Sinfdan tashqari o‘qishni to‘g‘ri tashkillashtiraylik
Badiiy asarni mutolaa qilish endigina savod chiqargan bolalar uchun ham zavqli mashg‘ulot. Kitob tanlashda, avvalo, uning o‘quvchi uchun zerikarli bo‘lmasligiga e’tibor beriladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari taqlid qilishga moyil va ta’sirchanligi yuqori bo‘ladi. Sinfdan tashqari o‘qish uchun mavzu tanlashda o‘qituvchi bunga e’tibor berishi kerak.
Sinfdan tashqari o‘qishni muntazam olib borish o‘quvchilarda insoniy fazilatlar, go‘zal axloq va ijobiy xarakterni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Nutq madaniyatini shakllantirish, fikrlarini ravon va mantiqan to‘g‘ri, mazmunli va ifodali bayon etishga odatlantirish, dunyoqarashini kengaytirishda sinfdan tashqari o‘qishning ahamiyati katta. Muntazam mutolaasiz ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish va o‘quvchilarning ijodiy tafakkurini o‘stirish mumkin emas.
Kichik sinflarda matnni avval o‘qituvchi namunali o‘qib beradi. Badiiy asarni grammatik qonun-qoidalarga rioya qilib o‘qish orqali o‘qituvchi asarning poetik va badiiy xususiyatlarini ochib beradi.
Boshlang‘ich sinfda o‘quvchilarni ifodali o‘qishga o‘rgatish o‘qituvchidan katta mahorat talab qiladi. Buning uchun o‘qituvchi nutq texnikasini bilishi, o‘quvchilarni nutq vositalariga oid texnik mashqlar bilan muntazam shug‘ullantirib borishi maqsadga muvofiq.
Ifodali o‘qish jarayonida nafas, ovoz va nutq a’zolari faol ishtirok etadi.
Chunki matnni o‘qiyotganda o‘quvchining noto‘g‘ri nafas olishi o‘rinsiz pauzalar qilishiga olib keladi. Buning oqibatida o‘qilayotgan matn mantiqan buziladi, muallif maqsadi o‘quvchiga to‘g‘ri yetib bormaydi. Fikr tushunarsiz bo‘lib qoladi. Nutq vositalariga oid mashqlar usuli juda keng ko‘lamli bo‘lib, sinfdan tashqari o‘qishni tashkil etishdan oldin nafas, ovoz, intonatsiyaga oid mashqlar o‘tkazish o‘quvchilarda uchraydigan nutq a’zolari bilan bog‘liq kamchiliklarni tuzatishda samarali yordam beradi. Nafas mashqining quyidagi turlarini o‘quvchilar sevib bajaradilar:
Dastlabki holat — gavda to‘g‘ri tutilib, oyoq tovonlari bir-biridan yelka kengligida ochiladi. Qo‘llar oldinga cho‘ziladi. Bir deganda tovon ko‘tarilib panja uchida turiladi. Qo‘llar ikki yonga ochiladi. Burun orqali chuqur nafas olinadi. Ikki deganda dastlabki holatga qaytadi va og‘izdan nafas chiqariladi.Yoki o‘quvchilar burundan chuqur nafas olib ichlarida 1 dan 10 gacha sanaydi va og‘izdan nafas chiqariladi.
Lab, til, jag‘ mashqlari juda sodda, lekin o‘quvchilar uchun qiziqarli. Bularga labni cho‘chchaytirish, tilni aylantirish, jag‘ni aylantirish kabilar kiradi. Nutq tovushlarining talaffuz me’yorini o‘rgatishda unli tovushlar aniq-ravshan, urg‘u bilan aytiladi. Boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari o‘qish uchun tanlangan matnni o‘qishdan oldin quyidagi talaffuz mashqlarni bajarish o‘rinlidir:
• unli tovushlar mashqi:
A–O–I–U–O‘–E.
• undosh tovushlar mashqi:
P–B, K–G, T–D, S–Z.
• undosh tovushlarga unli tovushlarni qo‘shib, bo‘g‘in hosil qilish:
RI–RE–RA–RO–RO‘–RU–RI.
• qo‘sh undoshli bo‘g‘inlar tashkil etish:
FISSI, KEPPE, SARRA, GOBBO, SO‘ZZO‘, BUFFU.
• takrorlanuvchi undoshli bo‘g‘inlar:
TURP, KSERKS, KNEG, KENG, DRAPP, DRRR.
Undoshlar mashqini o‘tkazish jarayonida nafas va ovozga ham e’tibor beriladi, undoshlar o‘zaro bog‘lab talaffuz etiladi. Tezaytishlar ham bolani to‘gri talaffuzga o‘rgatadi.
Urg‘u ifodali o‘qishning asosiy vositalaridan biri bo‘lib, u ta’kidlash, alohida e’tibor qaratish uchun xizmat qiladi. Urg‘u so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz etishga, ma’noni to‘g‘ri va to‘la anglashga yordam beradi. Ma’lumki, urg‘u ilmiy adabiyotlarda leksik urg‘u, dinamik, ritmik urg‘u, mantiqiy urg‘u, an’anaviy urg‘u, psixologik urg‘u kabi bir necha turga bo‘lib o‘rganiladi. O‘qituvchi namunali o‘qishda urg‘uning barcha turlariga e’tibor berib o‘qiydi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga esa soddaroq tarzda, so‘z urg‘usi tushgan bo‘g‘indagi unli shu so‘zning boshqa bo‘g‘inlariga qaraganda kuchliroq, cho‘ziqroq talaffuz etilishi haqida tushuntiriladi. Boshlang‘ich sinflarda asarni qayta hikoyalashga, ayniqsa, katta ahamiyat berish kerak. Chunki qayta hikoya qilib berish orqali o‘quvchilarning asar voqealarini ketma-ketlikda bayon etish ko‘nikmasi va so‘z boyligi oshib boradi. Asarga, uning qahramonlariga munosabat bildirishi, voqea va xatti-harakatlarni tahlil qilishi orqali o‘quvchilarning mustaqil fikri, ijodiy tafakkuri kengayib boradi.
Sohibaxon MAHMUDOVA, Uchko‘prik tumanidagi 17-maktab direktori