Jahon e’tirofidagi shoir
Har yili Vatanimizda 9-fevral — buyuk shoir va mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiy tavallud sanasi mamlakatimizda bayramona tarzda nishonlanishi yaxshi an’anaga aylangan. Joriy yilda esa ushbu qutlug‘ sana yana-da ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan, adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazilmoqda.
Shoir nomi bilan yuritiluvchi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tutash hududda bobomiz haykali qad rostlagan maydonda Alisher Navoiy tavalludining 579-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Erta tongdanoq bu maskan keng jamoatchilik, turli vazirlik va idoralar, milliy madaniy markazlar, ijodiy tashkilotlar, xorijiy diplomatik korpus vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, so‘z san’ati muxlislari, talaba-yoshlar, nuroniylar bilan gavjum bo‘ldi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar mamlakatimizda milliy adabiyotimizga, ta’lim-tarbiyaga e’tibor ko‘rsatish, ustoz-muallimlar mehnatini ardoqlash, adabiyot, san’at va madaniyatni yana-da ravnaq toptirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar yangicha ruh, o‘zgacha shiddat bilan olib borilayotganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan kitobxonlikni keng ommalashtirish, yoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, milliy an’ana va qadriyatlarimizni asrash, odamlar dardu-tashvishi bilan yashash, hayotimizni yana-da farovon etish borasidagi keng qamrovli islohotlarda buyuk allomalarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish, ular asarlarining mohiyatini sodda, ravon tarzda yoshlarga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu jihatlar milliy adabiyotimiz, ona tilimiz, ma’naviyatimiz ravnaqiga betimsol hissa qo‘shgan daho bobomiz Navoiy ijodini o‘rganishda, uning qo‘lyozmalarini o‘rganish va keng jamoatchilikka taqdim etishda xorijiy ilmiy markazlar, universitetlar, muzey va arxiv fondlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
2020-yil — “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da ham Navoiy bobomiz ulug‘lagan, asarlarining mazmun-mohiyatiga aylangan g‘oyalar yoshlar kamolotiga, ta’lim-tarbiyasiga e’tibor, aholining barcha qatlamlarining manfaatlarini himoyalash, ilm-fanni tobora ravnaq toptirish va shu orqali yurtni yana-da obod etishga oid ishlar ko‘lami tobora ortmoqda. Prezidentimiz Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida tilga olingan “halollik vaksina“si aynan Navoiy, Bobur singari allomalarning asarlaridagi poklik, odamiylik, to‘g‘rilik da’vatida mujassam ekani bilan ahamiyatlidir.
Tantanali tadbirda ozarbayjonlik navoiyshunos olim, xalqaro Bobur mukofoti sohibi Ramiz Asqar, afg‘onistonlik shoir va o‘qituvchi, navoiyshunos Toshqin Bahoiy, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, mohir shoir va tarjimon Nikolay Ilin Navoiy merosining umrboqiyligi, jahon yozuvchi va shoirlari, olim va tadqiqotchilari uchun hamisha ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
— O‘n-o‘n besh yildirki, o‘zbek adabiyoti bo‘yicha tadqiqotlar olib boraman, — dedi ozarbayjonlik navoiyshunos olim, xalqaro Bobur mukofoti sohibi Ramiz Asqar. — 2009-yilda “XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi“ni nashrga tayyorladim. Unda ko‘plab o‘zbek shoirlarning tarjimayi holi, ijodidan namunalar keltirilgan. 2011-yilda “Boburnoma“ni ozarbayjon tiliga tarjima etdim. O‘zbekistonda o‘tkaziluvchi navoiyshunoslikka doir ilmiy konferensiyalarda doimiy qatnashib kelaman. Daho shoir ijodining qirralari zamonlar osha yana ko‘plab tadqiqotlar, izlanishlarga olimlarni chorlab qolaveradi.
— Navoiy va Boburlarning xoki yotgan zamindan kelib, bunday tadbirda ishtirok etayotganimdan g‘oyat mamnunman, — dedi afg‘onistonlik shoir Toshqin Bahoiy. — Hazrat Alisher Navoiy ijodi barcha o‘zbeklarning mushtarak merosidir. Agar O‘zbekistonda ulug‘ zot sifatida uning tavallud sanasi shu qadar katta tayyorgarliklar bilan nishonlanishiga sazovor bo‘lsa, Afg‘oniston xalqi uchun ul zot ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan muallim, rahnamo va buyuk davlat arbobi sifatida nishonlanishi kerak. Chunki u zotning hayoti davrida Afg‘onistonda ko‘plab inshootlar, obodonchiliklar, suv anvorlari, ko‘priklar, shifoxonalar va boshqa yana ko‘plab ommaga xizmat qiluvchi binolar obod etildi. Shu bilan birga Afg‘onistondagi o‘zbek xalqi qadim zamonlaridan boshlab to hozirga qadar Navoiy asarlari bilan, ularni o‘qish bilan savod chiqaradi. Ya’ni barcha madrasalarimizda Hazrati Navoiyning qo‘lyozma asarlari yoki qadimiy toshbosmalardan chiqqan kitoblari darslik sifatida istifoda etilgan. Biz Navoiydan har jihatdan qarzdormiz.
Tadbirda taniqli aktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Temurmalik Yunusov Navoiy g‘azallaridan o‘qidi. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Oliy adabiyot kursi talabalari Alisher Navoiy haqida qardosh turk adabiyotshunoslari tomonidan bildirilgan fikrlarni yoddan aytib berdi.
O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev tomonidan ijro etilgan Navoiy g‘azaliga Omon Matjon muxammas bog‘lagan qo‘shiqni tadbir ishtirokchilari katta hayajon, olqishlar bilan tingladilar.
Shoir haykali poyiga tadbir ishtirokchilari, xorijiy mehmonlar tomonidan anvoyi gullar qo‘yildi.
Tantanada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.
* * *
Shu kuni poytaxtimizdagi Navoiy ko‘chasidagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat adabiyot muzeyiga tutash hududdagi shoir haykali poyida ham ajoyib mushoira bo‘lib o‘tdi.
— O‘zbekistonda Navoiy Hazratlarining tavallud ayyomlari g‘oyat ko‘tarinki ruhda nishonlanayotganining guvohi bo‘lyapmiz, — dedi afg‘onistonlik shoir G‘ulomsaxiy Vakilzoda. — Afg‘onistonning Kobul, Mozori Sharif Hirot kabi shaharlarida ham ul zotning tavallud ayyomlari nishonlanadi. Orzu shulki, bunday ijodiy tadbirlar yana-da ko‘proq o‘tkazilsa, ijodiy hamkorligimiz bardavom bo‘lsa.
Mushoirada yoshlar Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qidilar.
Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha go‘shalarida, bilim dargohlarida, mahallalarda davom etmoqda.
O‘zA