“O‘quvchilarimni sahnada ko‘rish — ularning holati yaxshilanayotganidan darak beradi”
Ertaklar — har qanday bolani o‘ziga ohanrabodek tortuvchi sehrli olam. Faqat uni mohirona ifoda etish, bola qalbiga mayinlik bilan kirib borishiga erishish lozim.
Yunusobod tumanidagi 87-maxsus yordamchi maktabda “Ertaklar — yaxshilikka yetaklar” badiiy kechasi bo‘lib o‘tdi. Maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilar o‘qituvchilari yordamida ajoyib ertaklarni sahnalashtirib tomoshabinlarni hayratga soldilar. Sahnada ertak qahramonlari obrazida paydo bo‘lgan bolalar o‘zlariga ajratilgan rollarni maromiga yetkazib ijro etishdi. Shuningdek, turli ertak qahramonlarining raqsi, qo‘g‘irchoq spektakli ham o‘quvchilar tomonidan ijro etildi.
— Bizning o‘quvchilarimiz umumta’lim maktab o‘quvchilaridan farq qiladi, — deydi maktab rahbari Gulira’no Azimova. — Ularga oligofren, ya’ni aqliy rivojlanishda imkoniyati cheklanganlik tashxisi qo‘yilgan. Bugun sahnada 1-sinfdan 10-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarimiz ishtirok etishdi. Ularning tomoshabinlar oldida o‘zini to‘g‘ri tuta olishi, yaxshi nutq irod etishi, ijro etgan rolining mohiyatini tushunishining o‘zi biz uchun katta yutuq. O‘quvchilarimizni shu darajaga yetkazish uchun o‘qituvchilarimiz qancha mehnat qilishgan, matonat bilan ishlashgan. Bunday bayram kechalari boshqa bolalarni ham faollikka, o‘zini yaxshi tutishga undaydi. Sahnada ishtirok etgan barcha o‘quvchilarimizning yaxshi holati bizni quvontiradi, yanada ko‘proq ishlashga undaydi.