Noqonuniy kesilayotgan daraxtlar
Sadoqat Ro‘ziyeva Toshkent viloyatining so‘lim maskanlaridan birida istiqomat qiladi. U yashaydigan hudud xushmanzara tabiati, ko‘p yillik, baquvvat daraxtlari bilan nom chiqargan. Daraxtlar soyasida dam olib, shirasi tilni yoradigan mevalaridan bahramand bo‘ladigan mahalliy aholi ularning parvarishiga alohida e’tibor qaratadi. Ammo bir necha kun oldin Sadoqat qishloqning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan daraxtlarning obodonlashtirish xodimlari tomonidan arralanayotganiga guvoh bo‘ldi. Daraxtlarning nima maqsadda, kimning ruxsati bilan kesilayotgani to‘g‘risidagi savoliga esa hech kimdan javob ololmadi...
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda respublikamizning turli burchaklarida daraxtlarning noqonuniy kesilayotgani bilan bog‘liq xabar va videolavhalar keng tarqaldi. Odamlar tabiatga yetkazilayotgan bu zarardan keskin norozi. Ayrimlar ko‘chalardagi daraxtlar hukumat qarori bilan kesilyapti, degan o‘yda hodisaga beparvo qarayotgan bo‘lsa, boshqalar qonunbuzarlik haqida darhol tegishli tashkilotlarga xabar bermoqda. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, so‘nggi bir hafta ichida tashkilotga shahardagi daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 88 ta murojaat kelib tushgan (29-oktabr). Shundan so‘ng qo‘mita vakillari va shahar hokimligi mutasaddilari hamkorligida tekshiruvlar o‘tkazilib, qonunbuzarlarga nisbatan ma’muriy javobgarliklar qo‘llanildi.
Kislorod manbayi
— Inson faoliyati va tabiatga bevosita ta’siri natijasida yil sayin atmosfera qatlami zaharli karbonat angidrid va boshqa gazlarga to‘lib bormoqda, — deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ekologik nazorat inspeksiyasi boshlig‘i O‘lmas Sobirov. — Elektr stansiyalari, zavodlar, avtomobillardan tarqaladigan gazlar havoni ifloslantiruvchi asosiy omillar sanaladi. Olimlarning ta’kidlashicha, 2000—2010-yillari atmosferada parnik gazlarining so‘nggi 30 yildagi eng kuchli to‘planishi kuzatilgan. 2014-yili esa ularning havodagi zichligi rekord darajaga yetgan. Bu insoniyat uchun chinakam fojiadir. Chunki odamzodning yashashi va nafas olishi uchun, shubhasiz, toza havo kerak. Bunga erishishning eng maqbul yo‘llaridan biri daraxtlardir.
Bitta daraxt bir yilda to‘rt kishi nafas olishi uchun yetarli miqdorda kislorod ishlab chiqaradi. Ammo bitta avtomashina shuncha miqdordagi kislorodni atigi bir daqiqada “hazm qilib yuboradi”. Shu bois shahar sharoitida ko‘proq daraxt ekish muhim sanaladi. U ekologik muhitni mo‘tadillashtirib, qulay mikroiqlim hosil qiladi. Shaharlardagi daraxtzorlar yozda havo haroratini 3-4 darajaga tushirib, shovqinni 10-12 detsibelgacha kamaytiradi. Cho‘l hududida ekiladigan daraxtlar esa qum va tuz ko‘chishining oldini olib, o‘simliklarning ildiz otishiga zamin yaratadi. Ariq-zovur bo‘ylarida o‘sadigan daraxtlar esa, suvning yer ostiga ortiqcha singib ketishi hamda tuproq qayta sho‘rlanishining oldini oladi.
Respublikamiz daraxt resursi kam mamlakatlar sirasiga kiradi. Chunki O‘zbekiston sharoitida qalin, katta-katta o‘rmonlar ko‘p emas. Mamlakatimiz hududining o‘rmon bilan qoplanish darajasi atigi 7,5 foizni tashkil etadi.
Ular eng ko‘p ekiladi
Poytaxtimizda 220 tur daraxt bor. So‘nggi vaqtlarda kengbargli daraxtlardan eman, safora, kashtan, lola daraxtlari, ignabarglilardan esa Qirim qarag‘ayi ko‘p ekilmoqda. Kengbargli daraxtlar katta miqdordagi changni ushlab qolib, atmosferaga ko‘p kislorod chiqarsa, ignabargli daraxtlar bakteriyalarni yo‘q qiluvchi antiseptik xususiyatga ega fitontsit moddasini ishlab chiqaradi. Biroq bu boshqa turdagi daraxtlar bunday vazifani bajarmaydi, degani emas. Aslida har bir daraxt atmosferani toza saqlashda alohida ahamiyatga ega. Ularni ekishda, birinchi galda, joy va sharoit inobatga olinadi.
Parvarish — muhim masala
Har yili respublika miqyosida tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib, joylarda tekshiruvlar o‘tkaziladi. Kasallangan daraxtlar aniqlansa, darhol zarur choralar ko‘riladi. Ularni saqlab qolishning imkoni bo‘lsa, davolash ishlari olib boriladi, aks holda, kasallik yon-atrofdagi boshqa daraxt va o‘simliklarga tarqalmasligi uchun Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ruxsati bilan kesilib, chekka hududlarda yoqib yuboriladi.
Bunday holatlarning oldini olish uchun respublikamizdagi barcha daraxtlar tuman(shahar) obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari tomonidan parvarishlanadi. Mavsumga qarab daraxtlarning tagi yumshatiladi, tanasi oqlanadi, shoxlari kesiladi yoki ularga shakl beriladi. Har xil qurt-qumursqa, zararli hashorat va kasalliklardan saqlash choralari ko‘riladi. Kasalliklarga qarshi mexanik, biologik hamda kimyoviy yo‘l bilan kurashiladi. Avvallari shaharni obodonlashtirish boshqarmasi tarkibida maxsus daraxtlardagi kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish markazlari bo‘lardi. Hozir bu markazlar yo‘qligi bois, daraxtlarning sog‘lom ko‘karishi yetarlicha nazorat qilinmayapti. Ayrim hollarda daraxtlarga noto‘g‘ri ishlov berilishi tufayli bir tomonga qiyshayib o‘sishi, tagining haddan tashqari zaxlatib yuborilishi yoki turli kasallik va zararkunandalar ta’sirida chirishi natijasida qattiq shamolga dosh berolmay, avtomobillar ustiga sinib tushayapti.
Bir donasini ham kesish mumkin emas!
Aholi ko‘pincha turarjoy hududidagi kasallangan daraxtlarni o‘zboshimchalik bilan kesib tashlashga urinadi. Ammo fuqaro faqat o‘z xonadonidagi daraxtlarnigina kesish yoki olib tashlash huquqiga ega. Mahalla, ko‘chalardagi daraxtlar esa davlat mulki bo‘lib, ularning birortasini, hatto gullari allergiya qo‘zg‘atadigan yoki shoxlari yo‘laklarni to‘sib, harakatlanishga xalal berayotganlarini ham tegishli ruxsatnomasiz qirqish mumkin emas. Shaharsozlik me’yorlariga ko‘ra, har bir daraxtni ekishdan oldin joy va boshqa sharoitlar inobatga olinishi kerak. Masalan, ko‘p qavatli uylar orasida gullari allergiya qo‘zg‘atuvchi terak va boshqa daraxtlarni ekish tavsiya etilmaydi. Bu daraxtlar avvaldan mavjud bo‘lgan taqdirda ham ularni o‘zboshimchalik bilan olib tashlashga hech kim haqli emas.
Ruxsatnomangiz bormi?
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-yanvardagi “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston hududidagi daraxtlarni ruxsatnomasiz kesish g‘ayriqonuniy deb belgilangan. Barcha yuridik va jismoniy shaxslar faqat ruxsatnoma bilangina daraxtlarni kesishi yoki qo‘porib olishi mumkin. Hatto qurib qolgan yoki shikastlangan daraxtlarni olib tashlash ham Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlarining xulosasi asosida obodonlashtirish xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Daraxtlarni kesish bo‘yicha arizalar hokimliklar qoshidagi davlat xizmatlari agentligiga topshiriladi. Ariza bir vaqtning o‘zida hokimlik, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga taqdim etiladi. Qo‘mita holatni o‘rganib chiqib, 5 kun ichida o‘z xulosasini elektron tarzda hokimlikka yuboradi. Hokimlik esa xulosa asosida ruxsatnoma berish yoki bermaslikka qaror qiladi.
Tartibga ko‘ra, ruxsatnoma asosida bo‘lsa-da, kasallanmagan daraxtlarni kesganlik uchun buyurtmachidan belgilangan to‘lov summasi undiriladi. Kasallangan daraxtlar uchun hech qanday to‘lov to‘lanmaydi, biroq ularni faqat ruxsatnoma asosidagina kesish talab etiladi. Faqat davlat budjeti tomonidan moliyalashtiriladigan, Prezident qarori va farmoni bilan amalga oshiriladigan qurilish hududlaridagi kesilgan daraxtlar uchungina hech qanday to‘lov olinmaydi.
Qonunbuzarlar jazolanadi
Daraxtlarni noqonuniy kesish tabiatga yetkazilgan zarar bo‘lib, uning miqdori eng kam ish haqining 300 barobaridan oshmasa, qonunbuzarga nisbatan ma’muriy javobgarlik qo‘llanadi. Bunda o‘simlik dunyosiga keltirilgan zarar diametri bo‘yicha hisoblab chiqiladi va barchasi qonunbuzardan undiriladi.
Bugun daraxtlarni noqonuniy kesishlarni aniqlash va ularning oldini olish maqsadida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy boshqarmalarining barchasida inspeksiyalar tashkil etilgan. Inspektorlar hududlarda muntazam ekologik reydlar o‘tkazib, aniqlangan qonunbuzarliklarga qarshi tegishli choralar ko‘rmoqda. Xususan, davlat ekologik nazorati natijalariga ko‘ra, 2019-yilning shu davriga qadar respublika miqyosida ekologiyaga zarar yetkazish bilan bog‘liq 21 610 ta qonunbuzarlik aniqlandi. Shulardan 3001 tasi o‘simliklar dunyosiga yetkazilgan zarar bo‘lib, jami 1630 ta qonun buzilishi holati yuzasidan 3,65 mlrd so‘m miqdorida jarima belgilanib, shundan 1,45 mlrd so‘mi undirildi. Undirilmagan jarimalar va tabiatga yetkazilgan zarar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli organlar(sud, prokuratura, MIB, IIB)ga kiritildi.
Qonunbuzarliklarni aniqlashda fuqarolar yaqindan yordam bermoqda. Odamlar ikkita doimiy “ishonch raqami” ((71) 236-26-66, (71) 207-11-07)ga qo‘ng‘iroq qilib, daraxtlarning arralanayotgani haqida xabar bergani hamon inspektorlar tegishli joyga yetib borib, qonunbuzarlarga nisbatan zarur choralarni ko‘rmoqda. Bu holat xalqimizning shahrimiz ekologik muhitini yaxshilashga xizmat qilayotgan daraxt va butalarning kesilishiga befarq emasligini ko‘rsatadi.
Prezidentimizning shu yil 30-oktabrdagi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga binoan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etildi.
U 2019-yil 1-noyabrdan 2020-yil 31-dekabrgacha amal qilib, moratoriy amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi.
Iroda TOSHMATOVA