Imkoniyati cheklangan bolalar e’tiborda
Har yili 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni dunyo miqyosida keng nishonlanadi. Bayram munosabati bilan imkoniyati cheklangan, nogiron bolalar ta’lim olayotgan maxsus maktab, maktab-internatlarda turli bayram dasturlari o‘tkaziladi. Mamlakatimizda ham imkoniyati cheklanganlar, ular parvarishlanayotgan oilalar uchun keng sharoitlar yaratilgan. Nogiron farzandlari bor oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, bu bolalarning ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Borada Prezidentimizning qator farmonlari beqiyos ahamiyatga ega. Jumladan, “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari imkoniyati cheklangan, nogiron bolalar, yoshlar tarbiyasida tub o‘zgarishlarga asos bo‘lib xizmat qilayotir.
Bularning barchasi nogiron farzandi bor ota-onalar uchun dalda bo‘lib, farzandining kelajakda barcha qatori o‘z o‘rnini topishiga ishonchini mustahkamlamoqda. Quvonarlisi, imkoniyati cheklangan yoshlarimiz imtiyozlardan foydalanib, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinmoqda. Bu ularning o‘ziga ishonchini orttirishi, shubhasiz.
Respublika ta’lim markazining Inklyuziv va maxsus ta’lim bo‘limi tomonidan imkoniyati cheklangan, nogiron bolalar uchun maxsus ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning o‘zlashtirishidagi kamchiliklarni korreksiyalash orqali reabilitatsiyasiga erishishga yo‘naltirilgan, ularni inklyuziv ta’limga tayyorlashga qaratilgan maxsus korreksion dasturlar yaratilgan. Mazkur dasturlar asosida mavjud darsliklar zamonaviy texnologiyalarga moslashtirilib takomillashtirildi, o‘qituvchi va ota-onalar uchun metodik qo‘llanma va tavsiyalar tayyorlandi.
Darsliklarda berilgan o‘quv materiali o‘quvchilarning talaffuz kamchiliklarini to‘g‘rilash, nutqini shakllantirish, tafakkuri va aqliy faoliyatini rivojlantirishga moslashtirilgan. Boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan maxsus darsliklar, undagi o‘quv materiallari, rasmlar o‘quvchilarning imkoniyatiga mos tabaqalashtirilgan yondashuv orqali o‘qitish, dastlabki tushunchalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan.
Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktab va maktab-internatlarning o‘quv rejasiga qo‘shimcha nutqiy muloqot fani kiritildi. Bu fanning kiritilishidan maqsad — eshitishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarning tinglash oqali nutqni tushunish va egallash imkoniyati yo‘qligi sababli ularga o‘quv materiali og‘zaki — daktil va imo-ishora orqali o‘rgatilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, o‘qituvchilar imo-ishorani mukammal tushunishi va uni to‘g‘ri qo‘llashi uchun metodik tavsiya yaratildi hamda ota-onalar, pedagoglar uchun har bir maktab-internatda shu yilning may oyida maxsus o‘quv jarayonlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlar o‘quvchilariga 2019/2020-o‘quv yili uchun jami 80 nomdagi darslik chop etildi. Bu darsliklar davlat budjetidan moliyalashtirildi.
Darvoqe, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga jarrohlik yo‘li bilan koxlear implant qo‘yish uchun shu yil 240 dan ziyod bolaga davlat budjetidan mablag‘ ajratildi. Bu — bolalarga kelajakda o‘z uyida, ota-onasi bag‘rida yashab, sog‘lom tengqurlari qatori ta’lim olishi va voyaga yetishi uchun yaratilgan imkoniyatdir.
Respublika ta’lim markazining Inklyuziv va maxsus ta’lim bo‘limi tomonidan koxlear implant qo‘yilgan bolarning reabilitatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha ota-onalar va surdopedagog mutaxassislar uchun o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratildi. Bo‘lim implant qo‘yilgan bolalarning eshitish qobiliyatini rivojlantirish va og‘zaki nutqini shakllantirishga qaratilgan reabilitatsiya ishlarini amaliy, ilmiy va metodik jihatdan taminlab kelmoqda. Ya’ni implantatsiya jarrohligidan o‘tgan bolalar respublikamizning barcha hududlaridan bo‘lgani inobatga olinib, hozirgi kunda hududlardagi maxsus surdopedagoglarga reabilitatsiyani amalga oshirishning yangi, zamonaviy usullari o‘rgatilmoqda.
RTMning Inklyuziv va maxsus ta’lim bo‘limi maxsus ta’lim tizimiga ilg‘or xorijiy tajribani, o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, shu jumladan, ta’lim berishning innovatsion usullarini olib kirish, o‘quv va o‘quv-uslubiy adabiyotlarning yangi avlodini yaratish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Imkoniyati cheklangan bolalar ta’limi — ta’lim olish va reabilitatsiyaga erishish orqali inklyuziv ta’limga o‘tmoqda. Chunki markazning defektolog mutaxassislari, olimlari bu borada ilmiy va amaliy ishlarni amalga oshirishda ilg‘or tajribalarga tayanib, katta rejalarni amalga oshirmoqda.
Ubayda FAYZIYEVA, Respublika ta’lim markazining Inklyuziv va maxsus ta’lim bo‘limi metodisti, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent