O‘z nodonligimizni o‘zbek tiliga to‘nkamaylik...
Tilimizdan fors-tojik va arab so‘zlarini ayirish bir go‘zal til imoratini naqshlardan tozalash bilan barobardek. Biz qardosh xalqlar bilan uzoq vaqt et-tirnoq yashadik, bir-birimizdan oziqlandik. Aslida, tilning kambag‘al yoki boyligini xalqning tafakkur darajasi belgilaydi.
Masalan, rus xalqi bizdan “серга” (sirg‘a), “бахча” (bog‘cha), “арык” (ariq), “очаг” (o‘choq), “караул” (qorovul), “камыш” (qamish), “аркан” (arqon), “капкан” (qopqon), “есаул” (yasovul), “беркут” (burgut) kabi o‘nlab, yuzlab so‘zlarni o‘zlashtirib kambag‘al bo‘lib qolgan emas-ku. Hatto biz rus kalomi deb o‘ylaydigan “stakan” ham turkiycha o‘zlashma bo‘lib, eski o‘zbek tilidagi “tustag‘on” — qimiz va may ichadigan yog‘och idishdan olinganini bilmaymiz.
Navoiy ko‘plab asarlarini turkiyda yozgani uning fors tilini yaxshi bilmagani uchun emas, balki turkiy til jilvalarini forsiydan teranroq anglagani uchundir. Demak, kambag‘allik bizning ongimizda, fikrimizda. Ba’zan bir jumlaga o‘zbekcha so‘z topolmay, osongina boshqa til so‘z boyligidan foydalanish — so‘zni nobud qilishning o‘zi. Chunki ishqalangan tanga yaraqlaydi. Qodiriy bobo bir zamonlar barcha tillar qo‘shni tillardan “qarz” olishini, busiz jumlayi ma’no shirasiz va quruq chiqishini ta’kidlab: “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, deya qayg‘urgan edi.
Jon saqlab qolgan har bir turkiy so‘z zamirida xalqning e’tibori, mas’uliyati, kuchi bor. Asrlar tog‘ni tolqon qiladi, ammo so‘zni emas. Turkiy bobomiz Bilga xoqon bitiktoshida: “Bing yiliq tuman kunluk bitigimin, balgumin bunta yasi tashqa yaratdim, tolqu tashqa toqutdim”, deya bitgan. Ma’nosi: “Ming yillik, tuman kunlik yozuvimni, belgimni bu yerda yassi toshga o‘yishga buyurdim”. Toshlar yemirildi, tirik qolgan so‘zlar yashadi.
Bugun bizdan talab etilayotgani shuki, so‘zimizni, bitigimizni o‘z tilimizda aytaylik, yozaylik. So‘zshunosda, savdogarda, hatto aravakashda ham shu mas’uliyat bo‘lsin.
Latofat TO‘RAYEVA, Kitob tumanidagi 20-maktab o‘qituvchisi