Jasoratli yoshlarni tarbiyalaymiz
Maktabimizda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va kasbga yo‘naltirish maqsadida darsdan keyingi to‘garak mashg‘ulotlariga katta e’tibor qaratilyapti.
2013-yildan buyon yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, harbiy kasblarga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida faoliyat yuritib kelayotgan “Jasorat” to‘garagi o‘quvchilarimizning bir maqsad yo‘lida birlashib harakat qilishlariga hissa qo‘shmoqda. Bunda to‘garaklar koordinatori Mudofaa vazirligi faxriylar kengashi raisi o‘rinbosari polkovnik Erkin Talbabayev hamda maktabimiz direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Munira Yusupovaning ko‘magi qo‘l kelyapti.
Ayni kunlarda to‘garagimiz a’zolari 250 nafarga yetdi. Mashg‘ulotlarda o‘quvchilar boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik, tarixiy-adabiy, tibbiyot, sport-sog‘lomlashtirish, badiiy-musiqiy yo‘nalishlarda o‘quvchilar qo‘shimcha ta’lim olyapti. Kuni kecha to‘garagimiz a’zolari O‘zbekiston Qurolli Kuchlari muzeyida sobiq sovet harbiy qo‘shinlari safida Afg‘on urushida qatnashib, halok bo‘lgan yurtimiz o‘g‘lonlari xotirasiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etishdi. Unda o‘quvchilarimiz o‘zlarining badiiy chiqishlarini namoyish etdilar. To‘garagimiz rejasidan o‘rin olgan bunday uchrashuv, tadbirlar o‘g‘il-qizlarda el-yurt ravnaqi yo‘lida kerakli inson bo‘lish istagi, vatan ertasiga daxldorlik tuyg‘ulari shakllanishiga turtki beradi.
Sayyora SOBIROVA, Sirg‘ali tumanidagi 300-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi