G‘azal mulkining sultoni
Shayxontohur tumanidagi 180- A tarmoq maktabida Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi munosabati “G‘azal mulkining sultoni” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda “Mannon Uyg‘ur” MFY faollari, ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.
Mushoira, g‘azalxonlik, intellektual viktorina tarzida tashkil etilgan tadbirda o‘quvchilar buyuk shoirning hayot yo‘li va ijodi, asarlarining mazmun-mohiyati, bugungi ahamiyati haqida yanada keng ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
— Maktablarda o‘qitiladigan ko‘plab darsliklar Alisher Navoiyning yosh avlodga o‘gitlari bilan boyitilgan, — deydi maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, tadbir tashkilotchisi Ra’no Alimova. — O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan navoiyxonlik kechalari, shoir hayoti va ijodiga, asarlariga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlovlar yoshlarimizni mutafakkir yaratgan bebaho merosdan bahramand etishga, ularning ruhiy olamini, dunyoqarashini ezgu g‘oyalar bilan boyitishga xizmat qilmoqda.
Burhon RIZO