Avval o‘zingizni tarbiya qiling!
“Aybdorni jazolash kimning ishi?” maqolasi muallifi bolalikda urishib qolgan do‘stlarning oxirgi so‘zi “Dadamga aytib beraman” yoki “Onamga aytib beraman” bo‘lishini ta’kidlab, ayni zamonda televideniye va internetdan uzoqlashmaydigan bolalarning lug‘atida “O‘ch olaman” degan jumla borligi achinarli ekanini ta’kidlagan. Menda ham bolalarni tarbiya qilish hamda ularning pokiza ruhiyatini asrash borasida ba’zi fikr-mulohazalar tug‘ildi.
Atrofdagilarga maslahat berishdan ko‘ra, amaliy ko‘rsatmalar hamda tajribalarni namoyish etish samaralidir. Shu bois yaqinda maktabda o‘qituvchilar va ota-onalar ishtirokida psixologik trening tashkil etib, mana shu mavzuda muloqot o‘tkazdik. Ularga videorolik havola etildi va tahlil qilindi. Tinglovchilar ikki guruhga bo‘linishdi.
“Bulutlar” guruhi ota-onalar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi eng katta ikkita muammoni tarqatma materialga yozishdi. “Tomchilar” guruhi o‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasida yuzaga keladigan muammolarni qayd etishdi. Ko‘chma doskaga ramziy ma’noda bulut hamda tomchi quyosh rasmi ilib qo‘yildi. Ishtirokchilar doim yaxshini ajratish uchun yomonni ko‘rish, bulutlar ketidan quyosh chiqishi, shunga o‘xshash holatlarga har kuni duch kelishimiz haqida fikr bildirishdi. Ota-onalar va o‘qituvchilar bola bilan qanday munosabatda bo‘lish, ularni jazolash emas, rag‘batlantirish kerakligini ta’kidlashdi. Ota-onalar uchun “Daraxt” metodi orqali o‘zaro muammolarga yechim topish mumkinligini ko‘rsatib berdik. Bu jarayonda maktab direktori Malohat Abduvaliyeva ham kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Ochig‘i, oila davrasida birgalikda ko‘riladigan ko‘ngilochar ko‘rsatuv va teleshoularga katta ehtiyoj bor. Bu ehtiyojni to‘ldirish esa farzandlarimiz tarbiyasiga ta’sir etadi, aslida. Lev Tolstoy ta’biri bilan aytganda, bolalarni tarbiyalash muvaffaqiyatli bo‘lmog‘i uchun tarbiya beruvchi kishilar o‘zlarini o‘zlari to‘xtovsiz tarbiya qilishlari darkor.
Gulhayo A’ZAMOVA, Yashnobod tumanidagi 244-maktab psixologi