Ijod maktabidan Navro’z bayrami
14-mart kuni Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan “Assalom, Navro‘z!” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir milliy an’analar asosida teatrlashtirilgan holda tashkil qilindi. Chor-atrof so‘zana, milliy bezaklar, adras matolar bilan bayramona ruhda bezatilgan. Bundan tashqari ko‘k somsa, halim, sumalak va boshqa bir qator milliy taomlar pishirilgan. Tadbir ajoyib tarzda jarchilar tomonidan ochib berildi. 5–8-sinf o‘quvchilari tomonidan tayyorlandan ajoyib chiqishlar yig‘ilganlarga ajoyib bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Ayniqsa 8-sinf qizlarining “Lazgi” raqsi, 7-sinf yigit va qizlarining esa surxoncha raqslari tomoshabinlarga xush kayfiyat ulashdi. 6-sinf qizlari tomonidan ijro etilgan “Boychechak”, “Chittigul” kabi laparlar yosh avlodning milliy ashulalarga hurmati yuqori ekanligining yana bir bor isboti bo‘ldi.
Milliy an’analar asosida tashkil etilgan tadbirda Rahimboy Jumaniyozov, Saodat Meliqo‘ziyeva va Navoiy viloyatining bir qator deputatlari ham ishtirok etishdi. Tadbir so‘nggida Navoiy viloyati deputatlari tomonidan maktab kutubxonasiga qimmatbaho kitoblar taqdim etildi.
Umarbek O‘ZBEKOV