Vatanni himoya qilish — sharafli burch
Denov tumanidagi 52-umumta’lim maktabida 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Vatan — muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda tumanda joylashgan harbiy qism komandirlari va xizmatlik burchini o‘tayotgan harbiylar qatnashdi.
Dastlab maktab direktori O.Bo‘riev respublikamizda va jahonda bo‘lib o‘tayotgan siyosiy yangiliklar, jamiyat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib, o‘tayotgan har bir tinch kunimiz va xotirjamligimizning asosi Vatan himoyachilarini, yurtimizning mard, jasur o‘g‘lonlarini bayram bilan tabrikladi.
Ma’ruzachilar tomonidan o‘quvchilarga mazkur bayram nafaqat qo‘liga qurol olib Vatanni qo‘riqlovchilar bayrami ekanligini, balki barcha erkak himoyachilar bayrami ham ekanligini uqtirish hamda ular o‘zlarini shunday his qilishlari to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borildi.
— Bugun harbiy qismlarimizda jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari yangicha ko‘rinish kasb etmoqda. Harbiy qismlar, o‘quv poligonlari infratuzilmalari tubdan o‘zgardi. Islohotlar pirovardida o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida to‘qqiz pog‘ona yuqoriladi, — deydi harbiy qism katta leytenanti V.Bozorboev. Bundan keyin ham Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilib, yurtimiz sarhadlarini mustahkam saqlash, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.
Bayram marosimi teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari hamda konsert dasturlari bilan yanada qizg‘in kechdi. Vatanni madh etuvchi va dillarga bayramona kayfiyat ulashuvchi kuy-qo‘shiqlar esa tadbirning ko‘tarinki ruhda o‘tishini ta’minladi.
Barno HAZRATQULOVA, Denov tumanidagi 52-maktabning musiqa fani o‘qituvchisi