Ismaloq
(“So‘zning tug‘ilishi” turkumidan)
— Isming nima?
— Ismaloq.
— Oting nima?
— Otquloq.
(Bolalikdagi aytishuvlardan)
Bolaligimizda bahorning sevimli taomlaridan biri ismaloq somsa edi. 70-yillarda qishloqda qisqa muddatli ismaloq terish mavsumi bo‘lar, o‘sha davrda hovlidan, dalalardan biz — bolalar ismaloq terardik, mavsum o‘tgach, barglari qotgan ismaloqdan somsa qilib bo‘lmasdi. Albatta, multfilm qahramoni dengizchi Popayday ismaloqxo‘r bo‘lmaganmiz, lekin erta bahorning “ilik uzildi” kunlari vitaminga boy ismaloq organizm uchun ayni muddao bo‘lgan.
Xo‘sh, nega bu ko‘katning ismi ismaloq?
Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida “ismaloq” so‘zi uchramaydi, ammo bir o‘rinda “Devon”da: “bustuli — Rum ismalog‘i, buni yeyiladi”, deb izohlangan (DLT, 1-t., 421-bet. T.1960). Demak, qadimgi turk tillarida ismaloqning bir turiga nisbatan “bustuli” so‘zi qo‘llanilgan.
“Ismaloq” ingliz tilida “spinach”, fransuz tilida “épinard”(talaffuzi: epinag‘), rus tilida “шпинат” deyiladi. Fransuz tilining izohli lug‘ati “Le petit Robert”da yozilishicha, “épinard” eski fransuz tilida (XIII asr): “espinarde”, “espinache”, “espinoch” shakllarida yozilgan. “The English etymological dictionary”ga ko‘ra, inglizcha “spinach” aynan o‘sha eski fransuzcha “espinache”ga, “espinache” esa kataloncha “espinac”ga (talaffuzi: “espinak”, ispancha: “espinaca”), “espinac” – Andalusiya arablari tilidagi “isbinâkh”ga, “isbinâkh” esa, o‘z navbatida, forscha “isfanoj” ga borib taqaladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, XI asrda bu ko‘kat turi Andalusiyaga (Musulmon Ispaniyasi, hozirgi Ispaniya janubidagi hudud) arablar tomonidan olib kelingan va XII asrda yashagan andalusiyalik olim Ibn al-Avom tomonidan u “sabzavotlarning sardori” (“rais ul-buqul”) deb ta’riflangan ekan. Arablar uni “al-isfanaax” yoki “as-sabanix” yoki deb atagan. Ammo arab tilida to‘rt harfli yoki fe’llar yo‘q, to‘rt va undan ko‘p harfli so‘zlar arab tiliga boshqa tillardan o‘zlashgan hisoblanadi. “As-sabanix” ham to‘rt harfli bo‘lib, bu ham uning arabcha emas, boshqa tildan o‘zlashganini tasdiqlaydi. Fransuzcha “Larousse” lug‘atida ismaloqning asil kelib chiqishi Markaziy Osiyo ekanligi, bu o‘simlik dastlab Eron va unga qo‘shni hududlarda madaniylashtirilgani aytiladi.
Rossiyaga esa bu ko‘kat ancha kech — XVIII asrda kirib keladi. Dastlab u rus zodagonlari dasturxonida Olmoniyadan kelgan tanqis taom sifatida paydo bo‘lib, nomi ham olmoncha — “spinat” deyiladi. “Этимологический словарь русского языка” lug‘ati muallifi M.Fasmerga ko‘ra, olmoncha “spinat” o‘z navbatida o‘rta lotin tilidagi “srinaseus” so‘zidan kelib chiqqan. “Lotincha “srinaseus” fors tilidan o‘zlashgan, deb ko‘p marta izohlangan” (“srinaseus, которое неоднократно толковали как преобразование перс. слова”), – deb yozadi M.Fasmer. Ya’ni M.Fasmer va boshqa ba’zi tilshunoslar lotincha “srinaseus”ning forscha “isfanoj”dan o‘zlashganiga biroz shubha bilan qaraydi. Ismaloqning Ovro‘podagi nomlari forscha emas, balki lotincha “spina” (umurtqa pog‘onasi, orqa) o‘zagiga borib taqaladi, degan qarash ham mavjud (lotincha ilmiy nomlanishi: “spinacia oleracea”). Ammo ko‘pchilik mutaxassislar o‘rta lotin tiliga ham bu so‘z forschadan o‘tgan, faqat Ispaniya orqali emas, X asrda O‘rta yer dengizi hududi xalqlari, xususan, arablar (sarasinlar) va ovro‘poliklar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘rta lotin tiliga o‘zlashgan deb hisoblaydi.
Hozirgi tojik tilida ismaloq — “ispanoq, ispanog‘, isfanoch” shakllarida yoziladi va talaffuz qilinadi (Русско-таджикский словарь. Moskva.1985.1221-bet). Tojikistonlik tadqiqotchi G.Mirsaminova forscha “isfanoj”ning arxaik ko‘rinishi “isfanoq” bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi. Ammo eski fors tilida “q” tovushi bo‘lmaganligi, “q” tovushi mavjud so‘zlar fors tiliga arab yo turk tillaridan o‘zlashgan so‘zlar bo‘lganligi uchun bu fikrni qo‘llab bo‘lmaydi, ehtimol, bu so‘zning arxaik ko‘rinishida “isfanoq” dagi “q” o‘rnida “-k”, “-g‘”, “-x” tovushlariga yaqin tovush bo‘lgandir. Ismaloqning forscha shakliga sanskritcha shu ma’nodagi “paalak”ning aloqasi bor-yo‘qligi haqida ma’lumot yo‘q. Ismaloqning forscha so‘z ekanligini quvvatlovchi yana bir ma’lumot — xitoy tilida qadimdan uning “fors ko‘kati” deb aytilishi hamdir.
Afsuski, “ismaloq” so‘zi Navoiy asarlarida yoki “Boburnoma”da uchramaydi. Eng ko‘hna turk tili lug‘atlaridan biri bo‘lmish “Kodeks Kumanikus”da “ismaloq” — “ispanaq” shaklida qayd etilgan. Shu o‘rinda kumanlar haqida ikki og‘iz so‘z: ma’lumki, kumanlar deb o‘rta asrlarda ovro‘poliklar tomonidan Qirim yarimorolida yashagan qipchoqlar, umuman, turkiy qavmlar, bugungi Qirim tatarlari ajdodlariga nisbatan aytilgan. “Kodeks Kumanikus”, ya’ni “Kuman tili lug‘ati” XIV asrda kumanlarning tilini o‘rganish maqsadida italyan va olmon missionerlari tomonidan tuzilgan. Kuman tilidagi “ispanaq” usmonli turkchasidagi “ispanak” va ko‘pgina bolqon xalqlari tillaridagi nomlar bilan mushtarak (bulg‘orcha: “spanak”; serb: spanaž; alban: spinaq va h.k.).
Alqissa, ushbu so‘z qaysi tilda ilk bor paydo bo‘lganligidan qat’i nazar, ta’kidlaganimizdek, etimologik jihatdan bir manbaga borib taqaladi. Asrlardan buyon ota-bobolarimiz bu ko‘katni “ismaloq” deb biladi, tilimizga bu nom shu shaklda o‘rnashgan. Fransuzcha lug‘atda ham qayd etilganidek, bu ko‘katning ham vatani Markaziy Osiyo, demakki, uning ilk nomi ham shu hududlarda paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Abduvohid HAYIT