Yurtga sadoqat ruhida o‘tdi
Chilonzor tumanidagi 217-maktabning 4-“E” sinf o‘quvchilari ishtirokida “Vatan himoyasi sharafli burch” nomli tadbir o‘tkazildi.
— Maqsadimiz —Vatan muqaddasligini, uning sarhadlarini qo‘riqlash, asrash har bir fuqaroning burchi ekanligini yana bir bor o‘quvchilar qalbiga jo etishdir. Sahna ko‘rinishlari, qo‘shiq va she’rlarda aynan Vatan himoyasi mard va jasur o’g’lonlarning ishonchli qo‘llarida ekani tarannum etildi, — deydi maktab direktori Umida Aripova.
Bayramda sinfimizdagi 36 o‘quvchining barchasi ishtirok etdi. Abdurauf Habibjonov, Mashkura Majidova, Azizjon Obidjonov, Muslima Hamidova, Habibulloh Najodov, Jonibek Xudoynazarov o‘ziga berilgan rollarni zo‘r ishtiyoq bilan ijro etdi. Har bir o‘quvchi Vatan, yurt haqidagi she’rlarni maroq bilan aytishdi.
Ushbu bayram tadbirining ahamiyatli jihati shundaki, o‘quvchilar harbiy liboslarda o‘zlarini askarlardek tutishdi. Demakki, tadbir bahona yana bir bor yurtga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini his qilishdi.
Nilufar ERGASHEVA, shu maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi