Bolaga shaxs deya qarang
O‘qituvchi shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim mazmunini to‘liq tushunishi va amalda qo‘llashi uchun “shaxs” va uning shakllanishi haqida ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Psixologlar fikricha, ijtimoiy munosabatlarga kirishuvchan va ijtimoiy taraqqiyotda faol ishtirok etuvchi odamgina shaxs hisoblanadi. Inson dastlab individ sifatida dunyoga kelib, ta’lim va tarbiya natijasida shaxsga aylanadi.
Shaxsga yo‘naltirilgan ta’limning maqsadi bolaning har tomonlama erkin, ijodiy fikrlashini rivojlantirishga erishishdir. Bunday ta’lim texnologiyasi bola shaxsini ta’lim tizimining markaziga qo‘yadi va unga o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun har tomonlama qulay, xavfsiz, erkin shart-sharoit yaratadi. O‘quvchi shaxsi bu texnologiyada keng imkon berilgan subyekt bo‘lib, u ta’lim tizimining asosiy maqsadi hisoblanadi.
Shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim o‘quvchi shaxsidagi mustaqillik, tashabbuskorlik, javobgarlikni his etish, tanqidiy fikrlash kabi sifatlarni tarbiyalaydi. Bunda o‘quvchi ta’lim tizimiga moslashtirilmaydi, balki unga individual xususiyatlarini hisobga olgan holda rivojlanishi uchun imkon beriladi.
Har kim ekkanini o‘rar, deganlaridek, bolaga qanday ta’lim bersak, u shunday bo‘lib ulg‘ayadi. Masalan, bola ko‘p tanqid qilinsa, birovlarni ayblashni; qo‘rquv ostida ulg‘aysa, qo‘rqoqlikni; qiziqish bilan yashasa, havas qilishni; qo‘llab-quvvatlash ruhida ulg‘aysa, o‘ziga ishonishni; maqtov eshitib katta bo‘lsa, qadrlashni; tan olinib yashasa, sevishni; rostgo‘ylik va adolat muhitida yashasa, adolat va haqiqat nimaligini o‘rganadi.
Xo‘sh sizning bolangiz qanday muhitda ulg‘aymoqda?
O‘quvchilar yoshi teng bo‘lsa-da, muayyan vaziyatlarda bir-biridan farq qiladi va turlicha o‘zlashtiradi. Jumladan, dunyoqarashi; fan yuzasidan bilimi; o‘qish uslubi va o‘zlashtirishi; motivatsiyasi; qiziqishi; diqqatni jamlash qobiliyati; psixologik va jismoniy holati; yetuklik darajasi va boshqalar. Bola shaxsini rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘quv muhiti ta’lim-tarbiya jarayonida bolaning yoshi, psixologik, fiziologik xususiyatlarini to‘liq hisobga olgan holda eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
O‘qituvchi bola aqliy rivojlanishini rag‘batlantiruvchi va ularni emotsional qo‘llab-quvvatlovchi ijodiy muhitni yuzaga keltira olishi kerak. Buning uchun pedagogdan bolalarga nisbatan insoniy, pedagogik pozitsiyada bo‘lishi; ularning ruhiy va jismoniy salomatligi haqida qayg‘urishi; har bir o‘quvchiga yetuk shaxsdek qarab, uni hurmat qilishi, tushunishi, qabul qilishi, unga ishonishi; zug‘um o‘tkazmasligi hamda kamchiligini bo‘rttirmasligi, bolaning past o‘zlashtirishi, o‘zini yomon tutish sabablarini aniqlashi va ularni o‘quvchi shaxsiyatiga zarar yetkazmaydigan tarzda bartaraf etishi; o‘quvchining ta’limda muvaffaqiyat qozonishiga yordam berishi, uning kuch va iqtidoriga ishonchini oshirishi; o‘quvchiga hamma kabi shaxs ekanini anglatishi, uni jamoaviylik ruhida tarbiyalashi talab etiladi.
Bu jarayonda o‘quvchi ta’lim jarayonining asosiy ishtirokchisi, o‘qituvchi bilan teng huquqli mustaqil bilim oluvchi subyektdir. Ta’lim beruvchi esa nafaqat “ma’lumot manbayi” va “nazoratchi”, balki ko‘proq bola shaxsi rivojlanishiga yordam beruvchi, qo‘llab-quvvatlovchi, rag‘batlantiruvchi va tashxis qo‘yuvchidir.
Gulbahor ABDULLAYEVA, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 205-maktab o‘qituvchisi