AQShlik eng yaxshi birinchi xonim
1982-yilning boshlarida amerikaliklar orasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda ishtirokchilardan yagona — “Eng yaxshi amerikalik birinchi xonim kim?” degan savolga javob berish so‘raldi. Ketma-ket besh marotaba o‘tkazilgan so‘rovnomaning barchasida ovozlar natijasiga ko‘ra bir ayol g‘olib bo‘ldi. U AQShning 37-prezidenti Franklin Delano Ruzveltning rafiqasi va 26-prezident Teodor Ruzveltning sevimli jiyani Eleonora Ruzvelt edi.
Tarixchilarning bayon etishicha, amerikaliklarning Ruzvelt xonimga muhabbati cheksiz bo‘lgan. Barcha uning timsolida nafaqat mamlakatning birinchi xonimi, balki oddiy amerikalik ayolning mukammal namunasini ko‘rgan. Prezident rafiqasiga bo‘lgan bunday o‘ziga xos hurmatning sababi ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz.
1884-yil 11-oktabrda Nyu-York shahrida yashovchi Elliot Ruzvelt va Anna Xoll Ruzvelt oilasida qizaloq dunyoga keldi. Unga onasining ismi Anna hamda otasining bolalikdagi laqabi — Elli so‘zidan olingan Eleonora ismi qo‘yildi. Qarabsizki, Nyu-Yorkning kiborlar jamiyati vakillari oilasida tug‘ilgan Anna Eleonora Ruzveltning nomi ham shon-shuhratiga mos bo‘ldi. Ammo qizaloqqa Eleonora ismi ko‘proq yoqqani bois bolaligidan uni shunday nom bilan chaqirishlarini istagan.
Oradan bir necha yil o‘tib, Eleonoraning ukalari — kichkina Elliot Ruzvelt hamda Xoll Ruzvelt tug‘ildi. Mamlakatdagi boy va obro‘li xonadonlardan biri bo‘lgan Ruzveltlar oilasida bir qarashda hamma narsa badastir, ammo chinakam baxt yo‘q edi. Oila boshlig‘i xizmatkori bilan don olishgani sababli Eleonora va ukalari ota-onasining baxtsiz turmushiga guvoh bo‘lish va o‘gay uka bilan yashashga majbur edi. Shu bois Eleonora qanchalik boy va tushdagi kabi hayot kechirmasin, bolaligi u qadar baxtli o‘tmadi. Qizaloq hali esini tanib ulgurmasidan birin-ketin yaqinlarini yo‘qota boshladi. 8 yoshga to‘lganida onasi bo‘g‘ma kasalligidan vafot etdi. Oradan ikki yil o‘tib, otasi ham ichkilik tufayli olamdan o‘tdi. Bir yil o‘tar-o‘tmas, bo‘g‘ma kasalligi kichik ukasi Elliotni ham bu dunyodan olib ketdi.
Ota-onasining o‘limidan so‘ng qizchani Nyu-York shtatidagi Tivol qishlog‘ida yashaydigan ona tomondan buvisi Meri Ludlov Xoll o‘z tarbiyasiga oldi. Ayol Eleonorani o‘z qizidek ko‘rib, uning yaxshi ta’lim-tarbiya olishi uchun qo‘lidan kelgancha harakat qildi. Nabirasi 15 yoshga to‘lganida uni Londondagi raqs tushish, kuylash va adabiyotga ixtisoslashtirilgan ayollar oliy maktabiga o‘qishga berdi. Bolaligidan eskicharoq kiyingani bois onasi “buvijon” deb chaqiradigan Eleonorani maktabda ham shu laqab bilan atay boshlashdi. Qizning kiyinishini g‘alati deb hisoblaydigan tengqurlari uni sira yoqtirmasdi. Hatto Eleonora ham boshqalar qatori o‘zini “irkit o‘rdakcha” deb hisoblardi. Shundanmi, taqdir taqozosi bilan qizning uzoq qarindoshi — ko‘rkam va kelishgan Franklin Ruzvelt unga turmush qurishni taklif qilganida barcha qatori Eleonoraning o‘zi ham hayratdan lol qoldi. Harvard universitetini tamomlab, Uoll-stritdagi nufuzli huquqshunoslik firmasida ishlaydigan advokat yigit Eleonorani kamtarligi va teran aqli sabab yoqtirib qolgandi. Bundan tashqari, ularning umumiy jihatlari ko‘p bo‘lib, ayniqsa, har ikkalasining siyosatga qiziqishi yuqori edi. Shu tariqa 1903-yili ikki yosh unashtirildi, bir yildan so‘ng to‘yi bo‘lib o‘tdi. Baxtli juftlik 6 farzandli bo‘ldi. Ammo ulardan biri go‘dakligidayoq olamdan o‘tdi.
