Qimmatbaho sovg‘a
Bayram va shodiyona kunlari oila a’zolarimizga, ayniqsa, qadrli, suyukli kichkintoylarimizga sovg‘alar berib, ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilamiz. Shirinliklar, qimmatbaho buyumlar, bejirim liboslar-u turli anjomlar… Sanaydigan bo‘lsak, adog‘i yo‘q. Ammo, nazarimda, inson uchun eng yaxshi sovg‘a — kitob.
Maktabda bir sinfdoshimiz juda quvnoq, xushchaqchaq edi, hamma bilan hazillashib, ko‘ngillarni shod qilib yurardi. Kamchiligi — darsga, fanlarga aslo qiziqmas, o‘qishni yoqtirmas edi. Ota-onasi va do‘stlari bilim olishga muhabbat uyg‘onsin, degan maqsadda unga ko‘pincha qiziqarli kitoblar sovg‘a qilishardi. Bundan, aksincha, sinfdoshimning jahli chiqardi. Bir kuni ularning oilasi yangi uyga ko‘chadigan bo‘lib, maktabni ham o‘zgartirishlariga to‘g‘ri keldi. Shu-shu, sinfdoshimning keyingi hayoti haqida deyarli hech qanday ma’lumotga ega bo‘lolmadim. Taqdir charxpalagini qarangki, oradan 7 yil o‘tib, bexosdan yana uchrashib qoldik. Aytishicha, ishlari yurishib, talaba ham bo‘libdi. Gaplarini eshitarkanman, juda hayratlandim:
— Yaxshiyamki, o‘sha paytda oila a’zolarim injiqliklarimga qaramasdan keyingi hayot yo‘lim, kelajagimni o‘ylab, menga befarq bo‘lishmadi. Ota-onamdan, ayniqsa, ular sovg‘a qilgan kitoblardan juda minnatdorman. Mutolaa hayot tarzimni butkul o‘zgartirib yubordi. To‘g‘ri, boshida qiynaldim, ammo vaqt o‘tgani sari kitobga, umuman, ilmga mehrim uyg‘ondi. Kitob hadya qilishganida bekor xafa bo‘lgan ekanman. Tushunib yetdimki, kitob har qanday insonni o‘zgartira oluvchi, ezgulikka chorlovchi kuch ekan. Qisqasi, hayotim davomida olgan sovg‘alarim ichida eng yaxshisi — kitob. Ulardan hozir uka-singillarim, yaqinlarim ham foydalanib, bebaho boylik — olam-olam bilimga ega bo‘lyapti.
Shu o‘rinda yana bir voqea esimga tushdi. Lobar ismli dugonam eng yaqin insoni — buvisining vafoti sabab juda tushkun holatga tushib qoldi. Deyarli hech kim bilan suhbatlashmas, yolg‘iz qolib, ichki kechinmalarga g‘arq bo‘lib, ko‘z oldimizda so‘lib borardi. Kelajakka umidi, o‘ziga
ishonchi yo‘qolib, qiyin vaziyatda qoldi. Biz — dugonalar uning holatiga jim qarab turolmasdan, chora izladik. Ancha fikr almashuvlardan so‘ng Lobarga kitob sovg‘a qilishga kelishdik. O‘ylashimizcha, faqat kitobgina uni ayni holatdan qutqara olardi. Xullas, jahon adabiyotidagi eng sara namunalarga murojaat qilib, Lobarga dalda bera oladigan kitobni topdik va unga dil izhorlarimizni yozib, hadya qildik. Dugonamiz bundan quvondi, sababi kitob uning jon-u dili edi. Tez orada kitobdagi har bir so‘z qizning qalbiga malham, dardiga davo bo‘la boshladi. Undan-da qiyin ahvolda qolgan insonlar haqidagi voqealarni o‘qib, o‘zini o‘nglashga harakat qildi. Ich-etini kemirayotgan g‘amdan uzoqlashib, yuziga iliqlik, tabassum yugurdi. Kitobga shu qadar qiziqib ketdiki, uni to‘rt marta o‘qib chiqdi. Haqiqatan ham, kitob Lobarga muammolarni
unutish, kutilmagan noxush voqeadan chalg‘ish imkonini berdi. Shu sovg‘a dugonamizni asliga qaytara oldi.
Har qanday sovg‘a ham bir kun kelib eskiradi. Biroq buyuk haqiqat, hayot falsafasi, noyob ilm manbalari aks etgan kitobini o‘qigan dillarda yangilanaveradi.
Turli sovg‘a-salomlar insonning ma’lum bir ehtiyojini qondira olar, ammo kitob insonga umri davomida hamroh bo‘ladi.
Irodabonu AVVALBOYEVA