Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni
Bag‘dod tumanidagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni» deb nomlangan tantanali bayram kechasi bo‘lib o‘tdi. Maktab hovlisiga tuman Mudofaaga ko‘maklashuvchi Vatanparvar tashkilotining xizmat mashinalari karvonining kirib kelishini o‘quvchilar katta qiziqish va dillarda hayajon bilan kutib olishdi.
Tadbirga tuman mudofaa ishlari bo‘limi vakillari, «Manguberdi izdoshlari» maktabi o‘quvchilari, harbiy xizmatni o‘tab qaytgan maktabning sobiq o‘quvchilari tashrif buyurishdi. «Manguberdi izdoshlari» maktabi o‘quvchilarining harbiy tayyorgarlik jarayonidan ko‘rsatgan mashqlari o‘quvchilarni vatan himoyachisi bo‘lish, vatanga sadoqat bilan xizmat qilish tuyg‘ularini yanada orttirdi. Mehmonlarni maktabning 5-“B” hamda 9-“D” o‘quvchilari o‘zlarining Vatan haqida she’r va qo‘shiqlari, vatan himoyasini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari bilan xushnud etishdi. Tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.