“O‘zbekiston tarixi” telekanali o‘qituvchilarga yaxshi ko‘makchi bo‘ldi
2019-yilning 1-sentabridan “O‘zbekiston tarixi” telekanali o‘z ishini boshladi. Bu tarixchi muallimlarni judayam quvontirdi. Mazkur kanalning maqsadlari, biz — tarix o‘qituvchilarining maqsadlari bilan mushtarakdir. Telekanalni kuzatib, u orqali mamlakatimiz aholisi va jahon hamjamiyati o‘zbek davlatchiligi tarixi haqida juda ko‘plab ma’lumotlar olishi mumkinligiga amin bo‘ldim. “O‘zbekiston tarixi” telekanali O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, xorijda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy merosni o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan markaz bilan hamkorlik natijasida ona zaminimiz hududida ming yillar davomida sodir bo‘lgan tarixiy voqealar, shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng ommaga yetkazishga erishyapti.
Tarix o‘qituvchisi sifatida yosh avlodning tarix haqidagi bilimlarini boyitib, ularni Vatanga, o‘z xalqiga, milliy qadriyatlarimizga, davlatimiz taraqqiyotiga muhabbat ruhida tarbiyalashni o‘z oldimga maqsad qilib olganman. To‘g‘ri, biz o‘qituvchilar darslik asosida, qo‘shimcha adabiyotlarga tayanib, yangi pedagogik texnologiyalar va interaktiv usullardan foydalangan holda mavzularni o‘quvchilar ongiga singdirishga harakat qilamiz, lekin hozirgi zamon o‘quvchisiga mavzuning mazmun va mohiyatini ko‘proq AKT orqali tushuntirish qulayroq. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mazkur telekanaldagi har bir ko‘rsatuv va lavhalar darslarimizda qo‘shimcha multimedia vositasi sifatida bizga yaxshi ko‘makchi bo‘ladi.
Yuqori sinf o‘quvchilari turli savollar berishadi: “Ustoz, ko‘p ma’naviy va moddiy yodgorliklarimiz Rossiya imperiyasi Turkistonni mustamlaka qilgan paytda tashib ketilgan, ular hozir qayerda?” yoki “Bizning ham faxrlanadigan ajdodlarimiz haqida film yaratilmaydimi?”. O‘quvchilarda tug‘ilayotgan ushbu savollarga telekanal orqali javoblar topish mumkin.
Hozirgi kunda tarixiy shaxslar va ajdodlarimizning shonli tarixini o‘zida aks ettiruvchi o‘nga yaqin kino va seriallar suratga olish rejalashtirilgan. Xorijda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy merosni o‘rganuvchi ilmiy markazlar tashkil qilinib, qaysi davlatda ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgani haqida ko‘rsatuv berib borilayotgani ham o‘quvchilarni qiziqtirayotgan turli savollarga javob bo‘la oladi. Jumladan, “O‘zbekiston tarixi” telekanalidagi “Munozara maydonchasi” tok-shousida hozirgi kunda O‘zbekiston tarixi bo‘yicha amalga oshirilayotgan yangi ilmiy-tadqiqot ishlari va ularning natijalari haqida, hozirga qadar ochilmagan tarixiy ma’lumotlar ustida izlanishlar olib borayotgan olimlar chiqib, ma’lumot berishadi. “Tarixiy savol”, “Tamaddun”, “Tabobat tarixi”, “Bir qishloq tarixi” kabi ko‘rsatuvlar tashkil qilinishi ham o‘quvchilarga asosli ma’lumot beradi. “Ochiq dars” ko‘rsatuvida respublika, shahar va tumanlar miqyosida darslari ommalashgan tajribali va mahoratli o‘qituvchilarning darslari yoritilsa, yosh ustozlarga uslubiy yordam beradi.
Shahnoza MAMADIYOROVA, Sergeli tumanidagi 300-IDUMning tarix fani o‘qituvchisi