Tarbiya biz uchun...
Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi asosida uzoq yillar davomida ta’lim tizimida o‘qitilib kelayotgan “Odobnoma”, “Vatan tuyg‘usi”, “Milliy istiqlol g‘oyasi”, “Ma’naviyat asoslari”, “Dunyo dinlari tarixi” fanlari birlashtirilgan holda “Tarbiya” fanining joriy etilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Xususan, bu fandan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish, DTS ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhlar allaqachon o‘z faoliyatini boshlagan.
Yigirma yilga yaqin vaqt mobaynida aynan yuqoridagi fanlardan dars bergan o‘qituvchi sifatida shu yo‘nalishda ayrim takliflarim bor.
Avvalambor, “Tarbiya” fani yoshlarni tarbiyalashda balandparvoz g‘oyalardan xoli bo‘lishi kerak. Bu borada badiiy adabiyotlar, milliy, diniy manbalardan unumli foydalanish zarur. Darslarda amaliy mashg‘ulotlarga ko‘proq e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, bu fandan dars beruvchi o‘qituvchilar jamiyatda o‘z o‘rniga ega, chuqur bilimli, yuksak fazilatli bo‘lishi talab etiladi. Chunki tarbiyachining o‘zi namuna bo‘lishi, o‘rnak ko‘rsatishi muhimdir. Yana bir muhim masala, yaratilgan mezonlarni bosqichma-bosqich tajriba-sinovdan o‘tkazish va keng jamoatchiilik fikrini inobatga olish kerak. Tarbiya borasida yuzaga kelayotgan bo‘shliqlarning o‘rnini to‘ldirish va jamiyatda komil fuqarolarni tarbiyalash asosiy mezon bo‘lishi lozim. Tarbiyadagi kamchiliklarni ustoz-shogirdga, tengdosh-tengdoshga tamoyillari orqali bartaraf etish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Balandparvoz, juda kuchli talab qo‘yiladigan mafkuralarni singdirishdan, o‘quvchilar me’dasiga tegadigan usullardan qochish kerak. Inson tabiati, ruhiyatiga mos mingyillik nodir ma’naviy merosimiz, an’analarimiz va qadriyatlarimiz uyg‘unligida ta’sir ko‘rsatish konsepsiyaning hayotiyligi, ta’sir kuchini yanada oshiradi.
Shokir BOLTAYEV, Boysun tumanidagi 6-maktab direktorining o‘rinbosari