Aslida, yosh siyosatchi uchun Eleonora taqdirning chinakam tuhfasi bo‘ldi. Boisi u nafaqat oqila ayol, balki jamiyatning siyosatni yaxshi tushunadigan nufuzli a’zosi ham edi. Eleonora jamiyat hayotida faol ishtirok etar, gazetalarda tez-tez ko‘rinib turardi. Birinchi jahon urushi boshlanganida u o‘z xohishi bilan harbiylar oshxonasida ishladi, bo‘sh vaqtlarida ular uchun kiyim tikdi. Bu orada siyosiy karyera pillapoyalaridan ko‘tarilib borayotgan turmush o‘rtog‘ining nutqlarini yozishda ham yordam berardi. Ko‘p yillardan keyin u bu haqda shunday yozadi: “Men doim Franklinga ta’kidlardim: agar sening nutqingni men tushunsam, demak, uni boshqa istalgan odam ham tushunadi”.
1921-yili kutilmagan fojia ro‘y berdi. Franklin poliomiyelit (asab tizimini falaj qiladigan o‘ta yuqumli kasallik) bilan og‘rib, nogironlar aravachasiga mixlanib qoldi. Sal avval Senatdagi saylovlarda ishtirok etgan Franklinning endi siyosiy karyerani unutishiga to‘g‘ri kelardi. Ammo Eleonora bunga yo‘l qo‘ymadi. Turmush o‘rtog‘i bilan gaplashib, uni siyosatdan ketmaslikka ko‘ndirdi va unga yordam berish uchun ikki barobar ko‘p kuch sarfladi. Hayoti davomida ayollar huquqlari himoyachisi sifatida tanilgan Eleonora Ruzvelt hamisha ayollar erkaklar bilan teng huquqli bo‘lsa-da, oilada o‘z ayollik vazifalarini unutmasligi lozim deb hisoblardi. Nutqlarida ham “Eriga yordam berish — har bir ayolning burchi”, derdi u doim.
Eleonora turmush o‘rtog‘ini parvarishlash bilan birga, parlament yig‘ilishlarida qatnashdi, Vashingtondagi uyida siyosatchi va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, qabul marosimlari tashkil etdi. Saylovlarda
ayollar huquqlarini himoya qilib ovoz berdi. Shifoxona va qamoqxonalarga borib, ayollarni ruhan qo‘llab-quvvatladi, ulardan yordamini ayamadi. Uni eng ranjitgan holat tarbiyasi og‘ir o‘smirlar maktabida ko‘rgan dahshatli sharoit bo‘ldi. Maktablardan birining ahvolini ko‘rib, chidab turolmagan Eleonora qo‘liga pollatta olib, u yerni tozalashga tushadi. Keyinroq esa ushbu maktablarning sharoitini yaxshilashga ko‘mak beradi.
Franklin ayolining qo‘llab-quvvatlovi bilan oyoqqa turdi va 1928-yili Nyu-York shtati gubernatori bo‘ldi. Bu amal unga prezident kursisi tomon yo‘l ochdi. Franklin o‘z vazifasi doirasida katta ishlarni amalga oshira boshladi. Bu vaqtda AQShda iqtisodiy inqiroz avj olgandi. Ruzvelt vaziyatni yaxshilash maqsadida o‘z shtatida ishsizlarga yordam beradigan Vaqtinchalik ma’muriy boshqarma tuzdi hamda tarixga “Yangi kurs” nomi bilan kirgan iqtisodiy islohot tizimini ishlab chiqdi. Natijada 1932-yili u prezidentlik saylovida mutlaq g‘alaba qozondi va mamlakat rahbariga aylandi. Franklin ayolining qo‘llab-quvvatlashisiz bu darajagacha yetib borolmasligini yaxshi tushunar va buning uchun ich-ichidan doim undan minnatdor edi.
Franklin prezident bo‘lganidan keyin ham Eleonora jamiyatdagi faolligini bir lahza bo‘lsa-da, to‘xtatmadi. Ijtimoiy faoliyati davomida salkam 6 mingta tadbirda ishtirok etdi, 1400 marta xalqqa murojaat bilan chiqdi. Yuzlab muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zib, kemtik qalblarga malham bo‘ldi. Radioda muntazam chiqishlar qilib, undan tushgan gonorarni muhtojlarga tarqatdi. Yil sayin xalqning unga ishonchi ortdi. Birgina 1943-yili u odamlardan 300 mingdan ortiq minnatdorlik, iltimos va shikoyat bitilgan xat oldi. Shu tariqa yillar o‘tib Eleonora Ruzvelt Birinchi xonim maqomiga sazovor bo‘ldi.
