Tafakkur qiynog‘i
Ustozlarni qadrlagan el ravnaq topishi shubhasiz. Buni keyingi yillarda o‘qituvchi-pedagoglarga qaratilayotgan e’tibor va uning natijasi o‘laroq yildan yilga biri ikkinchisidan bilimliroq mutaxassislarning etishib chiqayotgani misolida ko‘rishimiz mumkin. Xalq donishmand, “Ustoz – otangdan ulug‘” degan mulohazaga bekorga kelmagan u. Bu mulohazaning batafsil tasnifiga keyinroq to‘xtalamiz.
Mamlakatimizda 2020-yil “Ilm-ma’rifat va raqamli texnologiyalar yili” deb belgilandi. Bu esa o‘z navbatida o‘qituvchilar faoliyatini ham beixtiyor qamrab oladi. Albatta, ushbu nomning berilishi pedagoglar faoliyatiga imkoniyatlar yaratishi bilan bir qatorda mas’uliyat ham yuklaydi. Avvalgidan-da jadallik, zamonaviy intellekt va yangicha metodikalarni talab qiladi.
Bugungi kunning bolasiga pand-nasihat, didaktik ruhga yo‘g‘rilgan dars berish uslubi, o‘ylashimizcha, kor qilmaydi. Zamonaviy texnologiyalar ularni shiddatga, tezkorlikka, g‘ayrioddiy fantaziyaga yondosh qilib tarbiyalayotgan bir pallada posangisi og‘ir keladigan nasihatlarga toqati etmasligi tabiiy. Umid qilamizki, kelajak avlod bir kun kelib texnologiyadan bezor bo‘lib, haqiqiy ilmga, xotirjam saboq olishga kuchli ehtiyoj seza boshlaydi. Ungacha esa arosatda vaqt o‘tkazayotgan, texnologiyaga aldanib yurgan keng qamrovli bugungi avlodni ma’rifat saodatiga olib o‘tish pedagoglarning elkasidagi eng katta vazifa hisoblanadi. Bu o‘rinda ham “otadan ulug‘” tabaqaning e’tirofi xayolda g‘ujg‘on aylanadi.
Fursati kelganda, bahsli masalalardan biri “Ustoz – otangdan ulug‘” maqolining “otangdan”mi yo “otangdek”mi ekani haqida mulohaza yuritsak. Ko‘plab manbalarga, olimu fozillar ta’kidiga tayanib biz ham “...otangdan ulug‘” degan shaklni yoqlaymiz. Fikrimizning isboti uchun bu borada batafsil to‘xtalib o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Iskandar Maqdunli Arastu haqida shunday degan edi: “Men ota-onam sabab ko‘kdan erga tushgan bo‘lsam, ustozim sharofati bilan erdan ko‘klarga ko‘tarildim”. Bu mubolag‘ali e’tirof ham ustoz degan martabaning yuksak darajasiga ko‘zgu tutadi. Ammo ma’no qanday?
Asosiy isbot sifatida shuni ko‘rsatishimiz mumkinki, xalq donishmandligining yorqin namunasi sanalgan maqol va matallarda mubolag‘aning g‘ulu, bulug‘, ifrot va boshqa turlari juda ko‘p va ayni o‘rinli uchraydi. Agar maqol “...otangdek...” shaklida bo‘lganida, nutqning go‘zal ifodasini o‘zida aks ettirmagan, tasavvurni boyitishga xizmat qilmagan bo‘lar edi. Qolaversa, ishonish mumkin bo‘lgan o‘xshatish sifatida otaning rostan ustoz bilan tengligini ifodalab qo‘ygan bo‘lardi. Vaholanki, otaning ustozdan ustun ekani bu – shartsiz refleks. Demak, aynan “otangdan ulug‘” deb ta’kidlanishi ta’kidlanmishning mubolag‘ali badiiy shaklini keltirib chiqaradi...
Biz mulohaza yuritishdan tolmaymiz, fikrlashdan to‘xtashni istamaymiz. Va bu mulohazalarimiz o‘quvchilarga ham yuqishini, ularning-da tafakkur qiynog‘idan bedor bo‘lishini, buning mahsuli faqatgina yurtiga, xalqiga naf keltirishini xohlaymiz.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu yilning nomidan, “ilm-ma’rifat” yo‘lidagi yillik dasturdan muhim vazifalar, katta natijalar kutamiz.
Sadoqat JO‘RAYEVA, Shayxontohur tumanidagi 92-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi