Dunyo xaritasida yangi davlat
Dunyoning biz bilgan siyosiy xaritasi doim bir xil ko‘rinishda bo‘lmaydi. U o‘z ozodligini qo‘lga kiritib, mustaqil davlat sifatida tan olinadigan mamlakatlar hisobiga muttasil kengayib boradi. Jahon xaritasiga qo‘shiladigan navbatdagi davlat Papua-Yangi Gvineya tasarrufidagi Bugenvil oroli bo‘lishi kutilmoqda. “Bloomberg” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan referendumda mamlakat aholisining 98,31 foizi Bugenvil ozodligi uchun ovoz bergan.
Uzoq yillar davomida Papua-Yangi Gvineya tasarrufida bo‘lgan Bugenvil bugungi tarixiy kunga yetib kelgunga qadar olis va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Xalqning ozodlik uchun olib borgan kurashlarida minglab insonlar qurbon bo‘ldi. Aholi esa alohida millat bo‘la turib, boshqa davlat qo‘l ostida qaram bo‘lib yashashga mahkum etildi.
Bugenvil tarixi bevosita Papua-Yangi Gvineya davlati tarixi bilan bog‘liq. Har ikkala mamlakat uchun ham mustaqillikka erishish oson bo‘lmadi.
1526-yili portugaliyalik dengiz sayyohi Jorj di Menezish Yangi Gvineyani kashf etdi. Orol nomini esa 1545-yili ispaniyalik dengiz sayyohi Inigo Ortis de Retes berdi. Sayyoh bu yerliklarning tashqi ko‘rinishini Afrikadagi Gvineya aholisiga o‘xshatgani bois, uni Yangi Gvineya deb atadi. Orolning tub aholisi papuas va melaneziyaliklardan iborat bo‘lib, ular xuddi tosh davridagi kabi hayot kechirgan va asosan ovchilik, baliqchilik bilan shug‘ullangan. XIX asrga kelib, Yangi Gvineya yevropaliklar mustamlakasiga aylanib, “qo‘ldan qo‘lga” o‘ta boshladi.
Avvaliga, 1884-yili Yangi Gvineya orollarining janubi-sharqiy qismi — Papuaga Britaniya imperiyasi hukmronlik qildi. 1885-yilda orolning shimoli-sharqiy hamda Solomon orollarining shimoliy qismida germaniyaliklar hukmronligi boshlandi. 1906-yilda esa Britaniya imperiyasi o‘z mustamlakasi Papuani Avstraliya Ittifoqiga berib yubordi.
Birinchi jahon urushi davrida Avstraliya Yangi Gvineyaning Germaniyaga qarashli hududlarini ham zabt etdi. Va 1920-yilda Millatlar Ligasidan mazkur hududlarni boshqarish vakolatini oldi. 1942-yilga kelib Yangi Gvineya orollarini boshqa bir davlat — Yaponiya bosib oldi. Uning hukmronligi 1945-yilda Avstraliya-AQSh kuchlari bosqinchilarni butunlay tor-mor etguniga qadar davom etdi.
1949-yildan Yangi Gvineya va Avstraliya hukumatlari o‘rtasidagi ma’muriy aloqalar ularni o‘zaro yaqinlashtira boshladi. 1973-yilda Avstraliya mustamlakasidagi davlatga o‘zini o‘zi boshqarish huquqini berdi. Oradan ikki yil o‘tib, 1975-yilda Papua-Yangi Gvineya to‘liq mustaqillikka erishdi va o‘zini alohida davlat deb e’lon qildi. Ammo o‘z mustamlakasidagi Bugenvilga o‘zi kabi ozod bo‘lish baxtini bermadi.
Bugenvil oroli 1768-yil 30-iyunda fransuz sayyohi Lui Antuan de Bugenvil tomonidan ochilgan va sayyohning sharafiga shunday nom bilan atalgan. U Tinch okeanining janubi-g‘arbiy qismidagi Melaneziyadagi Solomon orollarining yirik qismi bo‘lib, hech qachon Germaniya mustamlakasidagi Yangi Gvineya tarkibiga kirmagan. Ammo 1970-yilda Papua-Yangi Gvineya tarkibiga qo‘shib olindi va shundan buyon o‘z ozodligi uchun kurashib keladi.
Bugenvilda dunyodagi eng katta mis konlaridan biri bor. Orol, shuningdek, boshqa tabiiy resurslar, jumladan, oltin zaxirasiga boy. Mahalliy aholi ana shu tabiiy boyliklar hisobiga mustaqil davlat sifatida rivojlana olishiga qattiq ishonadi.
1988-yilda orol aholisi orasida norozilik yuzaga keldi. Ular markaziy hukumatni oroldagi tabiiy boyliklardan faqat o‘zlari foydalanib, xalqqa hech vaqo bermaslikda aybladi. Bu holat fuqarolar urushiga sabab bo‘ldi va qisqa vaqtda mahalliy rahnamo Frensis Ona boshchiligida qurollangan Bugenvil armiyasi shakllandi. Ammo 1990-yilda hukumat qo‘shini tomonidan tor-mor etildi.
Shu bilan taslim bo‘lishni istamagan Bugenvil aholisi ikkinchi bor mustaqillik uchun kurashni boshladi. Papua-Gvineya davlati ham bir chetda qarab turmadi, isyonchilarga qarshi keng ko‘lamli urush boshladi va u 7 yilga cho‘zildi. Mustaqillik uchun kechgan qonli kurashlarda 15 ming odam halok bo‘ldi. Nihoyat, markaziy hukumat orolning katta qismini o‘z nazoratiga oldi, ammo baribir aholini to‘liq bo‘ysundirolmadi.
Bu kurashlardan biror naf chiqmasligini har ikkala davlat ham tan oldi va 2001-yili ular o‘rtasida tinchlik bitimi imzolandi. Unda Bugenvil Papua-Yangi Gvineya tarkibida qolishi, ammo avtonom hukumat sifatida o‘z konstitutsiyasini yaratishi hamda har 10–15 yilda referendum o‘tkazish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yildi. Shu tariqa ikki tomonlama kelishuv orqali yuz berishi mumkin bo‘lgan navbatdagi isyonlar hamda ularda beriladigan minglab qurbonliklarning oldini olishga erishildi.
Papua — Yangi Gvineyaning va’dasiga ishongan Bugenvil bir necha bor referendum o‘tkazishga urindi, ammo markaziy hukumat har gal bu jarayonni ortga surdi. Biroq endi hukumat bugenvilliklarning talabiga qarshilik qilolmasdi, aks holda, yana urush boshlanishi turgan gap edi. Nihoyat shu yilning 23-noyabrida saylov uchastkalari ish boshladi va uzoq kutilgan referendum bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish jarayoni ikki hafta davomida turli hududlarda navbatma-navbat o‘tkazildi. Unda “Bugenvil avtonom Respublika sifatida kengayshini istaysizmi yoki mustaqil davlatga aylanishini?” degan savol qo‘yildi. Xalq Bugenvilning katta avtonom yoki to‘liq mustaqil davlatga aylanishini tanlashi kerak edi.
Orolning 300 ming kishilik aholisidan 181 mingi referendumda ishtirok etdi. Ulardan 176 928 kishi yoki 98,31 foiz aholi Bugenvilning mustaqilligi uchun ovoz berdi. Natijalarni referendum komissiyasi raisi, Irlandiya sobiq bosh vaziri Berti Axern o‘qib eshittirdi. Ushbu quvonchli xabar yangragach, salkam 45 yillik urushdan so‘ng Bugenvil xalqi nihoyat o‘zini hur insonlardek his eta boshladi.
Ammo quvonishga hali erta. Natijalar Bugenvil mustaqilligi uchun yaqqol asos bo‘lsa-da, bu qarorni hali Papua-Yangi Gvineya parlamenti rasman tasdiqlab, rozilik bildirganicha yo‘q. Hozircha Bugenvil ishlari bo‘yicha vazir Puk Tem natijalar ishonchli ekanini aytib, ovoz beruvchilardan yakuniy xulosani e’lon qilish uchun markaziy hukumat parlamentiga biroz vaqt berishlarini so‘radi. Ayrim bashoratchilarning fikricha, bu masala ijobiy hal bo‘lmasligi va yana yangi nizolarga sabab bo‘lishi mumkin.
Gap shundaki, Papua-Yangi Gvineya markaziy hukumati shu choqqacha Bugenvil aholisi alohida ajralib chiqishni istamasligiga qattiq ishonardi. Shu bois referendum natijalari ular uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Hatto, Papua-Yangi Gvineya bosh vaziri Jeyms Marape referendum natijalari hamda Bugenvilning mustaqilligi boshqa mustamlaka mamlakatlarda norozilik kayfiyatini oshirishidan xavotirda ekanini ochiqchasiga ma’lum qildi. Shunday ekan, mamlakat parlamenti referendum o‘tkazilishiga rozilik bergan bo‘lsa-da, natijalarni qabul qilib, mustaqillik deklaratsiyasiga imzo chekishiga kafolat yo‘q.
Ammo bu faqatgina ikki davlat o‘rtasidagi masala emas. Referendum xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlangani hamda jahon tinchlik bitimining bir qismi bo‘lgani bois, parlament uni inkor etishi qiyin. Bunday vaziyatda ko‘rsatilgan qarshilik sabab Papua-Yangi Gvineya jiddiy sanksiyalar ostida qolishi mumkinligini yaxshi biladi. Har ne bo‘lganda ham markaziy hukumat o‘z qarorini ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng ma’lum qiladi. Ammo bu jarayon Bugenvil g‘alabasi bilan tugashiga ishonch kattaroq.
“Bloomberg”ning yozishicha, Bugenvil aholisi mustaqillik ularga iqtisodiy farovonlik olib kelishiga ishonmoqda. Ular orolda joylashgan va 1989-yilda to‘xtatib qo‘yilgan dunyodagi eng yirik mis va oltin konidan katta foyda olish hisobiga mamlakatni rivojlantirish niyatida. Mahalliy iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Bugenvil 5,4 mln tonna mis hamda 19,3 mln unsiya (qadimgi davlatlarda og‘irlik o‘lchov birligi) oltin zaxirasiga ega. Bu hozirgi narxlarda hisoblaganda taxminan 60 milliard AQSh dollariga teng. Biroq mutaxassislar orol tabiiy resurslar zaxirasiga ega bo‘lsa-da, davlat sifatida o‘zini o‘zi ta’minlash imkoniyati atigi 56 foiz ekanini ta’kidlamoqda.
Agar Bugenvil mamlakat mustaqilligini qo‘lga kiritsa, u holda, maydoni 10 ming kvadrat kilometrlik dunyodagi eng kam sonli aholiga ega davlatlardan biriga aylanadi. Tabiiyki, yangi davlat biror hafta yoki oyda paydo bo‘lib qolmaydi. Orolda hali siyosiy institutlar shakllanmagan, iqtisodiy holati ham yaxshi emas. Muttasil davom etgan qurolli to‘qnashuvlar tabiiy resurslarga boy Bugenvilning moliyaviy ahvolini ancha yomonlashtirgan. Shu bois uning tashqi qo‘llab-quvvatlovlarsiz oyoqqa turib ketishi qiyin. Aniqrog‘i, unga rivojlangan mamlakatlarning ko‘magi zarur. Aslida, orolni qo‘llab-quvvatlash allaqachon boshlangan. “South China Morning Post” nashrining xabar berishicha, Pekin referendumni o‘tkazishda Bugenvilga moliyaviy yordam ko‘rsatdi. G‘arb davlatlari esa mustaqil Bugenvil tezda Xitoy ta’siriga tushib qolishidan xavotirda.
Bugenvil to‘liq mustaqillikni qo‘lga kiritgach, qisqa vaqtda boshqa davlatlar bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatishi va muammosiz BMT tarkibiga kirishi mumkin. U boshqa mamlakatlarda qiziqish uyg‘otishi oqibatida ular orasida orolliklar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatish poygasi boshlanib ketishi ham hech gap emas. Rivojlangan davlatlar eng kamida Bugenvildagi mis konlariga sarmoya kiritishga qiziqish bildiradi. Hatto uni qo‘llab-quvvatlovchilar orasida boshqa maqsadlarni ko‘zlaganlar ham topiladi. Biroq bu keyingi masala. Asosiysi, Bugenvil uzoq yillik kurashlardan so‘ng nihoyat o‘z ozodligini qo‘lga kiritish ostonasida turibdi. Uning kelgusida mustaqil davlat sifatida qay darajada rivojlanib, dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘la olishini esa vaqt ko‘rsatadi. Biroq har ne bo‘lganda ham dunyo xaritasida yana bir yangi mustaqil davlatning paydo bo‘lishi jahon hamjamiyati uchun quvonchli bo‘lishi shubhasiz.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.