Noyob qobiliyat siri
Deydilarki, tarbiyachi amaldor emas, agar u amaldor bo‘lganida, tarbiyachi bo‘lolmas edi. Xo‘sh, bugungi kun tarbiyachisi qanday bo‘lishi kerak? Tarbiya masalasida maktab va ota-onalar hamkorligi zarurmi? Bu kabi savollarga javob topish — barchamiz uchun dolzarb masala.
Aytish mumkinki, keyingi ikki yil ichida xalq ta’limi sohasida sezilarli o‘zgarishlar yuzaga keldi. To‘qqiz yillik ta’limning o‘n bir yillik ta’limga aylantirilishi, o‘qituvchilarning ish uslubidagi o‘zgarishlar kasb egalari oldiga dolzarb vazifalarni qo‘ydi. O‘tgan yillar davomida amalga oshirgan faoliyatimizga nisbatan tanqidiy fikrlar ham ilgari surildi. Aslida tanqid — bu biz to‘g‘rimizdagi o‘zimizning fikrlarimizdan farqli bo‘lgan har qanday mushohada mevasi bo‘lib, bu holat pedagoglarni yanada mas’uliyat bilan, yanada fidoyi bo‘lib ishlashga undaydi.
O‘quvchining talanti — bu muvaffaqiyatga ishonish qobiliyatidir. Talantning asosiy belgisi o‘quvchining maktabga ilk kelganidayoq bilinadi. Iqtidorli o‘quvchini anglay bilish — uning ilk faoliyatini tan olish esa o‘qituvchi uchun juda muhim. O‘z kasbining ustasi bo‘lgan pedagog bolani birinchi sinfga qabul qilgandayoq uning qobiliyatini rivojlantirish bilan muntazam ishlay boshlaydi. Boshqa o‘quvchilarga nisbatan uning iqtidorini sezilarli baholab boradi. Uning oilaviy sharoitdagi ahvoli, ota-onasining farzandiga nisbatan munosabatini o‘rganadi. Iqtidorli o‘quvchilarda har bir vazifani hech kim bajarishga undamasa ham, bajarish qobiliyati mavjud bo‘ladi. Ular o‘ziga bo‘lgan mas’uliyati va burchi bilan boshqa bolalardan ajralib turadi.
Tajribamda o‘quvchilarim ichida kam bo‘lsa ham ana shundaylarini uchratganman. Ulardagi mavjud qobiliyatning to‘qson foizi iqtidor ekanini anglaganman. Aslida insondagi mavjud talant to‘qson foiz bo‘lsa, o‘n foiz mehnat bilan amalga oshirilishini sinab ko‘rganman. Hali dunyoni to‘liq anglab olmagan bola ustozning fikrlarini inkor etishi yoki tasdiqlashining guvohi bo‘lganman. Biz, ustozlar mana shunday noyob qobiliyatli bolalarga ta’lim berishda keng qamrovli ish olib borishimiz zarur.
Bola dunyosi — biz bilmagan darajada keng. Bolalik tasavvuridagi mavjud holatlarni kattalar sezmaydi.
Pedagoglik faoliyatimda uchragan ayrim holatlarga to‘xtalsam. Birinchi sinf o‘quvchilari bilan ishlay boshlaganimda, o‘quvchining qaysi fandan faol ekanini bilib olaman. Masalan, matematika fanidan qobiliyati kuchli bo‘lsa, unga qo‘shimcha topshiriqlar berib, turli usullarda sinab ko‘rishga harakat qilaman. Bitta topshiriq berib, uning turlicha sinov usulida javob berishga harakat qilishiga erishaman. Bolaga topshiriq berib, sinab ko‘rmasangiz, topshiriqni bajargach, rag‘bat olmasa, o‘z ishiga beparvo bo‘la boshlaydi.
Iqtidorli o‘quvchining ustoz tomonidan rag‘batlantirishi, albatta, oila muhitida ham davom etishi kerak. Oiladagi munosabat, moddiy va ma’naviy ta’minot alohida o‘rin tutadi. Ota-ona farzandi uchun o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, turlicha tarbiya usullaridan foydalanib, bola ongini boyitib borishga harakat qilishi lozim.
Matluba HAMROYEVA, Denov tumanidagi 11-IDUM o‘qituvchisi