Ilk qadam
Bo‘stonliq tumanidagi 20-umumta’lim maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Shoista Bobojonova “Tabiiy fanlar” oyligi doirasida fasllar kelinchagi bo‘lmish “Bahor” mavzusida 1-“B” sinf o‘quvchilariga ochiq dars tashkil etdi. Unda bolalarga “Qizil kitob”ga kiritilgan yo‘qolib ketish arafasida turgan qushlar va hayvonlar, tabiatimizning ajralmas qismi bo‘lgan daraxtlar, gullardan misollar keltirildi va ularning yo‘qolib ketish sabablari yoritildi. Qanday qilsak, biz ularni saqlab qolamiz, degan savollarga yetarlicha javoblar berildi. Bunday darslar kelgusi avlodda tabiatga bo‘lgan muhabbat hissini uyg‘otishdagi ilk qadamdir.
Dars jarayonida Shoista Bobojonova o‘quvchilarni tabiatni sevishga, undan zavqlanishga, tabiat boyliklarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga chorladi. Ochiq dars turli xil interfaol metodlardan foydalanib, qiziqarli tashkil etildi. Darsda bolalar tomonidan namoyish etilgan “Ona tabiat” mavzusidagi kichik sahna ko‘rinishida bugungi kundagi global muammolar yoritib berildi. Dars so‘ngida “Bahor keldi” mavzusida rasmlar tanlovi o‘tkazildi. Bu suratlarda yosh qalamkashlarning tabiaga bo‘lgan hurmati cheksiz ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Darsda faol ishtirok etgan o‘quvchilarga tabiat haqidagi kitoblar taqdim etildi.
Umarbek O‘ZBEKOV