Oqqan daryo oqaveradi
Xalqimizning shu naqli juda purma’no. Mazmuni ajdodlar va avlodlar o‘rtasidagi mushtaraklik bilan bog‘lanadi. Nega bunday deyayotganimni angladingiz chog‘i. O‘tmishimiz buyuk.
Zaminimizdan yetishib chiqqan daholar unga shunday ulug‘vorlik bag‘ishlagan. Hozir o‘sha buyuklarimiz nomini, ularning o‘z davrida amalga oshirgan ishlarini-yu, bizga qoldirgan madaniy merosini birin-ketin sanash fikridan yiroqman. Men aytmoqchi bo‘lgan gap boshqa...
Bugun o‘sha daryo qay holatda oqayotgani to‘g‘risida mulohazalarim bor. Ajdodlar nomi bilan faxrlanish — yaxshi tuyg‘u. Bu barcha xalqlarga ham nasib etmagan, nazarimda. Biroq bobolarga munosib voris bo‘lish-chi? Biz bunga nechog‘lik harakat qilyapmiz? Shu savol hammamizni, birinchi navbatda, ta’lim-tarbiya xodimlarini, shu soha mutasaddilarini o‘ylantirishi kerak.
Bolalarimizni bog‘cha yoshidan boshlab mutolaaga, ilm olishga qiziqtirishimiz lozim. Bunda ota-ona mas’uliyati alohida ahamiyatga ega. Oiladagi muhit farzand ongiga singib borishi va butun umri davomida unga hamroh bo‘lishi allaqachon isbotini topgan. Kitobdan, yaxshi xulqdan yiroq avlod bilan ajdodlarga munosib voris bo‘lish haqida o‘ylamasak ham bo‘ladi.
Yana takrorlayman: bunda mas’uliyat biz — muallimlar gardaniga ko‘proq yuklanadi. Shuni yaxshi his etsakkina, o‘sha o‘zanlarimiz yana to‘lib oqadi, sersuv daryoga aylanadi.
Sayyora MIRZAQULOVA, Yashnobod tumanidagi 215-maktab o‘qituvchisi