Taraqqiyot ko‘ngillardan boshlanadi
Taraqqiyot qirralari adabiyot, siyosat, fan, ta’lim, san’atda, umuman olganda, bugungi ijtimoiy hayotda o‘ziga xos shakl-shamoyilga ega. Xalqimiz azaldan kashfiyotlar, yangiliklarga oddiy ko‘z bilan qaramagan. Ana shunday ishtiyoqmandlar bor joyda taraqqiyot bo‘ladi.
Bobom o‘zlarining yoshlik davrlarini yodga olganlarida, ko‘z oldilariga qorong‘i sinfxonalar keladi. O‘tirishga o‘rindiq yetmay qolib, tik turib dars qilganlarini, ta’lim olganlarini aytardilar. Hozirgi yaratib berilayotgan zamonaviy sharoitlar bobomning xayollariga ham kelmagan. Bobom erishgan yutuqlarimni har safar ko‘rganlarida ko‘zlari yoshlanadi.
Ilm — taraqqiyot negizi. Fan yutuqlari esa yuksalish omilidir. Fanning ilk kurtaklari kishilik jamiyatining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq holda maydonga kelgan. Dastlab qog‘oz, keyinchalik kitob bosish dastgohi ixtiro qilindi. Yangi davr deb ataluvchi zamonda fanning ijtimoiy roli yanada ortdi. Sanoatda tub o‘zgarishlar yuz berishi tufayli fan taraqqiyotida yangi bosqich boshlandi. Termodinamika paydo bo‘ldi, evolutsion ta’limot va hujayra nazariyasi vujudga keldi, energiyaning saqlanish qonuni shakllandi, astronomiyada yangi konsepsiyalar rivojlandi. Shu asnoda buyuk kashfiyotlar yaratildi.
Ixtirochilar tomonidan yaratilgan ko‘pgina kashfiyotlar inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuborgan. Shunday yaratmalar borki, ular kundalik yumushlarni bajarish orqali tasodifan o‘ylab topilgan. Ular bilan tanishish orqali balki siz ham biror kashfiyotga qo‘l urarsiz...
Savdogar Svon Goldman 1936-yilda birinchi xarid qilish savatini ixtiro qildi. Goldman Oklaxoma-Siti shahridagi yirik oziq-ovqat do‘konining egasi edi. Mijozlar ba’zi tovarlarni ko‘tarib yurish noqulay bo‘lganligi sababli mahsulotlar sotib olinmayotganini payqadi. Topilma tasodifan yaraldi. Goldman bir mijozning o‘g‘li arqonga o‘ralgan o‘yinchoq mashinasiga og‘ir sumkani qo‘yib sudraganini kuzatdi. Savdogar dastlab kichik g‘ildiraklarni oddiy savatga ulab qo‘ydi, keyin esa mexaniklarni jalb qilgan holda zamonaviy aravaning prototipini yaratdi. Ushbu qurilmaning ommaviy ishlab chiqarilishi 1947-yilda boshlangan. Aravacha ixtirosi yangi do‘kon turi — supermarketni yaratishga imkon berdi. Bir ixtiro yana bir yangi kashfiyotga sabab bo‘ldi.
Amerikalik milliarder Jorj Lukas shlyapa yig‘ishga qiziqar ekan. U bir kuni shlyapalarining eng tagidagisini olibdi. Hayrat ko‘zi bilan qarabdi. Taraqqiyot ham aynan shu birinchi shlyapadan boshlangan. Zamonaviylik ham eskicha uslubdan yaraladi. Bunga misol qilib aytganda , adras-u atlaslarimizni ham zamonaviy uslubda kiyamiz. Taraqqiyot ham xuddi prujinaga o‘xshaydi. Rivojlanishning quyidan yuqoriga yuksalishidir. Shunday ekan, taraqqitotga oddiy ko‘z bilan emas, hayrat bilan boqish kerak. Taraqqiyot ko‘ngillardan boshlanadi. Agar siz taraqqiyotni his qilmoqchi bo‘lsangiz, uyingizdan tashqariga chiqing. Obod mahallalar, farovon ko‘chalar, osmono‘par binolar. Bularning barchasi taraqqiyotning shirin mevasidir.
Shahlo ORZIYEVA, O‘zJOKU talabasi