Aybdorni jazolash kimning ishi?
Televizor, kompyuter, internet, mobil telefon... sanayman desangiz, farzandingiz vaqtini o‘tkazishi, ovunishi uchun foydalanadigan vositalarning adog‘iga yetmaysiz. Vaqtingiz tejalganiga xursand bo‘lib, ko‘proq ishlash, pul topib, ko‘zingizning oq-u qorasini hech narsadan kam qilmay o‘stirishga harakat qilasiz. Ammo ba’zida uning jizzakiligi, betgachoparligidan og‘rinib, o‘zi kim uchun joningizni jabborga berib ishlayotganingiz haqida o‘ylab qolasiz. Ammo farzandingiz sizdan emas, aynan o‘sha ovunchoqlardan tarbiya olayotgani xayolingizga kelmaydi.
Tan olish qiyin, ammo ayni haqiqat: bugun farzandlarimizni texnika vositalari tarbiyalamoqda. Sizdan ko‘ra farzandingiz ko‘proq tushunishini aytib maqtanadigan telefon va internet uning tarbiyachisiga aylanib ulgurganini sezmay qolyapsiz...
“O‘ch olaman”
Ukam va kichik singlim tortishib qoldi. Ukam hali kichik bo‘lgani uchun singlimga kuchi yetmadi va tortishuvning so‘ngida alam bilan “Hali o‘ch olaman”, dedi. Yosh bolaning tortishishini kuzatish ham zavq beradi odamga. Ammo uning so‘nggi jumlasidan sergak tortdim. “O‘ch!”. Hali o‘zini tanib ulgurmagan bolaning lug‘atida bu so‘z qayerdan paydo bo‘ldi?! Bolaligimizda kimdandir xafa bo‘lsak, oxirgi so‘zimiz “Dadamga (onamga) aytib beraman” bo‘lardi. Ular chiqargan hukm ba’zan bizning, ba’zan “dushman tomon”ning foydasiga hal bo‘lsa-da, shu to‘g‘riligiga ishonib ketavergan ekanmiz. Bugun shakllanib kelayotgan avlod bunday so‘zlarni qayerdan olyapti? Ularning asl ma’nosini biladimi? Ukamga ayni vaziyatda nasihat qilishning foydasi yo‘q. O‘zi sevib o‘qiydigan ertak kitoblardan birini ochdim va o‘zimcha inoqlik haqida qandaydir ibratli voqea o‘qib bermoqchi bo‘ldim. Buni qarangki, ertaklar ham zamonaviylashib, kichik shahzodalar yakunda akalarini kechirish o‘rniga ulardan qasd olishga bel bog‘laydigan bo‘libdi. Raqibi tug‘ishganlarini yengib, jasoratiga mukofot sifatida go‘zal qizga uylanar ekan. Mana, yosh bola o‘ch olishni qayerdan o‘rganyapti. Bunday ertakni o‘qigan bola ruhiyatida qanday o‘zgarish bo‘lishi mumkin?
Kitobni varaqlar ekanman, zamonaviylashtirilgan ertaklarimizda shohlarning dardi faqat xotin olish-u, o‘g‘illarning dardi o‘ch olish ekanidan hayratlandim. Ukamga ibrat uchun birorta ham namuna topa olmagan ushbu ertaklar to‘plamini uning qo‘li yetmaydigan, ko‘zdan pana joyga olib qo‘ydim. Kitobni xarid qilishda bolani qiziqtiradigan rangli suratlariga, ertaklar nomiga qarar ekanmiz-u, o‘qib chiqmas ekanmiz. Ertaklarning bu qadar o‘zgargani kimning xayoliga kelibdi, deysiz? Bunday ertakni o‘qigan bola arzini oilaning “podshohi”ga aytib o‘tirarmidi?! O‘zi “jasorat” ko‘rsatib o‘ch olishga intilishi tabiiy...
Kunda ko‘rib ko‘zimiz o‘rganyapti
Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar, saytlarda e’lon qilinayotgan, hatto televideniye orqali efirga uzatilayotgan shunday mavzudagi kino va turli axborotlarni ko‘raverib ko‘zimiz o‘rganyapti. Ong ostida yig‘ilayotgan saboqlar har qanday kishini bir kuni ko‘rganlarini takrorlashga undashi mumkin. Televizorni yoqsangiz, kimdir kimnidir nimadir vositasida, qanday usullardan foydalanib o‘ldirgani haqidagi axborotga ko‘zingiz tushadi. Internet saytlarida ham eng ko‘p o‘qiladigan xabarlar aynan qotillik, jinoyatga oid. Bu turdagi axborotlar shu qadar ko‘paydiki, qon yuqi, pichoq, qonga botgan rasmlarni ko‘rib, ko‘zimizni yumgancha yuzimizni ters o‘girmaydigan bo‘ldik...
Biz shu qadar beshafqatmidik? Qilmishini jinoyat, o‘zini jinoyatchi deb hisoblaganlarimizga qachondan boshlab o‘zimiz hukm chiqaradigan bo‘lib qoldik? Hatto dushmanni yarador ko‘rganda yordam bergan, uning bolasini o‘z bolasidek bag‘riga bosgan xalqning avlodlari shunday bo‘lishi mumkinmi? Qonunbuzarlik qilayotgan vaqtda qo‘lga tushgan kimsalarni huquqni muhofaza qilish organlariga topshirmasdan, fuqarolarning o‘zlari “sud” qilib jazolayotgani, buning natijasida hatto o‘lim holatlari yuz bergani aks etgan videolarning ijtimoiy tarmoqlar, saytlarda keng tarqatilayotganiga nima sabab? Tarbiyamiz shu qadar sustlashib ketdimi yoki huquqiy savodimiz nol darajaga tushib qoldimi?
Qonun nima deydi?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19- va 20-moddalariga ko‘ra, fuqaro va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquq va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqdir.
Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.
Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklariga putur yetkazmasligi shart.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, aytish mumkinki, biror-bir shaxsning huquq va erkinliklari boshqa bir shaxsning huquq va erkinliklari boshlangan joyda tugaydi. Bu o‘z huquqlaridan foydalanayotgan shaxs boshqa shaxsning huquqlari(yashash huquqi, ozodlik huquqi, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy, sha’n qadr-qimmati)ga ta’sir qilmasligi lozim.
Agar kimdir qonunni buzsa, uni xohlagan shaxs jazolay olmaydi, bunga qonun ruxsat bermaydi. U bilan vakolat berilgan davlat idoralari shug‘ullanadi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 23-moddasining 1- va 2-qismiga ko‘ra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Qonunga ko‘ra, boshqa shaxsning vakolati bo‘lmagan shaxs tomonidan jazolanishi mumkin emas, ushbu harakatlarni qilgan shaxs ham javobgarlikka tortiladi. Ko‘rinib turibdiki, huquqiy savodxonlikning yetishmasligi ham odamlarning bilib-bilmay hukm chiqarishini keltirib chiqarmoqda.
— Yoshlarimiz o‘rtasida o‘zidan sudya “yasab” olib, hukm chiqarish holatlarini ko‘p kuzatyapmiz, — deydi psixolog Shoira Sharipova. — O‘smirlar juda qiziquvchan bo‘lishadi, ulardagi “men” shakllanayotgan vaqtda bu tabiiy. Ular o‘zlarida kechayotgan his-tuyg‘ularni to‘g‘ri deb hisoblashadi. Aybdor sanalgan odamni jazolash orqali insonlarga yaxshilik qilyapman, deb o‘ylaydi. Bunday vaqtda o‘smirlarga nisbatan “ko‘rsatib qo‘yaman” qabilida ish qilish noto‘g‘ri. Ijtimoiy tarmoqlar, televideniye va turli saytlarda berilayotgan shu mavzudagi xabarlar ham bola ongiga singib, uni noto‘g‘ri yo‘lga boshlashi mumkin. Afsuski, bunday xabarlarni, internet tarmog‘ini taqiqlolmaymiz. Bizda birgina yo‘l bor, u ham bo‘lsa — bolaligidan to‘g‘ri yo‘nalish berish. O‘zini o‘zi boshqaradigan qilib tarbiyalash.
Bizga nima o‘rgatyapsiz?
Yaqinda televizordagi dasturlarni kuzatdim. Xususiy kanallardan birida turk seriali berilayotgan ekan. Ikki oila bir-biri bilan urishadi, talashadi. Otishmalar natijasida begunoh odamlar o‘ladi, ammo o‘qlar yomg‘irida qolsa-da, bosh qahramonga hech narsa qilmaydi. O‘ch olish uchun qo‘liga qurol tutgan kimsa bosh qahramon darajasiga ko‘tarilgan. Shovqin va ur-surdan iborat bu kadrlarni biroz ko‘rganimdan so‘ng miyam tinchlikka naqadar o‘rganganini his etdim. Teleekranda bo‘layotgan otishma menga salbiy ta’sir qila boshladi. Boshqa kanalga oldim. Unda ham shu ahvol. Nafrat, qayg‘u, qasos... Odatda ommaviy axborot vositasi xalq ongini shakllantirish, ma’rifat yo‘liga boshlashda asosiy vositalardan hisoblanadi. Endi ekrandagi kinolarni hayotga tatbiq qilib ko‘raylik, xo‘sh, bola, umuman, odamlar ulardan nima o‘rgansin? Bir-birini qanday usulda o‘ldirishnimi? Kimdandir o‘ch olish uchun o‘z hayotini barbod qilishnimi?
Men kinolardagi maqsadni anglolmadim. Bizga ayni damda tadbirkorlikni o‘rgatadigan, bir so‘mni halol yo‘l bilan o‘n so‘m qilish yo‘llarini tushuntiradigan, qiyinchiliklarga uchrasa-da, maqsadi tomon harakatdan to‘xtamaydigan, eng muhimi, insoniylikni, vijdonini sotmaydigan, vatanparvarlikka targ‘ib qiladigan kinolar, teleasarlar kerak emasmi?!
Aybdorni jazolash uchun, avvalo, uning aybdorligini isbotlash kerak. Bu bilan esa vakolatli organ qonun doirasida shug‘ullanadi. Ammo turli ko‘rinishda (kino, badiiy asar, xabar va hokazo) keng ommaga uzatilayotgan axborot buning aksini aytib turibdi. Aziz ota-onalar, balki bu filmlarni ko‘rishga vaqtingiz yo‘qdir, ro‘zg‘or tashvishidan ortmassiz. Ammo, o‘ylaymanki, yaqin ko‘makchingizga aylanib ulgurgan axborot uzatish vositalari farzandingizga qanday tarbiya berayotganini bilish va nazorat qilish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Charos YOQUBOVA,
“Ma’rifat” muxbiri