Navoiyni yod etib…
O‘sib kelayotgan yosh avlod ham bobomiz Alisher Navoiy asarlari mag‘zini chaqoladigan, ularni doimo xotirlab turuvchi komil kishilar bo‘lib yetishishi uchun maktablarining til va adabiyot o‘qituvchilari kuch va g‘ayrat sarflamoqda. Ayni shu kunlarda bobomiz tavalludiga bag‘ishlab adabiy kechalar o‘tkazib kelmoqda.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 136-maktabning til va adabiyot fani o‘qituvchilari Nilufar Abdukarimova va Zulxumor Qayumova ham o‘z o‘quvchilari bilan “Navoiyni yod etib” deb nomlangan tadbir tashkil etishdi. Bobomiz bitgan nafis g‘azal va ruboiylar o‘quvchilar tilida yana bir bor yangradi. Mashhur dramaturg Izzat Sulton qalamiga mansub Navoiy dramasi asosida sahnalashtirilgan sahna ko‘rinishi, Amir Alisher Navoiy bobomizga bag‘ishlab chiqarilgan devoriy gazetalar — bari-bari bobomiz ruhlarini yana bir bor shod etgan bo‘lsa, ajab emas.
Shohista TOJIYEVA, Shu maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari