatdan boshqa narsani o‘z ichiga olmaydigan zerikarli asarlar o‘rniga, birinchi sahifasidanoq o‘ziga tortuvchi milliy va jahon adabiyoti namunalarini o‘qitish kerak. Agar bu adabiyotlar asosida biror-bir mashhur film ishlangan bo‘lsa, undan-da yaxshi. Chunki o‘quvchi film va badiiy asarni solishtirib, qanday qilib kitobni so‘nggi betigacha o‘qib qo‘yganini sezmay qoladi.
Biz faqat va faqat pand-nasihat ruhidagi adabiyotlarni beraversak, oxir-oqibat bola bu mavzudan bezib qoladi. Kutubxonalarga o‘quvchilarni jalb qilish uchun yangicha yondashuvni qo‘llash kerak. Odatda kutubxonalar quyidagicha yondashuvni amalga oshiradi: — kitob kerak bo‘lsa, marhamat, kelib o‘qi! Aslida bu yondashuv bugungi davrga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Chunki hozirgi kunda kutubxonalarning eng katta raqibi — internet bor. U o‘z ichiga dunyoning barcha asarlarini bir necha o‘nlab tillarda jamlagan. Bundan tashqari, odamlarni jalb qilish va kitob o‘qishga qiziqtirish ham bir san’at.
Axborot-texnologiyalari rivojlangan davrda qanday qilib kutubxonaga odamlarni jalb etish mumkin?
Birinchi navbatda, biz mutolaachilarni alohida tasniblab olishimiz va ularga o‘ziga munosib munosabatda bo‘lishimiz kerak.
Birinchisi — 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar guruhi. Bu guruhga kiruvchilarning ajralib turadigan alohida jihati shundaki, ular o‘zlari bilan birga kamida yana bir kishini kutubxonaga olib kelishlari mumkin — ota-onalarini. Kutubxona rangli rasmlari ko‘p, sodda mavzudagi ertak kitoblarga ega bo‘lsa va imkon qadar teatr shaklida ularning postanovkasini amalga oshirsa, ota-onalar bolalarini olib kelishi aniq. Bu yoshdagi bolalarga juda sodda, shu bilan birga sho‘x va sarguzasht ruhidagi ertaklar qiziq.
Ikkinchi guruh — 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lganlar. Bu yoshdagi o‘quvchilar turli noodatiy narsalarga qiziqadi. Sarguzasht va fantastika(sehr-jodu, robotlar, super qahramonlar)ga oid, qabul qilish oson bo‘lgan kitoblar aynan ular uchun. Eng asosiysi, bu guruhdagilar kitob o‘qishdan ham uni eshitishni xush ko‘radi. Shu sabab ularga majburan kitob o‘qitmasdan, aksincha, o‘qib berish kerak. Kutubxonada kitob o‘qib beruvchi lavozimini tashkil etish o‘rinli bo‘ladi.
Uchinchi guruh — 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lganlar. Bu guruhning ajralib turadigan alohida jihati shundaki, ular bahs-munozaraga juda kirishuvchan va qarashlarini qanday bo‘lmasin, yoqlab chiqishga intiluvchi yoshlardir. Hatto boshiga qilich kelsa ham, bu guruhdagilar o‘z fikrlaridan qaytmaydi va asar qahramonlari haqida o‘z mustaqil fikrini bildira oladi. Bu guruhga sir-sinoat, tarix, qisqa avtobiografiya va ozgina siyosat bilan bog‘liq adabiyotlar ma’qul keladi. Ayniqsa, qahramonlarning qarashlarini muhokama qilish orqali bu guruhdagilarni kitobga bog‘lab qo‘yish mumkin.
To‘rtinchi guruh — 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar. Bu guruhga asosiy vaqtini kasb va ta’lim uchun sarflovchilar kiradi. Ularga sarguzashtlar ham, sir-sinoatlar ham qiziq emas, chunki bunga vaqtlari yo‘q. Ularga fan bilan bog‘liq adabiyotlar kerak, xoh u gumanitar fan bo‘lsin, xoh aniq. Agar kutubxona yaqinida biror-bir oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lsa va kutubxona abituriyent/talabalarga zarur, lekin OTM kutubxonasida topilmaydigan adabiyotlarga ega bo‘lsa, reklama qilish orqali bu guruh vakillarini kutubxonaga jalb etish mumkin. Bu guruhning afzalligi bir-birini yetaklab kelishidir. Ya’ni bir talaba boshqa talabaga qidirilayotgan kitobning qayerda borligini yetkazadi, unisi esa boshqasiga. Shu orqali kutubxona doimiy mutolaachilariga ega bo‘ladi. Buning uchun kutubxonada fanlarga doir barcha zarur adabiyotlar mavjud bo‘lishi kerak.
Beshinchi guruh — 30 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lganlar. Bu guruh vakillarining aksar vaqti ish bilan band bo‘lsa-da, aynan eng ko‘p kitob mutolaa qiladiganlar toifasiga kiradi. Ularga odatda tarix, she’riyat, siyosat mavzusidagi kitoblar xush keladi. Eng ajoyib jihati, bu guruh vakillari o‘zlariga yoqqan kitoblar haqida gapirishni va qolganlarga ham ularni o‘qishni tavsiya qilishni yaxshi ko‘radi.
Oltinchi guruh — 50 yoshdan yuqorilar. Bu guruhga odatda hayot falsafasini qayta va qayta anglashni istaganlar kiradi. Shu sabab ular hayotda asoslangan badiiy asarlar, avtobiografiyalarni mutolaa qilishni yaxshi ko‘rishadi.
Kutubxona shunchaki kitoblarga to‘la javonlar mavjud joy emas, olishuv maydonidir. Unda kutubxonachi va tashrif buyuruvchi “jang qiladi”. Mehmon har doim uni lol qoldirishlarini istaydi va mezbondan biror yangilikni kutadi. Agar biz XXI asrda kutubxonaning o‘rnini saqlab qolishni istasak, asarlarning qizg‘in bahs-munozarasi uchun joy ajratish, turli odatiy va noodatiy adabiyotlarga ega bo‘lish va hali tilga olinmagan mavzudagi kitoblarni taqdim etishimiz zarur. Zero, kutubxonachi tashrif buyuruvchining erinchoqligi, zerikishiga qarshi kurashadi. Kutubxonachining g‘olib bo‘lishi mamlakatga yangi bir dahoni taqdim etadi, mag‘lubiyati esa kitob deganda qog‘ozdan boshqa narsani ko‘rmaydigan manqurtni dunyoga keltiradi.
Kutubxonalarga Wi-Fi o‘rnatish, yutuqli tanlovlar orqali mutolaachilarni jalb etish, nazarimda, eng nomaqbul ish. Chunki mutolaachi o‘qiyotgan adabiyoti uning kelajagi va kamoloti uchun zarur ekanini anglashi kerak.
Saodat ISMATOVA, Respublika bolalar kutubxonasi mutaxassisi