Kitobxonlik o‘qishgagina emas, o‘qitishga ham bog‘liq
O‘quvchilarning kitobga qiziqishi, mutolaaga munosabatini tubdan o‘zgartirishda adabiyot o‘qituvchilarining o‘rni beqiyos. Mutolaa madaniyatini shakllantirishda o‘quvchilarni mustaqil o‘qishga qiziqtirish uchun “Kitobim — oftobim”, “Kitob, mening do‘stimsan”, “Asarlarda sehr bor”, “Eng yaxshi kitobxon” kabi tanlovlar va har xil mavzularda bahs-munozalarni tez-tez o‘tkazib turish tavsiya etiladi.
Ta’lim muassasalarida sinfdan tashqari o‘qilgan kitoblar asosida kitobxonlar konferensiyasini o‘tkazish bolalarning mantiqiy va ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi, kitobga havas uyg‘otadi. O‘quvchilarni kitob o‘qishga undash uchun adabiyot darslarida quyidagi usullarni qo‘llash lozim:
— asarning eng qiziqarli joyini qayd etish;
— asar qahramonlari monologlaridan yod olish;
— asarning eng ta’sirli joyini o‘qitish.
Asar chuqur tahlil etilsa, mutolaa zavq bag‘ishlaydi. Ba’zi o‘quvchilar badiiy asarni o‘qigani bilan xulosa chiqarishga qiynaladi. Shuning uchun adabiyot darslarida besh daqiqalik “Ma’naviyat daqiqasi” usulidan foydalanish mumkin. Bunda qisqa hikoyalardan biri o‘quvchilarga o‘qib eshittiriladi va hikoya xulosasi o‘quvchilar tomonidan chiqariladi. Unda bola mantiqan fikrlaydi, o‘z mulohazalarini to‘g‘ri va ravon bayon etishga harakat qiladi.
Mutolaaga asar tanlash ixtiyoriy bo‘lib, albatta o‘quvchi o‘qituvchining taklif va tavsiyalariga tayanadi. Kitob targ‘ibotida asarning tarbiyaviy jihati, janri, mavzusi, tarbiyalanuvchi yoshi va saviyasi, shaxsiy qiziqishlari inobatga olinadi. Kitob tanlashda o‘quvchilar fikrini inobatga olish va kengashib ish ko‘rish zarurligini unutmaslik darkor. Targ‘ibot jarayonida o‘qituvchi asarning ahamiyatli o‘rinlarini hikoya qilib berishi, asarga bitilgan so‘zboshidan misollar keltirishi, voqealar sodir bo‘lgan joy xaritasi bilan tanishtirishi va yana qanday kitoblarga ehtiyoj borligini aniqlashi zarur. Yangi adabiyotlarni tavsiya qilish, kitob, unga ishlangan rasmlarni ko‘rsatish yoki qiziqarli epizodlardan parchalar o‘qish orqali amalga oshiriladi. Kitob targ‘iboti asarlar ro‘yxatini zamonaviy va noan’anaviy dizaynda sinfxonalarga joylashtirish, unga vaqti-vaqti bilan yangiliklar kiritish orqali amalga oshiriladi.
Dildora SHAMSIDDINOVA, Karmana tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi