Xudoyberdi To‘xtaboyev maktabda mehmon bo‘ldi
Sergeli tumanidagi 277-maktabda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy kechalar, taniqli yozuvchi-shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish an’anaga aylangan.
Yaqinda mazkur muassasada tashkil etilgan “Biz kutgan mehmon” tadbiri ham ana shunday qiziqarli uchrashuvlardan biri bo‘ldi. Unda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev va O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Rustam Musurmon ishtirok etib, o‘quvchilar bilan bugungi o‘zbek adabiyotidagi yangiliklar, kitobxonlik haqida qizg‘in suhbat qurdi.
— O‘quvchilarimizni kitobxonlikka qiziqtirish, milliy va jahon adabiyoti durdonalari mutolaasiga havas uyg‘otish maqsadida maktabimizda adabiy uchrashuvlar ko‘plab o‘tkaziladi, — deydi 2-“A” sinf rahbari Dilafro‘z Hasanova. — Misol uchun, taniqli adibimiz Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Besh bolalik yigitcha” kabi qator asarlarini o‘quvchilar zavq bilan mutolaa qiladi. Sevimli adiblarimizning maktabimizga kelib, yosh kitobsevarlar bilan yuzma-yuz uchrashishi bolalarda, albatta, bir umrga unutilmas taassurot qoldiradi va kitobga, adabiyotga qiziqishini yanada oshiradi.
Uchrashuvda adiblar o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berib, ijod namunalaridan o‘qib berdi.