Bolalar bor-u, bolalik yo‘q
G‘afur G‘ulom nomini eshitganimiz zahoti xayolimizda uning “Shum bola” qissasi, bu asar asosida ishlangan film va hayot qiyinchiliklari bilan kurashayotgan o‘sha bolakay — Qoravoy gavdalanadi.
“Shum bola” qissasini o‘qiganimizda yoki badiiy filmini tomosha qilganimizda har gal o‘spirin bolaning zukkoligi, olg‘irligi-yu topqirligi, sho‘x-shaddodligini ko‘rib zavqlanamiz, hayratlanamiz. Garchi yolg‘onchiligi, shumliklari odob-axloq qoidalariga zid bo‘lsa-da, mutolaa davomida unga xayrixoh bo‘lamiz. Sababi, asarda shum bola o‘zidan-da shumroq, o‘zidan-da olg‘irroq hayot bilan yuzma-yuz keladi, ta’bir joiz bo‘lsa, kurashga kirishadi.
Yaqinda internet orqali jahon adabiyotiga taalluqli ma’lumotlarni o‘qiyotib, bir qiziq faktga duch keldim. Unda G‘afur G‘ulom asari qahramoni singari mashaqqatli hayot tarzini yashab o‘tgan “Shum bola”ning oshnalari — o‘z uyiga sig‘masdan aqlini ko‘chada tanigan, hayot sinovlarida toblangan bolalar haqida so‘z yuritilgan ekan.
Masalan, Jorjetta Gegen-Dreyfyusning “Kichkina Jak” asarini olaylik. U Parij yaqinida tug‘ilib o‘sgan bolakay haqidagi qissa. Uning otasi ishsiz qolib, katta oilasini boqishga qiynaladi. Natijada Jak Parijga qochib ketadi. Bu shaharda ko‘plab sarguzashtlarni boshidan o‘tkazib, uyiga qaytadi.
Aleks Veddingning “Temir buqacha” asarida esa 11 yoshli qishloq bolasi Te Nyu — Temir buqacha Pekin shahriga keladi va tajribasizligi tufayli ilk kundanoq firibgarlardan pand yeydi. Ancha payt bezorilik bilan kun kechirgan bolakay tayinli boshpanaga ega bo‘lgach, hayotida yangi davr boshlanadi.
Yana bir mashhur yozuvchi Frensis Bret Hartning “Dashtda topilgan bola” asari ham ayni shu mavzuda. O‘n bir yoshli Klarens begona oilada o‘sib-ulg‘ayadi va ota-onasi haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmaydi. Haqiqatni bilgach, mustaqil ravishda yaqinlarini izlab topishga urinadi. U butun mamlakat bo‘ylab mashaqqatli va qaltis yo‘lga chiqadi, tabiiyki, safar davomida kutilmagan voqealarga duch keladi.
Mazkur asarlar qahramonlarining hayoti tasvirlangan davr “Shum bola”dagi davr bilan deyarli bir vaqtga to‘g‘ri keladi. Voqealar dunyoning turli mintaqalarida bo‘lib o‘tsa-da, qiyinchiliklar, sinovlar, qismatlar bir-biriga o‘xshash, biri-biridan og‘ir va mashaqqatli. Ushbu asarlar bilan yaqindan tanishgan inson o‘sha davr dunyo bolalalarining hayoti, taqdiri naqadar o‘xshashligini teran anglaydi.
Dunyo yozuvchilari qatorida atoqli adib G‘afur G‘ulom ham o‘z qissasida shum bola nigohi bilan bolalarning o‘smirlik davrini kuzatarkan, unga tahliliy nazar tashlab, fojialar ildizini ochishga intiladi.
Jumladan, Shum bola o‘zi va o‘rtoqlari haqida aytadi: “Ertadan-kech ko‘cha changitib, hammaning joniga tegib, kampirlardan qarg‘ish eshitib, o‘spirinlardan kaltak yeb, sandiroqlab yuradigan uvin-to‘da bekorchi bolalarmiz”. Bu fikrlardan ayon bo‘lyaptiki, mustaqil hayot ostonasida turgan, hozirdan katta hayotga tayyorlanishi kerak bo‘lgan 15–17 yoshli o‘smirlar o‘qib-o‘rganishi kerak bo‘lgan bir paytda bekorchilikka mahkum.
Qashshoqlik inson tinkasini quritadigan og‘ir sinov. U hech kimni ayab o‘tirmaydi. Bunday vaqtlarda bolalikning oltin davri bo‘lmaydi. Murg‘ak qalblar erta ulg‘ayadi. Har qadamda hayotning beshafqat sinovlariga duchor bo‘ladi. Masalan, “Shum bola” asaridagi Omon obrazini olaylik. Bu yoshgina bolaning xayolida halitdan qanday fikrlar g‘ujg‘on urayotganiga e’tibor bering-a! U qo‘yini yo‘qotib qo‘ygan vaqti Qoravoydan achchiqlanib, men uyga quruq qo‘l bilan so‘ppayib kirib borishga uyalaman, mahallada falonchining bolasi shuncha vaqt ishlab shumshayib qaytib kelibdi degan gap-so‘zlardan orlanaman, deydi. Ha, mana shu yerda o‘sha davr bolalarining musibati yanada aniqroq bo‘y ko‘rsatadi.
Asardagi bolalar ayni o‘qib-o‘rganishi kerak bo‘lgan bir davrda ro‘zg‘or tashvishlari bilan andarmon. Go‘yo hayot bor og‘irligini ularning nozik yelkalariga tashlab qo‘ygandek. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu asar tasvirlangan davrda bolalar bo‘lgan-u, bolalik bo‘lmagan.
Diyora JALILOVA, Zangiota tumanidagi 36-maktab o‘qituvchisi,
Chirchiq DPI 3-kurs talabasi