Ta’lim samaradorligi to‘garaklar bilan
Sinfdan tashqari tarbiyaning asosiy maqsadi o‘quvchilarni iloji boricha ko‘proq to‘garak ishlariga jalb etib, ularning dunyoqarashini har tamonlama rivojlantirish, badiiy didini, tabiatga, ona Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatini oshirishdir. Mazkur maqsadni amalga oshirishda maktablarda darsdan tashqari to‘garak ishlari olib borilmoqda.
Shu jumladan, musiqa madaniyati fani to‘garagi bunga yaqqol misol bo‘ladi. Avvalo, musiqa o‘qituvchisining aniq ishlab chiqilgan to‘garak rejasi bayramlar, uchrashuvlar, tadbirlarni hisobga olgan holda tuzilishi maqsadga muvofiq. Bunda har bir mashg‘ulot turiga qarab, uning asosiy maqsadi, xususiyati, repertuar mazmuni, maktab imkoniyatlari, taklif etilgan mehmonlar hisobga olinib, o‘quvchilar jalb etiladi. Tadbir loyihasini musiqa o‘qituvchisi o‘z xohishi va imkoniyatlariga qarab, mustaqil tarzda tuzib chiqadi. O‘qituvchi turli xil to‘garaklar (xor, xonandalik, raqs, ansambl, folklor, teatr va hokazo) tuzib, guruhlarga bo‘lib ishlaydi. To‘garak ishlariga qobiliyatli, qiziquvchan, musiqa madaniyati darslarida faol qatnashadigan o‘quvchilar tanlab olinadi. Darslarda har bir bolaning layoqati va qiziqishi hisobga olinib, u yoki bu musiqa to‘garagiga jalb etiladi.
To‘garak faoliyatini faollashtiradigan unsur — bu maktab sahnasidir. O‘quvchilar tadbirlarda qo‘shiqlar, raqslar va rollar ijro etib, maktab jamoasi oldida e’tibor qozonadi va ko‘rik-tanlovlarda qatnashadi. Bu ularning o‘z mehnatidan zavqlanish his-tuyg‘ularini, Vatanga muhabbat, musiqa san’atiga hurmat, do‘stlari orasida mehr-muhabbat tuyg‘usini oshirib boradi. Musiqa madaniyati darslari to‘garak ishlarini olib borishda va musiqiy tarbiya berishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Shu maqsadda bolalar bog‘chalari va maktablarda barcha to‘garaklarni tuzish va uning ish faoliyatiga shart-sharoitlar yaratmog‘imiz maqsadga muvofiqdir. Bolalar bog‘chasidan maktabga kelgan bolaning musiqiy qobiliyatlari shakllangan bo‘ladi. Agar musiqa madaniyati darslarida bolaning iste’dodi, iqtidori va qobiliyatiga e’tibor berilsa, bola to‘garakda o‘zini namoyon qila boshlaydi.
Musiqiy to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun maxsus xona, jihozlar yoki majlislar zalidan foydalanish mumkin. Xonada milliy cholg‘u asboblari (rubob, dutor, doira, g‘ijjak va boshqalar), texnik vositalardan — musiqa va qo‘shiq yozilgan magnit lentalar, disklar, albatta, tadbir uchun sahna bezaklari bo‘lishi kerak. Tadbir kiyim-kechaklarida xalqimiz an’anasiga ijobiy munosabatda bo‘lgan holda, ijrochilik vazifalari taqozo etadigan, har bir hududning o‘z musiqiy uslubi bo‘lganidek, raqslari va milliy kiyim-kechagi ham turlicha bo‘ladi. Tadbirdagi asar ijrosi to‘garak jamoasining ko‘zgusi, shuningdek, havaskor xonandalar ijrochilik madaniyatining mezoni hisoblanadi.
Gulxumor XUDOYBERDIYEVA, Beshariq tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi