Qalbida vatan ishqi buyuk bo‘lgan zot
Kecha shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligi munosabati bilan Respublika Bolalar kutubxonasida “Bobur — qalbida vatan ishqi buyuk bo‘lgan zot” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Yunusobod tumanidagi 63-, Yashnabod tumanidagi 231-, Shayhontoxur tumanidagi 82-maktab o‘quvchilari Bobur ijodiga oid ruboiy va g‘azallarni yoddan aytishdi, shoir shaxsi va ijodi haqida atroflicha ma’lumot berdi. Yashnabod tumanidagi 61-maktabning “Kapriz” raqs guruhi o‘z chiqishlarini namoyish etishdi.
Sinf rahbarligimdagi 4- “V” sinf o‘quvchilariga bu tadbir haqida aytishim bilan bolalarda katta qiziqish uyg‘ondi. Bugun ularning ba’zilarida adashish kuzatildi. Bunga bir tomondan hayajon, boshqa tomondan shoir tilining bugungi kun o‘zbek tilidan biroz farq qilishi sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Aminmanki, shu kabi tadbirlarda o‘quvchilar ko‘pchilik orasida o‘zini qanday tutishini o‘rganadilar, nutq madaniyati esa yanada shakllanadi, — deydi 63-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulandon Egamberdiyeva.
Shoh va shoir Muhammad Bobur hayotiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishini 231-maktabning 7-10 sinf o‘quvchilari namoyish etdi.
Boburga atab o‘tkazilgan tadbir nafaqat yoshlarni g‘azalxonlikka, she’riyatga, balki ulardagi qobiliyatlarni ochib berishga ham xizmat qiladi. Kutubxonamizdagi 200000 dan ortiq kitoblar 1-sinfdan tortib, 11-sinf o‘quvchilarining yoshlariga muvofiq to‘plangan. Bu yerda ular o‘zlarini qiziqtirgan sohaga doir kitoblarni topishlari mumkin, — deydi kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Hayitboyeva.
Tadbir yakunida Shayhontoxur tumani 82-maktabning 7-“A” sinf o‘quvchisi Omonbek Jo‘rabekov tomonidan aytilgan monolog barcha mehmonlarga birdek manzur bo‘ldi.
Elshod Salimov