Jismoniy jazo — chora emas!
Azaldan ustoz buyuk zot sifatida ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Ammo so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ustoz nomiga dog‘ tushirayotgan, o‘quvchilarni yomon so‘zlar bilan haqoratlayotgan yoki kaltaklayotgan o‘qituvchilar haqidagi videolavhalar tez-tez paydo bo‘layotgani hech kimga sir emas.
Yaqinda telekanallarning birida ayol o‘qituvchining o‘quvchisi qo‘liga sirkul tiqib olgani va bu holatni hech kimga oshkor qilmasligi uchun aybdorga pul ham taklif qilganini ko‘rib dahshatga tushdim. Ko‘zlarimga beixtiyor yosh keldi. Nahotki shunchalikka borsak?! O‘zbek xalqining bolajonligi qayerda qoldi? Yoki jazoning yangi turimi bu? Voqeani oilam davrasida ko‘rayotganim bois turmush o‘rtog‘im, farzandlarim menga savol nigohi bilan qarashdi. O‘n yashar qizim esa hayrat ko‘zlari bilan termulib, “Ona, siz o‘quvchilaringizni bunday jazolamaysiz-a?” deb so‘radi. Shunda farzandimni o‘sha o‘quvchi qiz o‘rniga qo‘yib ko‘rdim. “Bola qanday ahvolga tushgan ekan, ota-onasi-chi?” degan o‘ylar uzoq vaqt xayolimdan ketmadi.
Beixtiyor o‘quvchilik paytlarim esimga tushdi. Maktabda mehnat darsini juda yaxshi ko‘rardim. Sababi, u paytlarda turli chiroyli kashtalar tikardik. Qo‘g‘irchog‘imizga kiyimlar tikib, yasantirardik. Shunda o‘qituvchimiz igna bilan ehtiyot bo‘lib ishlash kerakligini erinmasdan uqtirardi. Ba’zan barmoqlarimizga angishvonani mehr bilan taqib qo‘yganida ustozning quyoshdek issiq taftini his etganman. Shundan xulosa qilish mumkinki, bolani chindan sevmagan, uning yuragini tinglamagan pedagog haqiqiy ustoz emas. Bolani jismoniy jazolab tarbiyalayman, deganlar yanglishadi. Bu harakatlari bilan no‘noq pedagog bolaning ruhiyatini yaralaydi, xolos.
Farog‘at O‘RAZMETOVA, Qo‘shko‘pir tumanidagi 1-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan maktab-internat o‘qituvchisi