Vatan mehri qalblarda
“Harbiy vatanparvarlik oyligi” yosh avlod qalbi va shuuriga yuksak insoniy fazilatlarni singdirishga xizmat qildi.
Oylik doirasida Buxoro shahridagi harbiy sohaga yo‘naltirilgan 20-umumta’lim maktabida Buxoro harbiy garnizoniga qarashli harbiy qism askarlari mehmon bo‘ldi. Qadamlarida qat’iyat, yuz-ko‘zida g‘ayrat-shijoat aks etgan mard, o‘ktam yigitlarning tashrifi o‘z kelajagini ular qatorida ko‘rishni istagan o‘quvchilar qalbida bir olam havas uyg‘otdi. Harbiy akalari bilan yonma-yon turish, samimiy suhbat qurish ularga zavq ulashdi. O‘quvchilar harbiy sohaning sir-asrorlari, askarlik mas’uliyati haqida o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi. Eng asosiysi ular Vatanni himoya qilish sharafli burch ekanini chuqur anglashdi.
— Ilm maskanimizda bunday uchrashuvlarni tashkil etish an’anaga aylangan, — deydi maktabning chaqiruvga qadar boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik fani o‘qituvchisi Olim Azimov. — Harbiy qismga tez-tez sayohat uyushtirib turamiz, ba’zan ular maktabimizga kelib, ochiq darslar, uchrashuvlarda ishtirok etishadi. Bu harbiy yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan sinflarda tahsil olayotgan o‘quvchilarimiz uchun o‘ziga xos amaliy saboq vazifasini o‘taydi.
Samimiy suhbat bayram tadbiriga ulandi. Maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy-musiqiy chiqishlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Kogon shahridagi 7-umumta’lim maktabi jamoasi tumandagi “Amir Temur” mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda xayrli ishga bosh qo‘shdi. “Harbiy vatanparvarlik oyligi” doirasida ushbu ilm dargohi o‘quvchilari faxriy harbiylar uylarida bo‘lib, ulardan xabar olishdi. Hayotini Vatan himoyasi yo‘lida safarbar etgan, yurt tinchligi, osoyishtaligi uchun xizmat qilgan va ayni paytda nafaqadagi faxriylarga ko‘rsatilayotgan ehtirom, e’zozdan boshlari ko‘kka yetdi.
Iroda ORIPOVA