Mehrsiz yashay olmas odam bolasi
Qariyalar bilan suhbatlashganda taskin topasan, ko‘ngling ko‘tariladi. Mushkul yumushlarni bajarayotib, uyingizdagi ana shu nuroniy siymolarni eslasangiz, albatta, kuchingizga kuch, g‘ayratingizga g‘ayrat qo‘shiladi.
Ota-ona oy bilan quyosh, farzandlar esa yulduzlar! Qatrada quyosh aks etganidek, farzandlar istiqbolini ham ota-ona mehri oftobi yoritib turadi. Birinchi ustoz, birinchi murabbiy, birinchi nasihatgo‘y bu ota-ona — tabarruk keksalarimiz hisoblanadi.
Quyosh nuridek saxovatli, to‘lin oydek yorug‘, asaldek asil, buloq suvidek musaffo, dengiz to‘lqinlaridan ham qudratli bo‘lgan ota-onalarimizning mehr-shafqati, saxovatining mezoni yo‘q.
Inson bolasi ota-ona mehrisiz yashay olmaydi. Ota-ona har birimiz uchun eng aziz, eng mo‘tabar va eng ulug‘ zot. Dunyoga kelgan kuningdanoq boshing ustida parvona bo‘ladigan oliy zot bu ota-ona. Qanchadan qancha tunlarni mijja qoqmay o‘tkazgan onaning yoqimli chehrasini, quyoshdan ham haroratli va momiqdan ham mayin qo‘llarini unutish mumkinmi axir?!
— Bir voqea hali-hali esimda, — deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan agronom, to‘qson yoshni qarshilayotgan Murodulla bobo Boboyev. — Ko‘rpa qavib o‘tirgan enam bilan ammam ayvon tokchasida ko‘rinib turgan qaychini olib kelishimni buyurishdi. Tokchaga bo‘yim yetmasdi.
— Cho‘z, bo‘yningni, cho‘z! Ana yetay deb qoldi, — deb qiziqtirishardi ular. Bo‘yimni cho‘za-cho‘za murg‘ak oyoqlarimni devorga tirab, amallab qaychini oldim. Sevinib ketgan edim. Rahmatli enam esa:
— Ana, o‘g‘limning qo‘li tokchaga yetdi, bolam katta bo‘lib qoldi. Ana, toychog‘im qaychi keltirib berdi, dastyor bo‘lib qoldi, — deb erkalagandi.
— Kel, o‘g‘lim, bir achom qilaylik, — deb enam va ammam galma-gal bag‘irlariga bosib, u yuzimdan, bu yuzimdan o‘pgandilar.
Yoshim to‘qsonga borgan bo‘lsa ham bu betakror lahzani hech esimdan chiqarmayman. Enamning mehribonliklarini eslab, hali-hali quvonaman. Avvallari buni bir erkalash deb o‘ylab yurardim. Keyin tushunsam, bu mehnatga, yashashga mehr uyg‘otishning bir usuli ekan.
Donolar ota-ona qadrini, izzat-hurmatini ular hayot vaqtida bajo keltir, so‘ng pushaymon bo‘lmaysan, deydilar. Shayx Sa’diy marhum otasini eslab, mehrsiz yashay olmasligini quyidagicha yozgan edi:
Ul damki, boshimda otam bor edi,
Boshim uzra tojim-jig‘am bor edi.
Ma’murjon QIYOMOV