Eleonora “Birinchi xonimga aylanganingda, endi o‘zingdek emas, jamoat yodgorligidek kiyinishingni his etasan”, degan edi bir vaqtlar. U o‘sha davrning ko‘plab mashhurlari qatori shaxsiy kundalik tutgan va o‘z yodnomalarida boshqa birinchi xonimlar uchun zarur bo‘ladigan axloq qoidalarini yozib qoldirgan. “Hech qachon kechikma. Imkon qadar kamroq so‘zla. Prezident avtomobilida ketayotganingda, u hammaga ko‘rinishi uchun sen orqaroqqa og‘ib o‘tirishni unutma”, deb yozadi Eleonora prezident ayolining
oddiy ish kuni haqida. Biroq buni qarangki, kundalikda yozilgan “Imkon qadar kamroq so‘zla” qoidasiga Eleonoraning o‘zi sira amal qilolmagan. Chunki jamiyatdagi eng faol ayolning kam so‘zlashining o‘zi imkonsiz edi!
1936-yilgi navbatdagi saylovlar vaqtida Eleonoraning “Mening kunim” sarlavhali maqolasi chop etildi. AQShning ijtimoiy muammolari yoritilgan maqola Ruzvelt xonimga katta shon-shuhrat olib kelish bilan birga, turmush o‘rtog‘ining saylovlardagi ikkinchi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
O‘sha yillari Eleonora AQSh jurnalistlari gildiyasi ittifoqi a’zosi bo‘ldi. 1939-yili esa u mashhurlik bobida turmush o‘rtog‘idan ham o‘zib ketdi. 67 foiz amerikalik birinchi xonimning faoliyatini “yaxshi” deb baholagan bo‘lsa, Franklinda bu ko‘rsatkich 58 foizni tashkil etdi.
Ikkinchi jahon urushi vaqtida AQShda vaziyat keskinlashdi. Hatto saylovlar qoldirildi. Ammo Eleonora shunday vahimali vaziyatda ham o‘z vazifasini davom ettirdi. 1941-yili u Mudofaa vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. Harbiy harakatlar amalga oshirilgan hududlarga borib, aholining haq-huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullandi. Shifoxonalar, mehribonlik uylarida bo‘lib, xastalar va bolalarga g‘amxo‘rlik qildi.
Eleonora jamiyatda yuqori mavqega erishdi, ammo oilada o‘zi istagan baxtni topolmadi. Turmush o‘rtog‘i uning chinakam sadoqati va samimiy muhabbatiga xiyonat bilan javob berdi. Eleonoraning hayotida ota-onasining baxtsiz turmushi takrorlandi. U Franklinning prezidentlikka saylanishidan oldin kotibasi bilan ishqiy munosabatlaridan xabar topdi. Eleonora bu xiyonatni hech qachon kechira olmasa-da, ikki shartga ko‘ra — erining kotibani ishdan bo‘shatishi va u bilan aloqalarni uzishi evaziga turmushini saqlab qoldi. Biroq Franklinning kotiba qiz Lyusi Peyj Meser bilan ishqiy romani uzoq davom etdi. Hatto 1945-yili Franklin vafot etayotganida ham uning yonida Lyusi bor edi. Va u Franklinning o‘limoldi so‘nggi portretini Eleonoraga yuboradi.
Urushdan so‘ng sobiq birinchi xonim yangi prezident Garri Trumenning taklifiga binoan AQShning BMTdagi vakili bo‘ldi. Eleonora tashkilotda inson huquqlari umumiy deklaratsiyasini ishlab chiqish qo‘mitasiga boshchilik qildi. Vazifasi doirasida davlatlar o‘rtasida kechayotgan qonli urushlarni to‘xtatish va jahonda tinchlikni saqlashga oid otashin nutqlari bilan faol chiqishlar qildi.
Hayotining asosiy qismini mamlakatdagi ijtimoiy muammolarni bartaraf etish va insonlarga ko‘mak berishga bag‘ishlagan Eleonora Ruzvelt 1962-yil 7-noyabrda 78 yoshida bu dunyoni tark etdi. Ertasi kuni “The New York Times” jurnali Amerika birinchi xonimi sharafiga “U jahondagi ayollarning yangi roli ramziga aylandi” sarlavhali maqolani e’lon qildi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.