XXI asr o‘latiga qarshi barcha xalqlar birgalikda kurashmog‘i lozim
1981-yil 5-iyunda Amerika kasalliklarni nazorat qilish markazi mutaxassisi M.Gotlib inson immun tizimini chuqur zararlaydigan yangi kasallikni qayd etdi. 1982-yilda amerikalik tadqiqotchilar shu choqqacha noma’lum bo‘lgan sindromga OITS — orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi deb nom berdi. Shu ondan insonlarning o‘limi bilan yakun topuvchi bedavo dard dunyo ahlini xavotirga sola boshladi. Qisqa vaqt ichida barcha davlatlar kasallikka qarshi birgalikda kurashish lozimligini tushunib yetdi va 1988-yili BMT Bosh Assambleyasi qaroriga binoan 1-dekabr — Xalqaro OITSga qarshi kurash kuni deb e’lon qilindi.
Bugun ushbu norasmiy sana ko‘plab mamlakatlarda yilning muhim voqealaridan biri sifatida nishonlanadi. Ushbu kunda barcha xalqlar bu kasallikdan vafot etgan kishilarni xotirlab, ayni damda undan aziyat chekayotgan bemorlarga ruhan dalda beradi. Dunyo hamjamiyati hech kimni ayab o‘tirmaydigan ushbu illatning oldini olish va batamom urug‘ini quritish yo‘lida qo‘lni qo‘lga berib harakat qiladi.
Bugun OITS haqida ko‘p gapirilsa-da, aksariyat insonlar uning xavfli va bedavo dard ekanidan boshqa ma’lumotga ega emas. Aslida, hammasi juda oddiy: OITS — bu inson qoniga tushgan OIV (VICh) infeksiyasi rivojlanishining eng og‘ir va so‘nggi bosqichidir. Bu davrda inson organizmi har qanday kasallikka bardosh berish xususiyatini yo‘qotadi. Virus bilan organizm o‘rtasidagi kurash uzoq davom etadi va uning g‘alabasi bilan yakunlanadi. Bir necha yil davomida virus zarbasiga uchragan organizm ortiq u bilan kurashishga kuch topolmaydi va zaiflashgan immun tizimi OITS kasalligiga taslim bo‘ladi. Shu vaqtdan OITS davri boshlanadi. Buning oqibati esa ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi.
1983-yilda fransuz olimi, professor Montane boshchiligida Parijdagi Paster institutida ilk bor limfa tugunlaridan OITSni chaqiruvchi kasallangan virus ajratib olindi. Oradan bir yil o‘tib, amerikalik olimlar ham xuddi shunday virusni aniqladi. 1987-yilda esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti unga “insondagi immun tanqisligi virusi” (OIV) degan yagona nom berdi.
OIV infeksiyasi — inson organizmi uchun dagi eng xavfli viruslardan biri bo‘lib, unda hali kasallik alomatlari namoyon bo‘lmaydi. Bu davrda inson virus tashuvchisi hisoblanadi. Infeksiya yuqqan dastlabki vaqtlarda kasallik alomatlari deyarli bo‘lmaydi. Shu bois ko‘pincha kishi o‘zini sog‘lom his etadi. Virus rivojlanishining alomatlarsiz davri 3 oydan 8–10 yilgacha cho‘zilishi mumkin. Uni faqat laboratoriya tekshiruvlarigina aniqlay oladi. Ammo jarayon kechishidan qat’i nazar, OIV infeksiyasi — albatta OITS davriga o‘tadi.
Ba’zan bemorda boshqa kasalliklardagi kabi tana haroratining ko‘tarilishi, limfa tugunlarining kattalashishi, tomoq og‘rig‘i, yo‘tal, vazn yo‘qotish, tanadagi qizil dog‘ kabi belgilar namoyon bo‘ladi. Ammo ular tez o‘tib ketgani bois kishini xavotirga solmaydi. Shu jihatdan virus bir necha yil “sokin” hayot kechiradi va o‘z “qurboni”ni deyarli bezovta qilmaydi. Biroq doimiy tarzda immun tizimini zararlab boradi va uning asosiy hujayralari — limfotsitlar hisobiga ko‘payadi. OIV infeksiyasi limfa tugunlari kattalashganidan keyingina o‘zini namoyon etadi. Kasallikni o‘z vaqtida davolamaslik sil, og‘ir bakterial infeksiyalar hamda saraton singari xastaliklarni rivojlantirishi mumkin. Gap shundaki, xavfli virus insonning immun tizimini zararlash orqali organizmning infeksiyalar va ayrim turdagi saraton kasalliklaridan himoya tizimini zaiflashtiradi. Immun hujayralarining kuchsizlanishi natijasida insonda asta-sekin immunitet tanqisligi rivojlanadi. Bu esa faqat sog‘lom immunitet bilangina qarshi turish mumkin bo‘lgan ko‘plab infeksiyalar, onkologik va boshqa kasalliklarga ta’sirchanlikni oshiradi.
OIV virusi hayvonlar organizmida yashay olmaydi. Ularning yashashi va ko‘payishi uchun inson hujayralari zarur. Shu bois virusni hayvonlardan yuqtirib olishning sira iloji yo‘q. Bu haqiqatni maymunlarda tadqiqot olib borgan amerikalik olimlar isbotlab bergan. Hatto kalamush, sichqon, mushuklarda o‘tkazilgan tajribalarda ham hech qanday zararlanish aniqlanmagan. Demak, OITSni chaqiruvchi xavfli virusni faqat OIV infeksiyasi manbayi bo‘lgan insonlardan yuqtirib olish mumkin.
Aksariyat kishilar xastalikni yuqtirib olishdan xavotirga tushib, OITS bilan kasallangan bemorlardan uzoqroq bo‘lishga urinadi. To‘g‘ri, OITS — yuqumli kasallik. Biroq u insonlarga 3 xil yo‘l bilan — qon orqali (virus bilan zararlangan qon va uning tarkibiy qismlari quyilganda; zararsizlantirilmagan jarrohlik, doyalik, stomatologik va boshqa tibbiy asboblar orqali tibbiy muolajalar olganda; shpris va ignalardan umumiy foydalanilganda; yetarlicha zararsizlantirilmagan maishiy uskunalar orqali), jinsiy yo‘l orqali hamda kasallikni yuqtirgan onadan homilaga (vertikal) o‘tishi mumkin. OIV virusi bo‘lgan bemorlar bilan kundalik muloqot qilish — qo‘l berib so‘rashish, ularni o‘pish, quchoqlash, shaxsiy buyumlardan birgalikda foydalanish, birga taomlanish, yo‘talganda, aksa urganda, umumiy telefondan foydalanganda, hasharotlar chaqqanda, basseyn, hammom, hojatxona, shuningdek, kiyim-kechak va ko‘rpa-to‘shakdan umumiy foydalanganda esa kasallik yuqmaydi va bu holatlarning hech biri sog‘lom insonga xavf tug‘dirmaydi.
Ko‘pchilik OITS asosan yomon xulqli insonlarda bo‘ladi degan tasavvurda. Vaholanki, har yili yuzlab, hatto minglab insonlar shifokorlarning bee’tiborligi sabab OIV virusini yuqtirib oladi. Virusning onadan bolaga o‘tishi 15–45 foiz holatda kuzatiladi. Bunda virus homiladorlik, to‘lg‘oq, tug‘ruq yoki ko‘krak suti bilan ovqatlantirish vaqtida onadan go‘dakka o‘tadi.
OIV virusi aniqlanganidan buyon jahon hamjamiyati oldidagi eng global muammolardan biri bo‘lib kelmoqda. Yillardirki, bu ofat millionlab insonlarning yostig‘ini quritdi. Hozirga qadar kasallik tufayli dunyo bo‘yicha 32 million kishining vafoti qayd etilgan. Birgina 2018-yilning o‘zida 770 ming kishi OIV virusi tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil oxirida OIV virusiga chalingan 37,9 million odam ro‘yxatga olinib, ularning 1,7 millioni virusni aynan o‘sha yili yuqtirib olgani aniqlandi. Virus bilan eng ko‘p zararlangan hudud Afrika davlatlari bo‘lib, bu yerda 25,7 million inson organizmida OIV infeksiyasi bilan yashab kelmoqda. Yanada ayanchlisi, hozir 79 foiz kishi o‘zida OIV virusi borligini bilmaydi. Bunga 2018-yilda global miqyosda o‘tkazilgan tekshiruvlar chog‘ida kasallik bo‘yicha hech qanday shikoyati bo‘lmagan 23,3 million kishida OIV virusi aniqlangani yorqin misoldir.
Afsuski, bugun OIV/OITSga qarshi vaksina yaratilmagan. OIV virusining oldini olishning yagona chorasi — virusni yuqtiruvchi omillardan uzoq yurish va shifoxonalarda toza, bir martalik shprislardan foydalanish bo‘lib qolmoqda. Bu illatni to‘liq davolashning ham imkoni yo‘q. Shifokorlar qo‘llaydigan o‘ndan ortiq dori vositalari esa bemor ahvolini yaxshilash va umrini oz bo‘lsa-da uzaytirishga xizmat qiladi. Tibbiyot xodimlari bemor holatini to‘liq nazoratga olib, unga muntazam muolajalarni qo‘llash orqali uning ko‘proq yashashini ta’minlay oladi.
Shunga qaramay, so‘nggi yillarda olimlar bu yo‘nalishda ancha samarali tadqiqotlar olib bordi va virusning ko‘payishi hamda OITS bosqichiga o‘tib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi dori vositalari yaratdi. Mazkur preparatlar qo‘llangan bemorlar hozir o‘zini yaxshi his etmoqda va shifokorlar ular hayotini to‘liq davom ettirishi mumkinligi, hatto ish faoliyati tiklanganini ma’lum qildi. Biroq bu kabi ijobiy natijaga erishish uchun virusni ertaroq aniqlab, davo muolajalarini to‘g‘ri olib borish talab etiladi.
BMTning OITSga qarshi kurash dasturining asosiy hamkorlaridan biri bo‘lgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti OIV virusi tarqalishining oldini olish bo‘yicha 2016–2021-yillarga mo‘ljallangan global strategiya ishlab chiqqan bo‘lib, uning asosida kasallikni davolash va uning oldini olish bo‘yicha ko‘plab ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, 2030-yilga qadar OITS epidemiyasining tez tarqalishini to‘xtatish maqsadida tashkilot 2020-yildan muolajalarni yanada arzonlashtirish hamda ularni qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish choralarini ko‘rishni maqsad qilgan.
OITSga qarshi kurash ramzi bo‘lgan qizil tasma g‘oyasini 1991-yilda Frank Mur o‘ylab topgan. Aytishlaricha, u yashagan Nyu-York shtatidagi kichik shaharchada bir oila harbiy qizining Fors ko‘rfazidan eson-omon qaytib kelishiga ishonch ramzi sifatida ko‘ksiga sariq tasma taqib yurgan. Atlantada bolalarning o‘ldirilishi avj olgan davrda esa “yashash” ramzi sifatida yashil tasma taqilgan. Shu bois rassom Frank Mur biror rangdagi tasma OITS uchun ham qiyosiy ramz bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylab qoldi. Uning bu g‘oyasini professional rassom va san’at bo‘yicha menejerlardan iborat “Visual AIDS” tashkiloti mamnuniyat bilan qabul qildi. Shu tarzda “Qizil tasmani 6 santimetr uzunlikda kesib oling va uning yuqori qismini “V” shaklida buklang. So‘ng uni to‘g‘nag‘ich bilan kiyimingizga qistiring” degan reklama paydo bo‘ldi.
“Qizil tasmacha” loyihasi ilk bor 2000-yil 2-iyunda bo‘lib o‘tgan “Tony Awards”ning 45-mukofotlash marosimida rasman amalda qo‘llandi. O‘sha kuni barcha nomzod va tadbir ishtirokchilariga ixtiyoriy tarzda qizil lentalarni ko‘ksiga qadash taklif etildi. Ilk sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan qizil tasmacha shu tariqa har yili 1-dekabr — Xalqaro OITSga qarshi kurash kunida dunyo aholisi ko‘ksiga taqib, illatga qarshi kurashuvchilar qatorida turganidan faxr tuydiruvchi ramzga aylandi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.