Repetitorlik ta’limning bir shaklimi yoki biznes turi?
Deyarli har kuni turli xildagi darsliklarni qo‘ltiqlagancha ketayotgan abituriyentlarga ko‘zimiz tushadi. Shahrimiz kutubxonalarida ham aynan oliy ta’lim muassasalariga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlar soni ko‘pligiga guvoh bo‘lasiz. Mana shunday yoshlarning aksariyati turli o‘quv markazlarida tayyorlanadi. Har qadamda shunday markazlarni uchratish mumkin. Albatta, ularning ko‘pligi o‘z-o‘zidan o‘qimishli, bilimli yoshlarning soni ortishiga olib keladi. Lekin o‘sha o‘quv markazida tayyorlanayotgan hamma o‘quvchi test sinovlaridan ko‘ngildagidek o‘ta oladimi? Hozirgi paytda o‘quv kurslaridagi bitta fandan tayyorlash o‘rtacha 400 ming so‘mni tashkil qiladi. Abituriyent kamida 9 oy tayyorlanishini hisobga olsak, bu summa 3 million 600 ming so‘mga yetadi. Boz ustiga test tizimiga kiritilgan o‘zgartirish va yangiliklarga muvofiq endi kirish imtihonlari 5 ta fan bo‘yicha o‘tkaziladi. Agar kutilgan natijaga erishilmasa, shuncha pul havoga uchadi(mi?). Pul-ku mayli, uni bir amallab topsa bo‘lar, ammo yo‘qotilgan vaqt…
Qiziq, repetitorlikning o‘zi ta’limning bir shaklimi yoki biznes?
Aksariyat o‘quv markazlarininig xususiyligi, bu faoliyatning biznes turi ekanligidan dalolat beradi. Ammo biznes bo‘lsa ham, yaxshi maqsad yo‘lida, barcha uchun birdek foydali faoliyat. Bir qancha abituriyentlarning fikr-mulohazalariga ko‘ra hali hech qaysi bir repetitor “O‘quvchi men berayotgan bilimni olsa ham, olmasa ham o‘zi biladi, muhimi men pulimni olyapman” qabilida ish olib borganining guvohi bo‘lmagan. Aksincha, ularning hammasi talabchan, qattiqqo‘l. Lekin o‘quv markazlari qanchalik ideal, repetitorlar salohiyatli bo‘lmasin, agar o‘quvchining o‘zida zarracha bo‘lsa-da bilim, xohish, ishtiyoq va qiziqish bo‘lmasa, jadidlarimiz aytganlaridek, “Bizning jaholat, jahli murakkab” bo‘lib boraveradi. Lekin shunday o‘qituvchi va pedagoglar borki, ular psixolog singari bolani tarbiya qiladi, o‘zgartiradi, unda qiziqish, ishtiyoq va, asosiysi, umid uyg‘otadi.
Ba’zilarning aytishicha, maktablarda berilayotgan bilimning ko‘ngildagidek emasligi repetitorlik kurslariga ehtiyoj tug‘diradi. Balki bu fikrda ham jon bordir, lekin maktabda ham, repetitorda ham bir xil bilim o‘rgatiladi-ku, bu so‘zning ma’nosi ham aslida shunday: “repetitor — takrorlovchi”. O‘quv markazlari soni ortishi, yaxshi, bilimli o‘qituvchilarga bo‘lgan talabni oshiradi. Natijada maktablardagi professional pedagoglar zo‘r tushum keladigan tomonni tanlashadi. Ular uchun to‘g‘risi ham shu aslida. Chunki ularning oylik maoshi, to‘lanadigan ba’zi to‘lov va yig‘imlar bilan o‘rtacha 2 million bo‘lib turganida, repetitorlik qilib, 15 nafar o‘quvchini 1 oy mobaynida o‘qitib 6 millionni cho‘ntakka solish ancha yaxshiroq. Malakali o‘qituvchiga ega bo‘lgan o‘quv markazining sifati ancha oshadi. Lekin bu holat ta’lim muassasalarida ilmli pedagoglar kamayib, bilim sifatining yanada pasayishiga olib keladi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, o‘quv markazlari soni haddan ziyod ko‘p. Ba’zilaridagi natija va ko‘rsatkichlar esa ko‘ngildagidek emas. Shunday ekan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, OTMga qabul qilingan abituriyentlarning soni monitoring qilinishi darkor. Ko‘zlangan asosiy maqsad, bunday markazlar sonini kamaytirib, faqatgina eng saralarini qoldirish va ikkiyoqlama masala bo‘lgan, malakali mutaxassislarni maktablarga qaytarish, mavjudlarida esa abituriyentlarning ham puli, ham vaqti zoye ketmaydigan darajada, bilim berishni tashkillashtirish. Eng muhimi, ana shunda sifat yaxshilanadi: ham umumta’lim maktablarida, ham o‘quv markazlarida.
Dadajon FOZILJONOV, O‘zJOKU talabasi