Vatan sizni aslo unutmaydi
Bulung‘ur tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 66 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2019-yil 15-dekabrdan 2020-yil 15-yanvargacha “Vatanparvarlik” oyligi o‘tkazildi.
Oylik doirasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tuman xokimligi, mudofaa ishlari bo‘limi, ichki ishlar bo‘limi, prokuratura va Yoshlar ittifoqi tuman kengashi bilan hamkorlikda bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, tumandagi 11-maktabning o‘quvchilari “Niyozmat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 95 yoshli O‘rozali Pirmanovning xonadonida bo‘lib, bayram munosabati bilan tabrikladi. O‘quvchilar tomonidan yozilgan “Qahramon bobomga” deb nomlangan xatlar O‘rozali boboga taqdim etildi.
Tumandagi 18-maktabda o‘tkazilgan tadbirda Vatan sarhadlarini qo‘riqlashda xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan Ma’ruf Rajabovning xotirasi yodga olindi.
Tadbirda qahramonning oila a’zolari, viloyat mudofaa ishlari bo‘limi boshqarmasi xodimlari, M.Rajabov xizmat qilgan Harbiy qism komandirlari, do‘stlari, “Beshqo‘ton” mahallasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda maktab o‘quvchilari tomonidan Vatanni madh etuvchi she’rlar, kuy va qo‘shiqlar hamda M.Rajabov xotirasiga atalgan “Vatan sizni aslo unutmaydi” monologi mahorat bilan ijro etildi.
Oylik doirasida shunday tadbirlar tumandagi barcha ta’lim muassasalarida o‘tkazildi.
Alijon Haydarov, Bulung‘ur tuman xalq ta’limi bo‘limi ma’naviy-axloqiy tarbiya va bolalarni ijtimoiy himoyalash sho‘basi mudiri