O‘qituvchi ayollar taqdirlandi
O‘zbekiston milliy akademik drama teatrida “Ayollari qadr topgan yurt” nomli madaniy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan tashkillashtirilgan mazkur tadbirda ilm-fan, ta’lim tizimida samarali mehnat qilayotgan pedagoglar, faxriylar, Toshkent shahar va Toshkent viloyati tuman va shahar kengashlari raislari, O‘zbekiston fanlar akademiyasi, tegishli vazirlik va idoralarning vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, avvalgi yillardan farqli o‘laroq ta’lim tizimida xizmat qilayotgan pedagoglar bilan bir qatorda texnik xodimlar, shu jumladan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlarga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov tadbirni ochib berar ekan mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor nechog‘lik ekanini rahbarlik lavozimlariga tayinlanayotgan ayollar safining kengayib borayotganidan ham ko‘rish mumkinligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir davomida ilm-fan sohasida samarali faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning bir guruhiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
— 32 yildan buyon o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanaman, – deydi Ohangaron tumanidagi 10-maktab o‘qituvchisi Malohat Turchayeva. — Shu bilan birgalikda 20 yildirki, kasaba uyushmasi faoliyatida ish yuritib kelyapman. Nafaqat o‘quvchilar, balki butun maktab jamoasi bilan ish olib boraman. Ularning muammolarini eshitib, imkon boricha yordam berishga harakat qilaman. “Eng faol kasaba uyushmasi” ko‘rik-tanlovining tuman va viloyat bosqichlarida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edim. Ayni dam xotin-qizlar bayrami arafasida mehnatlarimning e’tirof etilishi menga yanada ko‘proq shijoat va g‘ayrat baxsh etdi.
Madaniy-ma’rifiy kecha so‘ngida yig‘ilganlarga “Iymon” nomli spektakl namoyish etildi.
Charos YOQUBOVA