“Men eshitgan ertaklar”ning g‘oliblari saralandi
Respublika bolalar kutubxonasida “Men eshitgan ertaklar” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov Xalq ta’limi vazirligi, Respublika bolalar kutubxonasi tashabbusi bilan yosh avlodning xalq og‘zaki ijodiga nisbatan qiziqishini shakllantirish, ularda og‘zaki va yozma ijodni yuksaltirishga ko‘maklashish, intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida umumta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida 2019-yilning dekabr oyidan 2020-yilning yanvarigacha tashkil etildi. Tanlovga 3000 ga yaqin ijodiy ishlar topshirilgan bo‘lib, ular uch bosqichda saralandi.
Tadbirni bolalar yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev o‘zining samimiy tilaklari, fikrlari bilan ochib berdi. “Gulxan” jurnali mas’ul kotibi Muhabbat Hamedova 90 yildan beri bolalar uchun xizmat qilayotgan ushbu jurnalda tanlovga taqdim etilgan eng yaxshi ijod namunalari chop etilishini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, “Bolalar adabiyoti” jurnalida ham eng mazmunli ertaklar nashr etiladi.
— Barcha ishtirokchilarni kelajakda bundan-da katta yutuqlarga erishishlariga ruhlantirish maqsadida “Eng yosh ertak muallifi”, “Tabiatni sevishga undovchi ertak muallifi”, “Eng ibratli ertak muallifi”, “Vatanni madh etuvchi ertak muallifi”, “Sehrli ertaklar muallifi”, “Do‘stlikni targ‘ib qiluvchi ertak muallifi”, “Qadriyatni targ‘ib qiluvchi ertak muallifi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha 50 nafar rag‘batlantiruvchi o‘rin egalariga diplom topshirdik”, — deydi Respublika bolalar kutubxonasi axborot resurs markazlariga uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Sherali Normatov.
Umumiy hisobda 60 nafar ishtirokchi mukofotlangan bo‘lib asosiy g‘oliblikni quyidagi o‘quvchilar qo‘lga kiritdi:
1-o‘rin — Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi 15-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Yorqinjon Hayitboyevning “Oltin ketmon” she’riy ertagi uchun;
2-o‘rin — Jizzax viloyati Jizzax shahridagi 23-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Muxlisa Toshpo‘latovaning “Quyosh haqida”gi ertagi uchun;
3-o‘rin — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiyatosh tumanidagi 3-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Sug‘diyona Yusupovaning “Alif bobo” ertagi uchun.
G‘oliblar hamkor tashkilotlarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Maftuna XOSHIMJONOVA