5 ta tashabbus doirasida 2,9 mln. nafar o‘quvchi to‘garaklarga jalb etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan 5 tashabbus doirasida yurtimiz umumta’lim maktablarida turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur 5 muhim tashabbusni joriy etishdan asosiy maqsad va yo‘nalishlari aniq belgilab berilgan.
Jumladan, birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Ikkinchi tashabbus yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.
Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
To‘rtinchi tashabbus yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutadi.
Ayni vaqtda beshta muhim tashabbus bo‘yicha yurtimiz umumta’lim maktablarida turli to‘garaklar namunali faoliyat olib bormoqda.
Xususan, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi to‘garaklarga 779 ming, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha 1,1 mln, axborot texnologiyalari yo‘nalishiga 444 ming, kitobxonlikka 264 ming nafar o‘quvchi hamda 377 ming nafar qizlar ijtimoiy faol hayotga jalb etildi. Jami 2,9 mln. nafar o‘quvchi to‘garaklarga jalb etilib, umumiy ko‘rsatkich 47,5 foizni tashkil etdi, deb xabar beradi XTV axborot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 19-mart kuni Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning yurtimizning barcha hududlarida joriy etilishi bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.